«Xalq aybdormi? Albatta» - Oleg Tinkov urush, rus biznesmenlari va G‘arbning xatti-harakatlari haqida
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ochiqchasiga qarshi chiqqan, oqibatda Rossiya fuqaroligidan ham voz kechgan rossiyalik biznesmen Oleg Tinkov jurnalist Yelizaveta Osetinskayaga intervyu berdi. U RF prezidenti administratsiyasi «Tinkoff» bankini sotishga qanday majburlagani, urush haqida rus amaldorlari qanday fikrda ekani, Rossiyada xususiy biznesning yaqin istiqboli haqida gapirdi.
Biznesmen bankidan qanday ajrab qoldi, «Tinkoff» brendiga endi nima bo‘ladi?
Stanislav Bliznyukning menga aytib berishicha, unga RF prezidenti administratsiyasidan qo‘ng‘iroq qilib, bank nomini o‘zgartirish va aksiyalarning nazorat paketini sotishni talab qilishgan — men urushga qarshi haqida gapirganim uchun. Agar men bankni sotmaydigan bo‘lsam ular vaqtinchalik boshqaruv joriy etish bilan tahdid qilishgan. Agar omonatchilarga xavf tug‘ilsa Markaziy bank shunday vakolatga ega. Masalan, men [urushga qarshi] bayonot bilan chiqish qildim, odamlar meni yoqtirmay qolishdi, kartalarni qaychilay boshlashdi, shunday voqealar ham bo‘ldi-da, bo‘layotgan ishlar oqibatida depozitlarning chiqishi ro‘y bermoqda deya, ular boshqaruvni joriy qilishardi.
Meni o‘z menejmentim ham qo‘rqita boshladi, zudlik bilan sotish kerak, aks holda Markaziy bank faktlar bo‘yicha bankni sanatsiyaga olib qo‘yishadi, deb. Ular meni laqillatishdi, bu yerda hech kim seni ko‘rmoqchi emas, deya ertaklar so‘ylashgan. Lekin bankni sotganimdan so‘ng qarasam, hech kim nomni o‘zgartirishni xohlamayapti. Nega o‘zgartirmayapsizlar? Prezident administratsiyasining o‘zi talab qildi devdilaring-ku?
Endi o‘z nomimni chaqirib olmoqchiman. Nomim Rossiyada bo‘lishini istamayman. Men u yerdan ketdim va bu mamlakat bilan bog‘lab turuvchi biror narsa bo‘lishini xohlamayman. Jumladan, o‘z nomimdan foydalanishga ham yo‘l qo‘yib bermayman. Brend «moliya» sinfi bo‘yicha allaqachon bankka tegishli edi. Men bankni sotdim. Lekin qolgan barcha toifalar menga tegishli. Hozir biz bu narsani yuridik tomondan qanday sindirishni qarab chiqyapmiz, chunki bu baribir boshqa toifalar bo‘yicha mening brendim, mening ismim.
Hyuz va Bliznyuk vaziyatdan foydalanib, bankka egalik qilish uchun meni chuv tushirishdi, degan fikrlar ham bor. Lekin bankni men ularga sotmadim, Potaninga sotdim. Ular nimadandir xafa bo‘la boshlashdi. Kepak puliga bermayman-ku? Xuddi anqovlarga nimadir sotayotgandek? Ularda bunaqa pul yo‘q. Nabiullina ham qarshi bo‘lgan, bunaqa bitimni tasdiqlash qiyin bo‘ladi, deb. Chunki bankning egasi kim bo‘lishi u yerda juda muhim.
Urushda rus xalqi aybdormi va nega g‘oya uchun o‘lishga tayyor?
Urush uchun mas’uliyat to‘liq Putinning zimmasida. Putinni esa odamlar saylashgan. Men unga ovoz bermaganim aniq. Men unga qarshi ham bo‘lganman, 2012 yilda Pushkin maydoniga namoyishga chiqqanman. Xalq aybdormi? Albatta, aybdor. Barchamizda imperiyachilik ham, fashistchilik ham bo‘lgan. Birgina gasterbayterlarga Moskvadagi munosabatni oling. Bu vaziyatda rus bo‘lish uyatli bo‘lmasligi mumkin emas. Mening ofisimda migrantlarga xuddi ular ikkinchi navli odamlardek muomala qilinardi. Ha, xalq ham javobgar, lekin hamma emas. Menga «kuni kelib biz ko‘priklarni baribir qayta quramiz, shu sababli ularning barchasini yoqib yuborish kerak emas», deydigan Arestovichning pozitsiyasi ko‘proq yoqadi. Baribir bir kuni qandaydir sog‘lom kuchlar topiladi, ularning asosida ko‘priklarni qayta quramiz, do‘stlashishga harakat qilamiz. Biz do‘stlashmasdan tura olmaymiz, axir biz qo‘shnimiz-ku. Hudud shunaqa. Tilimiz ham bitta bo‘lmasa ham, yaqin.
Amerikalik adib Richard Paypsning «Eski rejimdagi Rossiya» kitobida rus g‘oyasi haqida yaxshi gaplar yozilgan, go‘yo bizda sharoit shunaqa, rus odamlarga doimo poshsho kerak. Rossiya uchun o‘lishga tayyormiz, hech kim o‘zi uchun o‘lishni istamaydi. Nimadir buyuk narsa uchun o‘lsang arziydi, oilang esa axlat ichra yashayversin. Xotining yosh bolang bilan alimensiz o‘tirishi — normal holat. Rossiya uchun u o‘lib bermoqchi, lekin o‘z farzandi uchun o‘lishni istamaydi. Quldorlik 150 yil avval bekor qilingan bo‘lsa-da, hamon poda tafakkuri, demokratiyadan xaloslik. Ikki yuz marta takrorlangan narsalarni yana qaytarmoqchi emasman. Buyuk ayol Alla Borisovna Pugachyova aytganidek, xalq qarol edi, qulga aylantirildi.
Mulozimlar urush haqida qanday fikrda, biznesmenlar nega jim?
Nabiullina — shubhasiz, yaxshi inson. Gref, Kudrin va Siluanov singari. Sobyanin bilan uchrashmaganman, ko‘rinishidan u ham OK. Ular hozir nima qilayotganini qabul qilish og‘ir. Putin hammasini changaliga olgan, qo‘yib yubormayapti. Ularga rahmim keladi. Menimcha, ular ham ichidan portlagudek yashashmoqda. Endi kech, qochib qayoqqa ham borishardi?
Yana, o‘ylashimcha, G‘arb ularning barisini sanksiya ostiga qamab o‘ta samarasiz ishga qo‘l urdi. Ularning barchasi Putinni ko‘rarga ko‘zi yo‘q, bunga 100 foiz aminman. Ularning barchasi urushni xohlashmaydi, lekin ularga tanlov qoldirilmadi-ku? Ularni jahonning jamiki sanksiyasi ostiga qamab, shu stulga yanada mahkamroq o‘rnashishga majbur qilishdi. Ayrim insonlarni sanksiya ostidan chiqarishni boshlash G‘arb tomonidan bosilgan dono va aqlli qadam bo‘lardi. Bu insonlarga nisbatan qandaydir chiqish eshigi ko‘rsatilishi kerak. Hozir esa, aksincha, ular sanksiyalar bilan badtar qamal qilinmoqda. Garchi u yerda 80 foiz odam Putinni sevmaydi, tabiiyki, urushni istamaydi. Lekin ularga boshqacha yo‘l qoldirilganmi?
Mendan boshqa tadbirkorlardan birortasi hech narsa demagani meni hayron qoldirdi. Bir necha kishi «Ha, urush bu yomon», dedi, undan ortig‘ini hech kim aytolmadi, hamma bir vaqtning o‘zida ikki stulda o‘tiraman deb ishtonini ho‘llab qo‘ydi. Ular naqadar qo‘rqoq ekanligidan shokdaman. Hammada o‘ziga yarasha sabab bor. Galitskiyning qanaqadir futbol klubi, o‘ziga ajratilgan tomorqasi bor, u yerda nimalardir qiladi. Men unga aytdim: «Sergey, futbol klubing-u, Krasnodardagi parkingni ketingga tiqib qo‘y. Biz ruslarmiz, bizning odamlarimiz yuzlab tinch aholini o‘ldirmoqda, bolalar bomba ostida qolib o‘lmoqda, sen nima, ahmoqmisan?» U esa bunga javoban: «Sen sanksiya ro‘yxatini ko‘rdingmi, u yerga seni va meni kiritishmabdi, bu juda zo‘r-ku?» deydi.
Mana, Galitskiylaring! Mening unga bo‘lgan hurmatim tugab bo‘ldi. Men avval doim o‘zim, Galitskiy va Voloj uchta ustunmiz deb o‘ylardim. Ikkoviyam burilib qochdi. Bir o‘zim qolib ketdim.
Urushning yaqin istiqbollari haqida
Yil oxirigacha chegaralarni to‘liq yopishsa kerak. Bu tobora aniq bo‘lib bormoqda. Ukrainada chegaralar yopilgan, bular qanday qilib urushsin? Ukraina hozir millionlik armiya bilan urushmoqda, Rossiya esa 200 ming askarni oldinga tashlagan. Xo‘p, hozir ular ko‘chadan yana 300 ming yig‘ib chiqdi, deylik. 500 ming bo‘ladi. Agar sening odamlaring mamlakatdan qochib ketayotgan bo‘lsa, chegaralarni yopib, urushga yarasha odam to‘plashing kerak. Ular chegarani yopmaslikdan boshqa iloji yo‘q. Harbiy holat ham e’lon qilib qolishsa kerak. Bunga ham oz-moz tushunsa bo‘ladi. Putinning stili — gaykalarni sekin-asta qotira boradi, hech narsani keskin qilmaydi. Xuddi 22 yil davomida bizni laqillatgandek. U juda ayyor KGBchi, hamma narsani shoshilmay, bosqichma-bosqich qilishga ko‘nikkan. Aftidan, u 100 yil yashashni mo‘ljallamoqda.
Rossiyalik ishbilarmonlar nima qilsin?
Rossiyada qolgan ishbilarmonlar — bu so‘zning o‘zi kulgili. Bular demak yo yomon ishbilarmonlar, yo ular Rossiyada bo‘lmasliklari kerak. Ular surishlari kerak. Rossiyada hech qanaqa ishbilarmonlik bo‘lmaydi. Harbiy safarbarlikka yo‘g‘rilgan iqtisodiyot bo‘ladi. Yangi sovet ittifoqi bo‘ladi. Shuning uchun u yerdan chiqib ketish, oilasini ham olib chiqish va qayerdadir biznes qilish kerak. Garchi men butun umr Rossiyaning o‘zida biznes qilish kerak, deb kelgan bo‘lsam-da. Hozir butunlay teskarisini aytaman.
Ishbilarmonlarga uch maslahat. Birinchidan, Rossiya o‘rnida dengizni tasavvur qiling. Bu mening tashbehim emas, Kaxa Bendukidzeniki. Rossiya yo‘q, faqat Shimoliy muz okeani bor. Ikkinchi maslahat — til o‘rganing va mental integratsiyalashing. Uchinchisi — o‘zingizga ishoning, hammasi yaxshi bo‘ladi. Chunki Rossiyada baribir ta’lim sifati yaxshiroq, bu sizga Yevropa va jahonda raqobat ustunligini beradi. Faqat, biz rus aytichilari — eng aqllimiz, deb aytmaslik kerak. Bu yolg‘on, ikkinchidan fashizm. Mana shunday gaplardan so‘ng urushlar boshlanadi.
Mavzuga oid
18:17 / 08.11.2024
AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
22:23 / 30.10.2024
AQSh Rossiya «do‘stlariga» qarshi sanksiyalar kiritdi
20:56 / 14.10.2024
Yevropa Ittifoqi Moldova bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi
21:29 / 21.09.2024