Iqtisodiyot | 11:50 / 02.11.2022
34867
9 daqiqa o‘qiladi

Global inqirozlarga qarshi kurashish va inklyuziv bozor iqtisodiyotini qurish uchun O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishi kerak - Anna Berde

3-4 noyabr kunlari Samarqandda II O‘zbekiston Iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi. Forum mehmonlaridan biri – Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde anjuman oldidan Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida O‘zbekiston hukumati iqtisodiy taraqqiyotda o‘z oldiga qo‘ygan katta maqsadlarga erishish uchun nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi haqida so‘z yuritadi.

Anna Berde

Shu yilning oktabr oyida men Toshkentga tashrif buyurgan edim. Biz ulkan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda davom etayotgan mamlakat rahbariyati bilan sermahsul muzokaralar o‘tkazdik. Muloqot davomida davlat rasmiylari kambag‘allikka barham berish va fuqarolar hayoti farovonligini oshirish bo‘yicha choralarni davom ettirishar ekan, yaqin kelajakda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi strategik hamkorlik yanada mustahkamlanib borishi ta’kidlandi.

Bu hafta men yana mamlakatga qaytyapman. Biz Samarqandda bo‘lib o‘tadigan II O‘zbekiston Iqtisodiy forumi ishtirokchilari bilan jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatayotgan amaldagi inqirozlar oqibatlarini, shuningdek ushbu inqirozli vaziyat oqibatlari bilan samarali kurashish va inklyuziv bozor iqtisodiyotini qurishda davom etish uchun muhim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qilamiz.

O‘zbekiston so‘nggi 5 yil ichida amalga oshirilgan bozor islohotlari natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muvaffaqiyatlarga erishdi. Mamlakat 2030 yilgacha aholi jon boshiga daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish kabi ulkan maqsadlariga erishishi uchun o‘sishning amaldagi suratlarini saqlab qolishi lozim.

Afsuski, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, COVID-19 pandemiyasi inqirozidan keyin O‘zbekistonning iqtisodiy tiklanish jarayoni Ukrainadagi urush natijasida yanada murakkablashdi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi inflatsiya oshishiga olib keluvchi oziq-ovqat va energetika narxlari ko‘tarilishi fonida shakllanayotgan bozorlar va rivojlanayotgan mamlakatlarda YaIM 0,2% ga qisqaradi. 2023 yilda mintaqa iqtisodiyotida o‘sish kuzatiladi, biroq uning suratlari pastligicha qoladi va bu ko‘rsatkich 0,3% ni tashkil etadi.

Bundan tashqari, bizning qisqa muddatli prognozlarimizga turli pasaytiruvchi xatarlar ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, xomashyo va iste’mol tovarlari narxlarining yuqoriligi, Xitoy va Yevropa ittifoqida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashish ehtimoli, jahon banklari foiz stavkalarining oshishi va global moliyaviy bozorlarda shartlarning keskinlashtirilishi. Kelajak yana boshqa ko‘plab noaniqliklarga to‘la, bu esa iqtisodiy prognozlashtirish uchun qiyinchiliklar tug‘diradi.

Yaxshi xabarlardan biri shundaki, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti Jahon bankining 2022 yil bahoridagi prognoziga qaraganda yuqoriroq sur’atlarda rivojlanmoqda. Hozirgi hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotining o‘rtacha o‘sish sur’atlari 2022 yilda 3,7% ni va 2023 yilda 3,9% ni tashkil etadi.

2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor islohotlari mamlakatning tashqi ta’sirlarga chidamliligini yanada oshirishga xizmat qildi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2022 yilda mamlakat YaIM 5,3% ga oshadi. O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 ta davlat ichida Armaniston, Xorvatiya, Gruziya va Chernogoriya bilan bir qatorda eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylanadi. 2023 yilda esa mamlakat iqtisodiyoti 4,9% ga o‘sishi kutilmoqda – bu keyingi yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun prognoz qilingan eng yuqori o‘sish surati hisoblanadi.

Biz O‘zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlarining ulkan natijalariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Oxirgi 5 yil ichida hukumat valuta va savdo operatsiyalari uchun cheklovlarni kamaytirdi, avvallari davlat tomonidan belgilangan qator mahsulotlar va xizmatlar narxi liberalizatsiya qilindi, shuningdek biznes yuritish uchun sharoitlar yaxshilandi. Soliq kodeksining qayta ko‘rib chiqilganligi davlat budjetini yanada shaffofroq qildi va aholining zaif qatlamlari ehtiyojlari inobatga olinishini ta’minladi. Mamlakat rasmiylari joriy qilgan inflyatsion targetlash va yangi fiskal qoidalar iste’mol narxlari va davlat qarzini nazorat ostida saqlashga yordam beradi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimida ham muvaffaqiyatlarga erishildi. 2020 yil yanvar oyidan boshlab hukumat ijtimoiy yordam oladigan kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari sonini oshirdi (2019 yilda 0,6 million, 2021 yilda 1,2 million, 2022 yil aprelida qariyb 1,8 million benefitsiar uy xo‘jaliklari). Jahon banki ushbu va boshqa sohalarda islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotning alohida sektorlariga ko‘proq e’tibor berish maqsadida islohotlar chuqurlashtirilayotgani ko‘zga tashlanmoqda. 2022 yil aprelida “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida” yangi qonun qabul qilindi. Hujjat muammoli, lekin faoliyat yuritishga qodir korxonalarni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishni, ish o‘rinlari va mahsuldor tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etilgan kapitalni himoya qilishni, shuningdek iqtisodiyotda bozor tamoyillariga o‘tishni tezlashtirishni rag‘batlantirishni maqsad qilib qo‘ygan.

2022 yil iyulida Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi yangi qonun esa davlat mulki obektlarini sotish bo‘yicha transformatsion dasturni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratadi. Hozirgi kunda mamlakat parlamenti raqobat to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ham ish olib bormoqda. Ushbu hujjat mulkchilik shaklidan qat’i nazar mamlakatdagi barcha korxonalarga teng sharoitlar yaratish yo‘lida oldinga tashlangan qadam bo‘ladi.

Hukumatning 2026 yilgacha kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish va 2030 yilga borib O‘zbekistonning aholi jon boshiga daromadi o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlar guruhining yuqori qismiga kirishi bo‘yicha katta maqsadlariga erishish uchun islohotlar muvofiqlashtirilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi darkor. Ularga erishish uchun mamlakat aholi jon boshiga daromadining o‘sish suratlarini jadallashtirib, yiliga kamida 9% ga yetkazish lozim. Ushbu masalada rasmiylar nimalarga e’tibor qaratishlari kerak?

Xususiy sektorni rivojlantirish uchun teng sharoitlar yaratish hamda mehnat unumdorligi va aholi daromadlari o‘sishini sekinlashtiruvchi iqtisodiyotda noqonuniy g‘arazli manfaatlarni qondirish xatarlari bilan kurashish yo‘nalishlarida yanada ko‘proq ishlar qilinishi lozim. Xalqaro raqobatbardoshlikni yaxshilash uchun O‘zbekiston ishlab chiqarish omillari (yer, kapital, energiya, xomashyo va ishchi kuchi kabi) bozorlarini liberalizatsiya qilishda davom etishi, barcha xo‘jalik sub’yektlari ulardan teng ravishda foydalanishlari uchun sharoitlar yaratishi kerak. Shuningdek, xalqaro savdoni olib borishdagi xarajatlarni qisqartirishda davom etish muhim.

Shu bilan birga, narxlarni liberalizatsiya qilish jarayonining yakuniga yetkazilishi, davlat korxonalarining isloh qilinishi, moliyaviy tizimning ishlashi va biznes uchun sharoitlarning yaxshilanishi resurslar bozor mexanizmlari asosida taqsimlanmasligi muammosini yechish hamda mehnat unumdorligini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi davlat xizmatlari sifatini oshirish mamlakatda inson kapitalining rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Aholini ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini rivojlantirishga davlat investitsiyalarini yo‘naltirishda davom etish esa o‘tish davrida islohotlarning kambag‘al va zaif aholi qatlamlari uchun ta’sirlarini yumshatadi. Islohotlar natijasida amalga oshadigan qator o‘zgarishlar ayrim fuqarolarning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun, ularga puxta tayyorgarlik ko‘rilishi va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim.

Bu yil biz O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligini nishonlamoqdamiz. Yaqin kelajakda biz hukumatga barcha fuqarolar farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotini qurishda yordam berishda davom etamiz. Bizning moliyaviy va tahliliy ko‘magimiz mamlakat bilan yangi besh yillik Hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladi. Ushbu dastur Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan, iqtisodiyot va jamiyatni transformatsiya qilishni davom ettirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda yordam beradi.

Men Samarqanddagi Iqtisodiy forum ishtirokchilari bilan yuqorida keltirilgan mavzular bo‘yicha mazmunli va qiziqarli muhokamalarni intiqlik bilan kutyapman. O‘tgan yilgi forum O‘zbekistonda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlar to‘g‘risida ochiq muhokamalar uchun platforma yaratdi. Men kutilayotgan tadbir doirasida ushbu dialogning davom etishiga umid bildiraman.

Mavzuga oid