Jahon | 20:20 / 02.11.2022
11930
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV «yadro urushining oldini olish lozimligi» to‘g‘risida bayonot berdi

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya «gipotetik tarzda» yadro qurolidan faqat mudofaa maqsadlarida yoki davlatning mavjudligi tahdid ostida qolganida foydalanishi mumkin. 

Foto: TASS

«Rossiya yadro urushining yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi tamoyilga qat’iy va izchil ravishda amal qiladi, unda g‘oliblar bo‘lishi mumkin emas va u hech qachon qo‘zg‘atilmasligi kerak», deyiladi bayonotda. 

«Bu sohadagi Rossiya doktrinasi juda aniq ifodalangan, u faqat mudofaa xarakteriga ega va uni o‘zgacha talqin qilish imkoni yo‘q. Rossiya tomonidan yadro qurolini qo‘llash faqat ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalangan holda amalga oshirilgan tajovuzga javoban yoki oddiy qurollardan foydalangan holda amalga oshirilgan va davlatning mavjudligini tahdid ostida qoldiradigan tajovuzga qarshi ruxsat beriladi». 

Tashqi ishlar vazirligi yadroviy kuchlarga ega davlatlar harbiy to‘qnashuvining oldini olish birinchi galdagi vazifa ekanini ta’kidladi va yadro quroliga ega davlatlarni «ushbu ustuvor vazifa ustida ishlashga tayyor ekanliklarini amalda ko‘rsatishga va bir-birining hayotiy muhim huquqlarini buzishga qaratilgan xavfli urinishlardan voz kechishga» chaqirdi. 

  • So‘nggi vaqtlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin muntazam ravishda yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilmoqda. 24 fevral kuni Ukrainaga hujum qilinishi munosabati bilan rossiyaliklarga qilgan murojaati chog‘ida u sodir bo‘layotgan voqealarga aralashishga qaror qilganlar «o‘z tarixida hech qachon uchramagan» javob olishini va’da bergan edi. 
  • Sentyabr oyida Putin Rossiya hududiy yaxlitligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda «o‘z ixtiyoridagi barcha vositalardan» foydalanishini aytdi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya Ukrainaning to‘rtta viloyatini annexia qilganini e’lon qildi. 
  • 1 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukraina tomonidan o‘zining barcha hududlarini qaytarib olishga urinishi Rossiyaning mavjudligiga tahdid ekanligini aytdi. 
Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid