Urush nega aynan shu yil boshlandi? Putin «Valday»da shu va boshqa savollarga javob berdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Valday» muhokama klubining yalpi majlisida ishtirok etdi. Bu galgi muhokama «Gegemoniyadan keyingi dunyo: hamma uchun xavfsizlik va adolat» mavzusida bo‘ldi.
Putin «Valday» doirasida sahnada 3 soat-u 40 daqiqa davomida bo‘ldi. Avvalida o‘z nutqini so‘zladi, keyin siyosatchilarning savollariga javob qaytardi. Nutqi davomida Ukraina masalasida deyarli gapirmadi, asosan G‘arbning «go‘riga g‘isht qaladi», ko‘plab rossiyalik mashhurlardan iqtibos keltirdi. Hatto Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi masalasiga to‘xtaldi.
«Odamlar o‘lyapti, lekin Rossiya kelajagi uchun foyda»
Putinning aytishicha, Ukrainadagi urush Rossiyaning avvalo kelajagi uchun ko‘p narsa beradi. Tabiiyki Putin urush so‘zini tilga olmadi: «Maxsus harbiy amaliyot» doirasidagi yo‘qotishlar haqida doim o‘ylayman, ha, iqtisodiy zararlar ham bor. Ammo katta yutuqlar yo‘q emas. Bo‘layotgan voqealar oxir-oqibat Rossiya foydasiga xizmat qiladi, uning kelajagiga ham».
Putinning fikricha, Rossiya biznesi endi o‘zi oyoqqa turish haqida o‘ylaydi va bu mamlakat uchun foydali, Rossiyadan chiqib ketgan G‘arb kompaniyalari esa hali ortga qaytishni orzu qilishadi.
Ma’lumot uchun, 8 oydan buyon davom etayotgan urush davomida Rossiya iqtisodiyoti katta zarar ko‘rdi, YaIM tushib ketdi, Markaziy bank valuta cheklovlari joriy qildi va iqtisodiyot qayta qurilishiga tayyor bo‘lishga chaqirdi.
Urush nega aynan shu yil boshlandi?
Putin sahnadaligida mederator Rossiya Ukrainaga nega aynan shu yilda bostirib kirgani haqida so‘radi. Albatta, to‘g‘ridan to‘g‘ri bunday deb so‘ragani yo‘q, chunki Rossiyada Ukrainadagi urushni urush yoki bosqin deb atash jinoyatga tenglashtirilgan. U «maxsus harbiy amaliyot» nega 2022 yilda boshlanganini so‘radi.
Bu savolga javob berar ekan, Putin NATOning kengayishi va Minsk kelishuvi bajarilmagani to‘g‘risidagi doimiy iddaolarini takrorladi-da, keyin Rossiya 2014 yildagi voqealardan keyin Donbassda nimadir qilishi zarur bo‘lganini aytdi. Putinga ko‘ra «o‘sha nimadir» o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni tan olib, ularni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Bu ishlarni amalga oshirish uchun esa operatsiya o‘tkazish zarur bo‘lgan.
Vaholanki, 2021 yil oktyabr oyidan buyon AQSh razvedkasi Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi haqida xabar berib kelgan, Moskva buni provokatsiya deb atagandi. Hattoki Kiyev bu ma’lumotlar bo‘rttirilgani haqida bayonot bergan. Urush boshlanishida Rossiya Ukraina hududlarini o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istamayotganini bildirgandi, hozirga kelib esa «referendum» o‘tkazib, Qrimdan keyin Ukrainaning yana to‘rtta hududini annexia qildi.
«Raqibni mensimadikmi?»
Putindan «Urush davomida Ukrainani mensimay xato qilmadikmi?» deb ham so‘rashdi. U esa yo‘q, deb javob berdi. Uning fikricha, 8 yil davomida Donbassdagi juda uzun mudofaa hududlari tashkil qilingan. Putin G‘arbdan qurol yetkazib berilayotganini ham unutmaslikni so‘radi.
Rossiya prezidentiga yana bir qiziq savol berishdi: «Agar rus va ukrainlarni bitta millat deb hisoblasangiz, demak bizda bir millat vakillari o‘rtasida fuqarolik urushi bo‘layotgan ekanda?» «Qisman ha», javob berdi Putin.
Asosiy masala: yadro ritorikasi
Zaldan berilgan birinchi savol yadro quroli haqida bo‘ldi. Aftidan, savol ham, uning muallifi ham yaxshigina tayyorlangan ko‘rinadi, muallif Putinning javobini kutib o‘tirmay Ukrainani yadro provokatsiyasida ayblay ketdi.
«Yadro quroli bor ekan uni qo‘llash xavfi ham doim bo‘ladi», deb boshladi javobini Putin. U dunyoda yadroviy xavf ortishida Kiyev va G‘arbni aybladi. Keyin Putin Rossiya Ukrainada yadro quroli ishlatmoqchi emasligi, bu mamlakatning na siyosiy va na harbiy manfaatlariga xizmat qilishini aytdi.
Shuningdek, Putin Sergey Shoyguga hamkasblarini «iflos bomba» xavfidan ogohlantirish topshirig‘ini shaxsan o‘zi berganini ta’kidladi.
Vladimir Putinning nutqidagi boshqa asosiy parchalar:
* «Dunyoda xalqaro institutlar degradatsiyaga uchrashiga guvoh bo‘lyapmiz, kollektiv xavfsizlik prinsiplari nazarga ilinmayapti, xalqaro huquq tushunchasi o‘rniga G‘arbning o‘zi pisand qilmaydigan «qoidalar» paydo bo‘ldi. Faqat bitta qoidani o‘tkazishga intilishmoqda – global hukumatlar hech qanday qoidasiz yashashini ta’minlash qoidasini».
* «AQSh dunyoga o‘zining gegemonligidan boshqa hech narsa bera olmaydi, voqealar negativ tomonga o‘zgarishda davom etadi. G‘arb oxirgi vaqtlarda ko‘p harakatlar qildi: Ukrainadagi urushni kuchaytirdi, Tayvan atrofida provokatsiya qildi, dunyo energiya va oziq-ovqat bozoridagi vaziyatni izdan chiqardi. Bu qonli, xavfli, iflos o‘yin, u mamlakatlar va millatlar suverenitetini rad etadi».
* «Hozir insoniyat oldida ikki yo‘l turibdi: yoki ortib borayotgan muammolarni yelkaga ortib yurishda davom etish yoki hamma birgalikda yechim topish. Dunyoni ideal qila olmasak-da, jim turmaydigan, barqaror va xavfsiz qilish mumkin. Davlatlar ertami kechmi bizning kelajagimiz borasida muloqot qilishga majbur bo‘ladi, men doim sog‘lom fikrga ishonganman.
Haqiqiy demokratiya ko‘p qirrali dunyoda bo‘ladi. Bunda har qanday millat o‘z siyosiy tizimini mustaqil belgilaydi. Hech kim bizning millatga jamiyat qanday tuzilishi kerakligi borasida aql o‘rgata olmaydi. An’anaviy qarashlarni qadrlash kerak.
G‘arb rahbarlari o‘zlariga yoqmagan hammani yo‘qotishni istaydi. Hatto sovuq urush davrida ham raqibining qadriyatlarini rad qilish hech kimning xayoliga kelmagan. Sobiq ittifoq va amerikalik rahbarlarda gumanitar sohada bir-biriga hurmat bilan qarash uchun yetarli darajada aql bo‘lgan».
* «Millatchilar kitoblarni yoqishgacha borishdi. G‘arb mansabdorlari esa endi Chexov va Chaykovskiyni taqiqlashmoqda. Klassik liberalizm buzilib ketdi. Liberallar avvaliga har bir insonning huquqi borligini aytishdi, keyin XX asrda ochiq jamiyatlarning dushmani borligini, ularning huquqlari cheklanishi mumkinligini aytishdi. Ammo Dostoyevskiy ham, Chaykovskiy ham, Pushkin ham yashashda davom etadi. Ular buni qanchalik xohlashmasa ham. Tarix hammasini o‘z o‘rniga tushirib qo‘yadi. Tarix buyuk madaniyat daholarini emas, ularni cheklamoqchi bo‘lganlarni inkor qiladi. Chaykovskiyni eslashda davom etishadi, ularni esa yo‘q».
* «Har qanday o‘zgacha fikr G‘arb tomonidan demokratiya uchun xavf deb qaralmoqda, hamma narsani Kremlning fitnasi deb qarashmoqda. Go‘yoki Rossiyadan nima kelsa, hammasi Kremlning fitnasidir. Nahotki biz shunchalik qudratli bo‘lsak? Bu safsata shunchaki. Hamma narsani Kremlga to‘nkashdan ko‘ra miyangizni ishlating».
* Putin G‘arb siyosati haqida gapirar ekan, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Aleksandr Soljyenitsinning Harvarddagi nutqidan iqtibos ham keltirdi. «1978 yildayoq u G‘arb uchun barcha hududlar G‘arbning tizimiga o‘xshashi kerakligi eng muhimi ekanini aytib ketgandi», dedi Putin.
* Bundan tashqari, Putin faylasuf Alesandr Zinovyovdan ham iqtibos keltirdi: «G‘arb tamadduni ular xohlagan darajada saqlanib turishi uchun butun koinot shunchaki resurs sifatida safarbar qilinishi kerak».
* «Agar siz demokrat bo‘lsangiz, tabiiyki milliardlab odamlarning erkinlikka intilishini olqishlashingiz kerak. Ammo yo‘q, G‘arb buni liberal tartibga qarshi harakat deb baholaydi, iqtisodiy va savdo urushiga, sanksiyalar, boykotlarga, rangli inqiloblarga yo‘l ochadi, turli xil to‘ntarishlarni tayyorlaydi va amalga oshiradi. Ulardan biri 2014 yil Ukrainada og‘ir oqibatlarga olib keldi. Bu to‘ntarish uchun pul ham berishdi».
* «Kundan kunga Amerika o‘rnatayotgan tartib xaos yaratib, G‘arb davlatlarining o‘zi uchun ham muammo tug‘dira boshladi. G‘arb o‘zini istisno qilingan deb, qolganlarni esa ikkinchi darajali deb hisoblaydi. 2020 yilda Qosim Sulaymoniyni shunchaki o‘ldirib yuborishdi. Unga nisbatan xohlagancha munosabatda bo‘lishlari mumkin, lekin u boshqa bir davlatning rasmiy vakili-ku? Uni uchinchi davlat hududida o‘ldirib, ha, buni biz qildik, deyishdi. Bu nima? Biz qayerda yashayapmiz o‘zi?».
* «G‘arb uchun haqiqiy tahdid bu o‘zgacha yashash tarzidir. AQSh dunyoga o‘z gegemonligidan boshqa hech narsa taklif qila olmaydi. Rossiyaga esa hech kim aytganini qildira olmaydi. G‘arbdan farqli o‘laroq, biz birovlarning tomorqasiga mo‘ralamaymiz. Rossiya o‘zini G‘arbning dushmani deb hisoblamaydi. Shunchaki ikki xil G‘arb bor: biri nasroniy qadriyatlar amal qilinadigan, boy madaniyatga ega, umumiyligimiz bo‘lgan G‘arb, boshqasi kosmopolitlikni ulug‘laydigan liberal elitaning quroliga aylangan G‘arb. Bu G‘arbning diktatorligiga rozi bo‘lmaymiz.
Rossiya G‘arb bilan til topishishga harakat qildi. Keling, tinch yashaylik, muloqot qilaylik, ishonchni mustahkamlaylik, mana shu tinchlik, dedik. Biz samimiy bo‘ldik, bunga javoban esa chegaramiz yaqinida keskinlik va bosimni qabul qilib oldik. Bu bosimdan maqsad Rossiyani ham o‘z yo‘llariga solish edi. Ular o‘zlariga qarshi chiqqanlarga qarshi sanksiya qo‘llashadi, davlat to‘ntarishi qilishadi, xaritadan o‘chirib yuborish bilan tahdid qilishadi.
Biz G‘arb elitasiga jang taklif qilmayapmiz, hamma o‘z rivojlanish yo‘lini mustaqil tanlashi kerak deyapmiz. Biz yangi gegemon bo‘lishni istamaymiz, bu faqat yangi boshi berk ko‘chaga kirib qolishga olib kelardi».
* «G‘arb dunyo moliya olamini ham obro‘sizlantirdi. Dollardan qurol sifatida foydalangan holda valuta tizimi g‘oyasining oyog‘ini osmondan qildi. Faqat G‘arb tomonidan belgilangan mahsulotlar uchun ochiq bo‘lgan bozorlargina oyoqda turdi, bozorlar va resurslarni egallab olishdi».
* Putinning fikricha, tez orada milliy valutalardan foydalanish dunyo moliya bozorlarida gegemonlik qila boshlaydi. U xalqaro savdodan faqat yirik korporatsiyalar emas, hamma foyda olishi kerakligini aytdi.
* «Bir qutbli dunyoning vaqti o‘tdi. Tepadagilar ortiq uddalay olishmaydi, pastdagilar xohlashmaydi. Ishlar bunday davom etishi insoniyat uchun xavflidir. Tarixiy lahzalarda turibmiz. Oldinda bizni Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng murakkab va taxmin qilib bo‘lmaydigan o‘n yillik kutmoqda. Vaziyat inqilobiy holatda. Bizning vazifamiz mana shu qarama-qarshilikni bartaraf etish».
Mavzuga oid
21:25 / 25.11.2024
Kurskka yana ATACMS uchdi. Navbat «Oreshnik»gami?
18:32 / 25.11.2024
Le Monde: Yevropa mamlakatlari yana Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimolini muhokama qilmoqda
15:46 / 25.11.2024
Rossiya MV 30 dan ortiq Ukraina droni yo‘q qilinganini bildirdi
13:17 / 25.11.2024