O‘zbekiston | 17:21 / 05.11.2022
10535
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi

Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining shu yil 3 noyabrdagi qaroriga asosan Toshkent viloyatidagi 964 ta obektning qurilishi va ta’mirlanishi uchun 1 trln 57 mlrd 1 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, bu pullar maktab va bog‘chalarning ta’mirlanishi uchun ham yo‘naltiriladi.

Qayd etilishicha, quyidagi yo‘nalishlar va shuncha obekt soni uchun ma’lum qiymatdagi summa ajratiladi:

• Ichki yo‘llar bo‘yicha jami 329 ta obektdagi qurish va ta’mirlash ishlari uchun 397 mlrd 400 mln so‘m;

• ichimlik va oqova suv ta’minoti bo‘yicha 389 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlari uchun 532 mlrd 500 mln so‘m;

• elektr-energiya ta’minoti bo‘yicha 88 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlari uchun 25,1 milliard so‘m;

• gaz ta’minoti bo‘yicha 2 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlari uchun 300 million so‘m;

• umumta’lim maktablari bo‘yicha 5 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlariga 2,4 milliard so‘m;

• maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘yicha 9 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlariga 7,2 milliard so‘m;

• jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha 12 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlariga 4,1 milliard so‘m;

• MFY idoralari bo‘yicha 59 ta obektda qurish va ta’mirlash ishlariga 29,6 milliard so‘m.

Shuningdek, xabarga ko‘ra, boshqa toifadagi muammolar bo‘yicha 71 ta aniqlangan obektlarning qurilishi va ta’mirlanishi uchun 58 mlrd 600 mln so‘m sarflanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil oktyabr oyining boshida Toshkent viloyatining bir nechta shahar hamda tumanlarini, qolaversa, Tojikistonni Toshkent shahri bilan bog‘lovchi “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘li yopib qo‘yilgani haqida xabar e’lon qilingandi. Yo‘lning O‘rta Chirchiq tumanidan o‘tuvchi qismidagi (temiryo‘l ustidan o‘tgan) ko‘prik avariya holatida ekani  va  ta’mirlashga yopilgani sababli aholi anchadan beri qiynalib kelmoqda.

Shu bilan birga, viloyatning Zangiota tumani Nazarbek shaharchasidagi ko‘prik qurilishi ham cho‘zilib kelayotgani bir muddat avval tanqid qilingandi. Kun.uz’da e’lon qilingan maqoladan so‘ng, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev joyga borib, holatni o‘rgangandi, shu bilan qurilish ham jonlandi.

Bundan tashqari, 15 oktyabr sanasida Zangiotada yangi qurilgan bog‘chaning devorlari bir yilda qulab tushgani ham ma’lum qilingandi. Keyinroq Qurilish vazirligi bog‘cha sifatsiz qurilgani va u yerda bolalarning qolishi xavfsizlik nuqtayi nazaridan noto‘g‘ri ekanini aytgandi. Ammo holat yuzasidan quruvchiga qanday jazo chorasi qo‘llangani bo‘yicha ma’lumot yo‘q, huquq-tartibot organlarining bu boradagi izohini ko‘rmadik.

Toshkent viloyatida birgina bog‘cha emas, maktablarning ahvoli ham yaxshi emasligi yana bir maqolada e’lon qilingandi. Nazarbek shaharchasining Nayman mahallasida 7-sonli maktab hamda uning filialida ancha yillar bo‘libdiki, hanuz sport zali va mehnat xonasi yo‘q. O‘quvchilar bundan qiynalib kelmoqda. Holat yuzasidan mas’ullar keyingi yilgi dasturga ko‘ra, maktabni sport zali bilan ta’minlash rejasi borligini aytishgandi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil iyul oyida Bosh prokuratura “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi bo‘yicha 61ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, mazkur jinoyat ishlari qurilish sohasida qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan sodir etilgan.

Keyinroq Bosh prokuratura bu ikki dastur ijrosida kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun viloyat va tuman-shaharlar hokimlarining 107 nafar o‘rinbosari va boshqa mas’ullar turli darajadagi intizomiy javobgarlikka tortilgani haqida ham xabar bergan edi.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid