Jahon | 17:52 / 03.11.2022
10989
5 daqiqa o‘qiladi

Patrushev Londonni «Shimoliy oqim»lardagi portlashlarda aybladi

Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbarining ta’kidlashicha, «Shimoliy oqim»lardagi portlashlardan so‘ng Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga «Hammasi bajarildi» degan SMS yuborgan.

Foto: RIA Novosti

Buyuk Britaniyaning «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlari portlashlariga aloqadorligi haqida 3 noyabr, payshanba kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ma’lum qildi

Dalil sifatida u gaz quvuridagi portlashlardan ko‘p o‘tmay Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Liz Trass tomonidan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga yuborilgan «Hammasi bajarildi» matnli xabarini keltirdi. Bu haqda u Moskvada MDH davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishida bayonot berdi. 

Rossiyaning RIA «Novosti» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Britaniya bosh vazirining telefoni hakerlar tomonidan buzib kirilganidan so‘ng ma’lum bo‘lgan Entoni Blinkenga «esemes» haqida Twitter’da Kim Dotcom nomli foydalanuvchi xabar bergan. Agentlik uni Yangi Zelandiyada yashovchi nemis-fin ishbilarmoni deb ataydi va u reket, pul yuvish va firibgarlikda ayblanayotganini, AQSh rasmiylari uning ekstraditsiyasini talab qilayotganini qayd etadi. 

Kim Dotcom’ning so‘zlariga ko‘ra, gap iyul oyida, ya’ni «Shimoliy oqim» portlashlaridan oldin buzib kirilgan Trassning boshqa telefoni haqida ketyapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Buyuk Britaniyani 29 oktyabr kuni Sevastopolda Rossiya Qora dengiz floti kemalariga uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlar hujumiga aloqadorlikda ayblagan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu hujumni terrorchilik harakati deb atadi va u Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining 73-maxsus dengiz operatsiyalari markazi askarlari tomonidan uyushtirilgani va operatsiya go‘yoki «ingliz mutaxassislari» rahbarligida Nikolayev viloyati, Ochakiv shahrida tayyorlanganini ma’lum qildi. 

London bu bayonotni «epik nisbatlardagi yolg‘on» deb atadi. 

26 sentabr kuni «Shimoliy oqim»ning ikkala tarmog‘i va «Shimoliy oqim 2»ning bir tarmog‘i shikastlangan. 

Oktabr oyi o‘rtalarida Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson uning mamlakati Rossiya va boshqa davlatlarga qirollikning maxsus iqtisodiy zonasida gaz quvurlariga yetkazilgan zarar sabablarini tekshirish natijalarini bermasligini aytdi va buni xavfsizlik sektori uchun ushbu ma’lumotlarning yuqori darajadagi ahamiyati bilan izohladi.

Germaniyada federal prokuratura «energetika ta’minoti infratuzilmasini jiddiy zo‘ravonlik bilan sabotaj qilish» gumoni yuzasidan «Shimoliy oqim»ga yetkazilgan zararni tekshirmoqda. Oktabr oyi boshida Germaniya harbiy-dengiz kuchlarining ikkita kemasi quvurlarga yetkazilgan zararni hujjatlashtirishi kerak bo‘lgan g‘avvoslar bilan Daniyaning Bornholm oroliga yo‘l oldi.

Oktabr oyi o‘rtalarida Germaniya tomoni voqealarni tergov qilish jarayoni haqida ma’lumotni Bundestagning So‘l partiyadan deputati Sara Vagenknext so‘rab, Iqtisodiyot vazirligi va Germaniya tashqi ishlar vazirligiga uchta yozma so‘rov yubordi. Vagenknext Germaniya hukumati hodisa haqida qanday ma’lumotlarga ega ekanligini va gaz quvurlariga yetkazilgan zarar uchun kim javobgar ekanligini aniqlash maqsadida «o‘zi, Yevropa Ittifoqi, boshqa hukumatlar yoki NATO bilan birgalikda» qanday choralar ko‘rilishini so‘ragan. 

Vagenknext so‘roviga javoban Germaniya Iqtisodiyot vazirligi shunday dedi: «Hozircha voqea joyida tekshiruv o‘tkazishning iloji yo‘q, shuning uchun hukumat hujumning ehtimoliy sabablari haqida ishonchli ma’lumotlarga ega emas». Uning javobini Berliner Zeitung nashri keltirgan. 

Bundan tashqari, hukumat Vagenknextga tushuntirishicha, «ehtiyotkorlik bilan o‘rganib chiqqach», axborotni, hatto qisqartirilgan shaklda ham taqdim etish «davlat manfaati sababli mumkin emas» degan xulosaga kelgan. 

Vagenknextning «Shimoliy oqim» orqali ko‘k yonilg‘i yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin gaz quvurlariga zarar yetkazilgan hududda NATO va Rossiyaning qanday kemalari va kuchlari borligi haqidagi savoli ham javobsiz qoldi. 

Shu bilan birga, Nord Stream AG kompaniyasi 2 noyabr kuni Shvetsiyaning maxsus iqtisodiy zonasidagi «Shimoliy oqim» gaz quvurining birinchi tarmog‘iga zarar yetkazilgan joyda dastlabki ma’lumotlarni yig‘ish yakunlanganini e’lon qildi.

Gaz quvuri operatorining ma’lumotiga ko‘ra, dengiz tubida bir-biridan taxminan 248 metr masofada chuqurligi 3 metrdan 5 metrgacha bo‘lgan texnogen kraterlar topilgan. Quvurning kraterlar orasidagi qismi butunlay vayron qilingan, quvur qismlarining tarqalish radiusi kamida 250 metrni tashkil qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid