Rossiya dunyoni qo‘rqitmoqchi bo‘layotgan «iflos bomba» nima va bu xavf qanchalik katta?
So‘nggi kunlarda Ukraina «iflos bomba»ni qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rayotgani va bunda Rossiyani ayblamoqchi ekani haqida ko‘plab rossiyalik siyosatchilar va harbiylar gapirmoqda.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Turkiyadagi hamkasblariga, Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov esa Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i Entoni Radakin va AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milliga qo‘ng‘iroq qildi.
Dushanba kuni Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov brifing o‘tkazdi va unda voqealar rivoji qanday bo‘lishi mumkinligini bayon qildi.
Rossiya harbiylari da’vosiga ko‘ra, bombani tayyorlash uchun kerak bo‘lgan materiallarni Ukrainaning uchta atom elektr stansiyasidan, shuningdek, hozirda faoliyati to‘xtatilgan Chernobil atom elektr stansiyasidan, radioaktiv chiqindilarni utilizatsiya qilish joylaridan, kimyo va atom sanoati korxonalaridan olish mumkin.
«Shu bilan birga, Ukrainada ilmiy baza ham bor, bu – Xarkiv fizika-texnika instituti bo‘lib, uning olimlari SSSR yadro dasturida ishtirok etgan. Hozir u yerda turli eksperimental obektlar, shu jumladan «Uragan» termoyadro uskunasi ishlayapti. Bundan tashqari, Kiyevdagi Milliy fanlar akademiyasi qoshida Yadro tadqiqotlari instituti ham faoliyat yurityapti. U yerda yuqori faollikdagi radioaktiv materiallar yordamida VVR-M reaktorida tadqiqotlar olib borilmoqda», — dedi Kirillov.
Rossiyalik harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, «Ukrainaning ikki tashkiloti «iflos bomba»ni yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar olgan. Ishlar yakuniy bosqichda».
Mudofaa vazirligi o‘zidagi ma’lumotlarga havolalardan boshqa hech qanday dalilni keltirmadi.
BBC muxbiri Stiv Rozenbergning ushbu ayblovlarga dalillarni taqdim etish haqidagi so‘roviga Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin umumiy iboralar bilan javob qaytardi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina prezidenti Zelenskiy Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlagan 19 fevral kunidan boshlab, insoniyat Kiyev rejimining yadro quroliga ega bo‘lish istagini ko‘rib kelmoqda, o‘sha paytdayoq uning yadro quroliga ega bo‘lish ambitsiyalari ayon bo‘lgan edi».
Rossiya Ukrainani «iflos bomba» yaratishga urinishda birinchi marta ayblayotgani yo‘q. Masalan, fevral oyi oxirida rus armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, bu mavzu Rossiya matbuotida faol muhokama qilindi.
Ukrainada «iflos bomba» yoki hatto yadro quroli yaratilishi mumkinligi haqidagi maqolalar avval ham matbuotda paydo bo‘lgan. Masalan, 2014 yil 17 sentabrda «Izvestiya»da e’lon qilingan maqola «Ukraina 10 yil ichida yadroviy bomba yaratishi mumkin» deb nomlanadi, unda mutaxassislar «iflos bomba»ni ham muhokama qilishgan.
Ammo o‘sha paytda ham asosiy dalillar qandaydir maxfiy ma’lumotlarga havola yoki TV, matbuotda chiqish qilgan yoxud ijtimoiy tarmoqlarda postlar yozgan turli sharhlovchilarning so‘zlari edi.
Hozircha Ukrainada yadroviy yoki radiologik qurollar, shu jumladan «iflos bomba» paydo bo‘lgani haqidagi aniq dalillar e’lon qilinmadi.
Ukrainaning reaksiyasi
Ukraina «iflos bomba» yaratishga urinish haqidagi Rossiyaning ayblovlarini rad etdi.
«Birinchidan, Ukraina [Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi] shartnomaning sodiq a’zosi: bizda hech qanday «iflos bomba» yo‘q va unga ega bo‘lishni ham rejalashtirmayapmiz. Ikkinchidan, rossiyaliklar ko‘pincha o‘zlari rejalashtirayotgan narsada boshqalarni ayblaydilar», deb yozdi tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba 23 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqda.
24 oktyabr kuni Kuleba Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh kotibi Rafael Grossiga murojaat qilib, Rossiya tomonidan «iflos bomba» yaratilayotgan obektlar deb tavsiflangan joylarga zudlik bilan mutaxassislarni yuborishni so‘radi.
«U rozi bo‘ldi. Rossiyadan farqli o‘laroq, Ukraina shaffof bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Bizda yashiradigan hech narsa yo‘q», deb yozdi Kuleba ijtimoiy tarmoqda.
Shuningdek, Kuleba AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ham suhbat o‘tkazdi va rossiyaliklar Ukrainani o‘zlari ishlatmoqchi bo‘lgan taqiqlangan qurollardan foydalanganlikda ayblashi mumkinligini ta’kidladi.
«Iflos bomba» yadroviy qurolmi?
«Iflos bomba» radiologik qurolning bir turi, ommaviy qirg‘in qurolidir. Yadro qurollari kabi unda radioaktiv materiallardan foydalaniladi.
Biroq, yadroviy qurol atomlar yadrosining parchalanish energiyasidan foydalanadi, uning oqibatida halokatli zarba to‘lqini, elektromagnit impuls, yorug‘lik nurlanishi, radiatsiya va radioaktiv ifloslanish paydo bo‘ladi. Yadro quroli murakkab mexanizm bo‘lib, uni faqat bir necha davlatlar yarata oladi.
Radiologik qurollar faqat bitta zararli omildan foydalanadi – radioaktiv ifloslanish. Bunday qurollar radioaktiv moddalarni yer yuzasiga va atmosferaga tarqatadi, keyinchalik ular havo, suv va tuproqni ifloslantiradi.
Radiologik qurollar bir necha turda bo‘lishi mumkin, ba’zida ular yadroviy reaksiyadan foydalanadi va juda murakkab tuzilmaga ega. Ba’zi radiologik o‘q-dorilar nisbatan sodda. Masalan, radioaktiv moddani purkash uchun mo‘ljallangan moslama yoki «iflos bomba» shunday qurol vazifasini bajarishi mumkin.
«Iflos bomba» qurilmasi turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ishlash prinsipi nisbatan bir xil – bu radioaktiv modda va portlovchi moddaga ega bo‘lgan konteyner, portlash oqibatida radioaktiv moddani tarqatadi. Bomba havoda yoki yerda portlatiladi, har qanday holatda portlash energiyasi hududga radioaktiv zarar yetkazish uchun yetarli bo‘ladi.
«Iflos bomba»da radioaktiv materiallar qo‘llanishiga qaramay, yadroviy portlash sodir bo‘lmaydi.
Urushda «Iflos bomba» kerakmi?
Garchi «iflos bomba» qurol sifatida ixtiro qilingan va u harbiylar tomonidan sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, qurol sifatida unchalik katta ahamiyatga ega emas.
Gap shundaki, agar u aholi punktlarida portlatilsa, radioaktiv ifloslanish dushman shaxsiy tarkibi yoki tinch aholining tezkor mag‘lubiyatiga olib kelmaydi.
AQSh yadroviy nazorat komissiyasining ta’kidlashicha, «hududning ifloslanish darajasi bir qator omillarga bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, portlovchi modda hajmi, radioaktiv material miqdori va turi, tarqatish vositalari va ob-havo sharoiti».
Radioaktiv zararlanish oqibatlari odamlar sog‘lig‘iga ta’sir qilishi mumkin, lekin darhol emas. Radioaktiv modda ishlatilganini va uning turini o‘z vaqtida aniqlash mahalliy hokimiyat organlariga himoya choralarini ko‘rishga va ifloslangan hududdan evakuatsiya qilishga yordam beradi.
Hudud ifloslanadi, ammo bundan katta harbiy foyda bo‘lmaydi. U foydalanishga yaroqsiz holatga keladi, uni zararsizlantirish va portlashning boshqa oqibatlarini bartaraf qilish juda qimmat tadbirlar o‘tkazilishini talab qiladi.
Kiyev Milliy universiteti Xalqaro aloqalar instituti professori, yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha ekspert Sergey Galakaning so‘zlariga ko‘ra, radioaktiv ifloslanish darajasi va hududi tabiiy omillar va izotoplar tarkibiga bog‘liq bo‘ladi.
«Agar shamol kuchli bo‘lsa va yomg‘ir yog‘masa, ifloslanish ko‘lami katta bo‘ladi. Agar shamol kuchsiz bo‘lsa va yomg‘ir yog‘sa, u holda kichik hudud ifloslanadi», dedi ekspert.
Yadro bombasi portlashi hududning kamroq ifloslanishiga olib keladi va ko‘proq boshqa zararli omillar – portlash to‘lqini, nurlanish va radiatsiya bilan zarar keltiradi.
Psixologik omil
Odamlar radiatsiyadan qo‘rqadi, shu sababli, «iflos bomba»ni kuchli psixologik omil deyish mumkin. Uni ba’zan «ommaviy parchalanish quroli» deb ham atashadi.
Bunday bomba portlatilishi va radioaktiv moddalar tarqalishi odamlarda qo‘rquv uyg‘otishi, ommaviy vahimalarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, agar bunday bomba katta shaharda portlatilsa, uning bir qismi ko‘p yillar davomida yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi va bu mamlakat uchun iqtisodiy va siyosiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Shu tufayli, ekstremistik tashkilotlar bunday qurollarni qo‘lga kiritishga intilishi mumkin, deb hisoblanadi.
2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan so‘ng, ekstremistik guruhlar faollashib qoldi. Shu sababli, AQSh va boshqa G‘arb davlatlarida «iflos bomba»ni qo‘llash tahdidi juda real ko‘rindi. «Al-Qoida» radioaktiv materiallarga ega bo‘lishga intilayotgani haqida ma’lumotlar bor edi.
«Iflos bomba»ning kelib chiqishini aniqlash mumkinmi?
Dunyoda radioaktiv materiallar tarqalishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar bir necha marta sodir bo‘lgan. Shu tufayli ularning atmosferadagi tarkibini nazorat qilish juda muhim.
Bunday baxtsiz hodisalarning oxirgisi 2019 yil 8 avgustda Rossiya Shimoliy flotining Nyonoksdagi poligonida sodir bo‘ldi. Avariya oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan (aniq soni ma’lum emas).
Voqeadan so‘ng, turli mamlakatlarda radioaktiv moddalar miqdori darajasi oshishi qayd etildi. Iyun oyida Norvegiyada yod-131 izotopi, Shvetsiya va Finlandiyada seziy-134, seziy-137, kobalt-60 va ruteniy-103 aniqlandi.
Mutaxassislar izotoplar to‘plamiga qarab, portlash katta ehtimol bilan harbiy obektda sodir bo‘lgani, radiatsiya fuqarolik yadroviy obektlaridan tarqalmaganini taxmin qilishdi.
Radioaktiv moddalar ko‘p miqdorda ajralib chiqqan taqdirda, yer ustidagi stansiyalar «Iflos bomba»da qo‘llangan moddalar tarkibini aniqlay olmaydi. Ular radiatsiya tarqalishi haqida faqat umumiy xulosalarni berishi mumkin.
Radiatsiya haqidagi aniqroq ma’lumotlarni faqat hodisa joyiga yaqinroqda bo‘lgan maxsus radiatsiyaviy razvedka samolyoti orqali olish mumkin.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024