Jahon | 09:22 / 02.11.2022
6989
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon bir nechta raketa uchirdi

Janubiy Koreyada rasmiylar Ulleungdo oroli aholisini KXDR tomonidan yangi raketa uchirilishi munosabati bilan boshpanalarga kirishga chaqirdi. Yaponiyada bosh vazir Kisida Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirish niyatida.

Foto: AFP

Shimoliy Koreya 2 noyabr, chorshanba kuni Yapon dengizi tomon bir nechta ballistik raketalarni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylariga tayanib, «Yonxap» agentligi xabar bermoqda. Unga ko‘ra, ulardan biri Janubiy Koreya shimoli-sharqidagi Sokcho shahridan 57 kilometr uzoqlikda dengizga qulagan.

Yana bir raketa Ulleungdo orolidan 160 kilometr uzoqlikda dengizga qulagan. AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya hukumati mahalliy aholini havo trevogasi e’lon qilib, boshpanalarga yo‘l olishga undagan.

Ayni paytda, Shimoliy Koreyaning navbatdagi raketa uchirishi Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan tasdiqlandi. Bu mamlakat rasmiylari Pxenyanning harakatlarini qoraladi. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Koreya yarimorolidagi keskinlik kuchayib borayotgani munosabati bilan Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirish niyatida ekanini aytdi.

Oktabr oyi o‘rtalarida KXDR qisqa masofaga mo‘ljallangan raketa uchirilishi bilan birga, Janubiy Koreya chegarasi yaqinida raketalar mashg‘ulotini o‘tkazdi. Jangovar samolyotlar dengiz tomon qariyb 170 ta raketa uchirdi.

Koreya yarimorolidagi keskinlikning yangi kuchayishi fonida Janubiy Koreya so‘nggi besh yil ichida birinchi marta Pxenyanga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Qora ro‘yxatga Shimoliy Koreyaning raketa dasturiga aloqador 15 kishi va KXDRning 16 ta muassasasi kiritilgan.

Oktyabr oxirida Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreyaning raketa uchirishiga javoban Koreya yarimoroli uzra qo‘shma havo mashqlarini boshladi. Manyovrlarda 240 ta jangovar samolyotlar, jumladan, ilg‘or F-35 yashirin qiruvchi-bombardimonchi uchoqlari ishtirok etyapti.

Tomonlar bunday mashg‘ulotlar joriy yilda rekord darajadagi raketa uchirishini amalga oshirgan Shimoliy Koreyadan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tahdidga qarshi turish uchun zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Seul Pxenyan yadroviy sinovlar o‘tkazishi mumkinligidan xavotirda.

Mavzuga oid