Jahon | 19:05 / 28.10.2022
14189
3 daqiqa o‘qiladi

Oktyabr oyi Yevropada g‘ayritabiiy ravishda issiq keldi: odamlar xursand, olimlar dahshatda

Yevropaning ayrim mamlakatlarida oktyabr oyining oxiri g‘ayritabiiy darajada issiq bo‘ldi. Millionlab yevropaliklar qishda energiya narxi keskin oshishi istiqbolidan xavotirda, ammo hozircha ob-havo sharoiti isitgichlarsiz yashashga imkon bermoqda.

Foto: AFP

Fransiyaning Moviy qirg‘og‘ida suv harorati hozirda Tselsiy bo‘yicha +22 daraja, havo harorati esa +24.

Nitssa shahrida yashovchi Roza-Marining so‘zlariga ko‘ra, odatda yilning shu vaqtida havo sovuqroq bo‘ladi va noyabr oyi kelishi bilan yomg‘ir yog‘a boshlaydi. Lekin bu yil plyaj mavsumi hali ham qizg‘in davom etmoqda.

Oxirgi 10 kun ichida fransuz meteorologlari o‘rtacha yillik harorat 6 darajaga oshganini qayd etishdi.

Ispaniyaning janubiy qirg‘oqlarida ham vaziyat taxminan shunday va yaqin kunlarda ob-havo yana bir necha darajaga isishi kutilmoqda.

Vengriyada ham oktyabr oyi kutilmaganda issiq kelgan.

«Ikki yil oldin, aynan shu vaqtda issiq kurtka va shapka kiygan edik. Hozir esa ba’zi odamlar hali ham shortida», deydi budapeshtlik Natalya.

Londonda juma kuni +19°S bo‘ldi, shanba kuni +21°S kutilmoqda. Yakshanba kuni havo sovib ketadi, biroq 10 noyabrgacha bo‘lgan prognoz bu davrda havo harorati 13-14 darajadan pastga tushmasligini ma’lum qilmoqda.

Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiya bilan yuzaga kelgan neft va gaz urushi fonida, yevropaliklar juda issiq kuzdan mamnun. Bu ularga isitish xarajatlarini tejash imkonini beradi.

Ammo olimlar bularning barchasi juda xavotirli belgilar ekanini eslatishmoqda.

Hozir ekologiya haqida o‘ylaydigan vaqt emasmi?

Ekologlarning ta’kidlashicha, iqlimning antropogen o‘zgarishi oqibatida haroratning me’yordan oshib ketishi tez-tez uchrayapti va uzoq davom etyapti.

Sanoat erasi boshlanganidan beri o‘rtacha global harorat taxminan 1,1°C darajaga ko‘tarildi va o‘sishda davom etmoqda.

Barselonada oktyabr oyida ham kalta kiyishmoqda. Foto: Reuters

Fransiyaning Barqaror rivojlanish milliy tadqiqot instituti iqlim bo‘yicha mutaxassisi Fransuaza Vimenng so‘zlariga ko‘ra, biz hozir kuzatayotgan hodisa kelgusi o‘n yilliklar uchun olimlar tomonidan berilgan tashvishli bashoratlarga to‘liq mos keladi.

Ekologlar butun dunyo hukumatlarini iqlim falokatining oldini olish uchun sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirishga chaqirmoqda.

Ammo hozirda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy tajovuzi bilan bog‘liq energiya bozoridagi notinchliklar tufayli, global isishni jilovlash bo‘yicha ko‘plab loyihalar to‘xtatib qo‘yilgan.

Masalan, energiya narxi oshishini to‘xtatish uchun Britaniya hukumati yangi neft va gaz konlarini o‘zlashtirishga yana litsenziya berishni boshladi – garchi mamlakat neftdan foydalanishdan butunlay voz kechish va 2050 yilga borib, qayta tiklanadigan «yashil» energiya manbalaridan foydalanishga to‘liq o‘tish majburiyatini olgan bo‘lsa ham.

photo_2022-10-28_18-07-32.jpg

Mavzuga oid