Iqtisodiyot | 09:24 / 03.11.2022
60437
8 daqiqa o‘qiladi

Masofaviy to‘lovlar tiklandi. Bu imkoniyat nega o‘chirib qo‘yilgandi?

1 noyabr kuni ertalab QR-to‘lov va boshqa qator xizmatlarini vaqtincha to‘xtatgan Click, Payme bir qancha to‘lov tizimlari shu kuni oqshomga yaqin Davlat soliq qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan keyin barcha xizmatlarini tikladi. Kun.uz gap nimadaligini tushuntirib berishni so‘rab, soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevga murojaat qildi.

1 noyabr kuni O‘zbekistondagi bir qator to‘lov tizimlari – Click, Payme kabilar QR-kod to‘lovlar va boshqa bir nechta xizmatlarini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi.

Soliq qo‘mitasining barcha cheklarni fiskallashtirish talabi va sanksiyalar tahdidi ortidan, to‘lov tizimlari texnik ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelyapti.

Oddiy tushuntirsak, xaridor do‘konlar va turli muassasalarda elektron to‘lov tizimlarining QR-to‘lov imkoniyatidan foydalanib to‘laganda xarid cheki onlayn shakllanishi kerak. Bir qator elektron to‘lov tizimlari ularda bunday imkoniyat hali yo‘qligini aytib, bir nechta funksiyani o‘chirib qo‘ydi.

Natijada onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Jamoatchilik faollari yangilikni keskin norozilik bilan qabul qildi. 1 noyabr kuni tushdan keyin Soliq qo‘mitasi to‘lov tizimlari va marketpleyslar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgach, elektron to‘lov tizimlarining QR-to‘lov tizimi qayta ishga tushdi.

Kun.uz mavzu yuzasidan savollar bilan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevga yuzlandi.

Murod Muhammadjonov / Kun.uz

Murod Muhammadjonovning ta’kidlashicha, hozirgi qo‘yilgan talablar amaliyot va texnik imkoniyatlarga to‘g‘ri kelmaydi.

“Birgina onlayn to‘lovlarni olaylik. Click, Payme, Apelsin kabi dasturlar haqiqatan ham inson uchun foydali qilib yaratilgan. Soliq qo‘mitasi aytyaptiki, har bir onlayn to‘lov qilinganda ham onlayn kassa apparatidan chek urilishi kerak. Shunga moslashtirilgan deyilyapti. Televideniyega oid xizmat ko‘rsatayotgan bir tadbirkorning aytishicha, 40 ming obunachisi bor. Ularning 99 foizi klikdan to‘lovni amalga oshiradi. Tadbirkor ularning to‘laganiga qarab, 40 mingta chek urib berishi kerakmi? Hozir chek urmagani uchun ularni jazolashmoqda. Agar texnik jarayonlarga qonun to‘g‘ri kelmayotgan bo‘lsa, demak, qonunni to‘g‘rilashimiz kerak”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn to‘lovni hech qanaqasiga yashirish imkoni yo‘q bo‘lgan bir paytda soliq organi tadbirkorning to‘lovini kassa apparatiga moslashtirishi emas, balki o‘zining tizimini ularga moslashi kerak.  

Jahongir Abdiyev esa Soliq qo‘mitasining xatti-harakatlarini iste’molchi har bir to‘laydigan to‘lovi uchun chekini olishini ko‘zlangani bilan izohlaydi. U hozirgi amaliyotdan maqsad chek va shu chekdan bir foiz miqdorida keshbekni qaytarib olishi kerakligi ekanini aytadi.

“Har bir to‘lov uchun naqd yoki kartada bo‘lishidan qat’i nazar iste’molchi uchun chek berilishi kerak. Shu orqali unga keshbek tarzida to‘lagan to‘lovining bir foiz miqdori qaytishi kerak. Qo‘yilgan talab shu.

Bugungi kun to‘lov tizimida tadbirkorlarning 78 mingdan 73 mingta sheriklari hali bu tizimga ulanmagani uchun xizmat ko‘rsatishning bu turi ular uchun birdaniga to‘xtalib qo‘yildi. Bu holatni Soliq qo‘mitasi hech qanaqasiga oqlamaydi. Jamiyat uchun bu yo‘lni tanlashning o‘zi noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu to‘lov tizimi yangi joriy qilinayotgani uchun odamlarga o‘rgatishimiz, keng targ‘ib qilishimiz uchun ham hali ancha vaqt kerak bo‘ladi. Endi ish boshlagan korxonalar to‘lov tizimidagi birgina o‘zgarish sababli futbolda bo‘lgani kabi ofsayd holatiga tushib qoldi”.

Jahongir Abdiyev / Kun.uz

Kun.uz muxbirining elektron to‘lov tizimi shunchaki vositachi bo‘lib, chek berishi kerak bo‘lgan tomon sotuvchi ekani, bu holatda nega to‘lov tizimlarining yelkasiga mas’uliyat ilinayotgani haqida savoliga Abdiyev quyidagicha javob berdi:

“To‘lov tizimi sotuvchi va xaridor o‘rtasida vositachi. Sizga tovar sotgan sotuvchini ko‘rmaysiz va o‘rtadagi vositachi orqali pul to‘laysiz. Demak, bu ham biznes, tadbirkorlik faoliyati. To‘lov tizimi xizmat ko‘rsatgani uchun ma’lum foiz xizmat haqini olib qoladi, sotuvchi esa sotgan tovaridan foyda ko‘radi. Vositachi orqali to‘lov qilinganda xarid uchun to‘lov tizimi qayta aloqani amalga oshiradi – siz sotuvchidan narsa sotib olasiz, to‘lovni Click, Payme orqali amalga oshirasiz. To‘lov tizimi sotuvchi xaridorga bergan xarid chekini onlayn aks ettirib bersin, xohlasin, chekini chiqarib bersin. Birinchi masala shundaki, xaridor qanday usulda xarid qilishidan qat’i nazar xarid chekini olsin. To‘lov tizimi orqali to‘lovni amalga oshirgan xaridorlar ushbu xarididan cheklarini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov tizimlari soliq bazasiga integratsiya qilinishi uchun ularga hech qanday yuk yo‘q.

“Nima qo‘shimcha yuk bo‘ladi deb katta-katta to‘lov tizimlaridan so‘radim. Hech qanaqa javob bera olishmadi. Bizda MXIK kodlari (mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari) 260 mingdan ziyod. Biz buni o‘zimizning Tasnif saytida avtomatik ravishda integratsiya qilganmiz, yangi MXIK kodi paydo bo‘lganda ularda avtomatik aks etadi. MXIK kodlarini kiritish ham shartmas, ularda avtomatik ko‘rinadi. Qiyinchilik tug‘diradigan hech narsa yo‘q, texnik imkoniyat yaratib berish kerak, bo‘ldi”.  

Bundan tashqari, rais o‘rinbosari jarima qo‘llash masalasida to‘lov tizimlari normativ hujjatlarni noto‘g‘ri talqin qilganini iddao qilmoqda. Uning aytishicha, jami 48 to‘lov tizimidan 26tasi integratsiyani to‘liq amalga oshirgan, bularning ichida yirik to‘lov tashkilotlari – Click, Payme, Apelsin ham bor.

“Ularga nisbatan integratsiya qilmagansan deb jarima qo‘llash xato bo‘ladi. Kechagi yig‘ilishda ularga shuni tushuntirdik. Biz xohlayotgan narsa iste’molchi sizlar tomonidan to‘lov amalga oshirilganda xarid chekini olishi degan narsani tushuntirganimizda, anglashilmovchilik bo‘lganini aytishdi. Shuning uchun to‘lov tizimlari QR-to‘lov va joyda to‘lov funksiyalarini qayta ishga tushirishdi.

Kun.uz Jahongir Abdiyevga Payme e’lonida integratsiya borasida texnik ishlarni amalga oshirayotganini ma’lum qilgani borasida savol berganida, u buning sababini tushunmasligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida DSQ raisi Sherzod Qudbiyev bilan uchrashuvda “Girgitton Rasta” agregatori rahbari Xurshid Maroziqovning aynan marketpleyslar borasidagi Soliq qo‘mitasining yangi siyosati bu biznesga ortiqcha yuklama ekanligini aytgandi. Tadbirkor integratsiya masalasi har bir hamkor bilan kelishib chiqishga va ularni ko‘ndirishga bog‘liqligi, bu endi rivojlanayotgan elektron tijoratni bo‘g‘ish ekanligini ta’kidlagandi.

Biroq Qudbiyev uning e’tirozlarini keskin rad etib, “qanaqa savdo bo‘lishidan qat’i nazar chek talab qilinadi” deya javob bergandi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Operator va montaj ustasi — Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid