Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada hukmron partiya safarbarlikdan qochganlarni 5 yilga qamashni taklif qildi
«Yedinaya Rossiya» deputatlari va senatorlari safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni taklif qilmoqda.
«Yedinaya Rossiya» deputatlari va senatorlari chaqiruv qog‘ozini olganlar uchun safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda 1 noyabr, seshanba kuni manbalarga tayanib, «Izvestiya» gazetasi xabar berdi. Ma’lumotni qonun loyihasi hammuallifi, Davlat dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ernest Valeyev tasdiqladi.
Jinoyat kodeksiga deputatlar tomonidan taklif etilgan o‘zgartirishlar safarbarlikdan bo‘yin tovlash uchun 200 mingdan 500 ming rublgacha jarima yoki bir yildan uch yilgacha daromad miqdorida, majburiy mehnat yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolashni nazarda tutadi.
Valeyevning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqiruvdan bo‘yin tovlagan shaxslar harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozini rasman olganidan keyin jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini Valeyev «qonunchilikdagi bo‘shliqlar» bilan izohladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, safarbarlikdan bo‘yin tovlash Jinoyat kodeksining 328-moddasi bilan tartibga solinadi. Bu faqat muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlarga tegishli. «Mavjud qonun zaxiradagi shaxslarga taalluqli emas. Lekin safarbarlik paytida ular zaxiradan chaqiriladi, bunga esa jinoiy javobgarlik yo‘q», - deydi Valeyev.
«Bu kelajak uchun, uning hozirgi vaziyatga hech qanday aloqasi yo‘q, chunki safarbarlik yakunlangani rasman e’lon qilingan, bu endi u yoki bu tarzda qochib ketganlarga nisbatan qo‘llanmaydi», dedi Valeyev.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin kuni kecha safarbarlik yakunlanish arafasida ekanini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, u tegishli qarorni imzolamaganini ta’kidlab, buni qilish kerakmi yoki yo‘qligini bilmasligini aytdi. «Hozir Mudofaa vazirligi safarbarlik tadbirlarini yakunlashni taklif qildi. Huquqshunoslar bilan buning tugallangani haqida farmon orqali e’lon qilish kerakmi yoki yo‘qligini gaplashaman. Lekin u yakunlandi, oxiri belgilandi», dedi Putin.
Hududlar rahbarlarining «safarbarlik tadbirlari» yakunlangani haqidagi bayonotidan so‘ng huquqshunoslar va huquq himoyachilari safarbarlik tegishli qaror imzolangandan keyingina yakunlanishi mumkinligini ta’kidladilar.
«Mudofaa vazirligining nizom va ko‘rsatmalari mutlaqo oshkora bo‘lmagani, hokimiyat vakillarining bayonotlari esa bir-biriga zid bo‘lib, hech qanday huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmagani uchun biz, huquqshunoslar sifatida, bo‘shashmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz. Qisman safarbarlik uni e’lon qilgan amaldor tomonidan yakunlanadi, hozircha huquqiy rejim saqlanib qoladi. Ya’ni, biz prezident farmonini kutishimiz kerak», dedi «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov. U Moskvada shahar meri Sergey Sobyanin safarbarlik tugaganligini e’lon qilganidan keyin shu haqda aytdi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
21:34 / 27.05.2025