Jamiyat | 18:50 / 01.11.2022
17882
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda YTH oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Do‘stlik tumanida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lada Vesta va Mirzacho‘l tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “VAZ-2102” rusumli mashina o‘zaro to‘qnashgan.

Foto: Getty Images

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 28 oktyabr kuni soat 22:00 larda 4R-35 Gagarin — Do‘stlik avtomobil yo‘lining Do‘stlik tumani “Oltin Vodiy” MFY hududidan o‘tgan 64-kilometrida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lada Vesta avtomashinasi Mirzacho‘l tumanining G‘alaba mahallasida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “VAZ-2102” rusumli mashina bilan o‘zaro to‘qnashgan.

Oqibatda Lada Vesta salonida bo‘lgan, Sharof Rashidov tumani “Qangli” MFYda yashagan fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan. “VAZ-2102” haydovchisi hamda mazkur mashina salonida bo‘lgan Mirzacho‘l tumani «Mirzadala» ShFYda yashagan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, marhumlar belgilangan tartibga ko‘ra sud tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilayotganida vafot etganlardan birining qarindoshlari ekspertiza o‘tkazilishiga qarshilik qilgan. Natijada, tibbiy muassasada tartibni saqlash uchun ichki ishlar organlari xodimlari jalb qilingan.

Marhumning yaqinlari soha vakillarining tushuntirishlariga qaramasdan sud tibbiy ekspertiza binosining eshik va derazalarini buzishga urinishgan, qolaversa ular ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqand viloyati Urgut tumanida Lacetti 4 nafar piyodani urib yuborgan, ulardan uch nafari halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid