Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikada saylovlar. Uning natijasiga ko‘ra Ukrainaga yordam keskin qisqarishi mumkinmi?
8 noyabr kuni AQSh Kongressiga oraliq saylov bo‘lib o‘tadi, unda respublikachilar qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan nazoratni hukmron Demokratik partiyadan tortib olmoqchi.
Saylov kampaniyasi davomida keng muhokama qilingan mavzulardan biri Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam masalasi bo‘ldi. Shu bilan birga, Ukrainani qanday hajmda va qachongacha qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqidagi bahslar nafaqat demokratlar va respublikachilar, balki har ikki siyosiy partiya ichida ham avj oldi. Agar respublikachilar Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritsa yoki Rossiya harbiy tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha partiyalararo konsensusga erishilsa, yordamning qisqarishini kutishimiz kerakmi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda siyosatshunos va One Big Union telegram kanali muallifi Yan Veselov.
2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukraina hukumatiga 65 milliard dollardan ko‘proq bevosita moliyaviy yordam, qurol-yarog‘, texnika hamda turli harbiy va fuqarolik jihozlarini taqdim etdi. Bu yordam Ukrainaning mudofaa qobiliyatini saqlab qolishda muhim rol o‘ynadi va uning ba’zi elementlari (HIMARS raketa tizimlari va Javelin tankka qarshi tizimlardan tortib, Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimigacha) tashabbus Ukraina qurolli kuchlariga o‘tishi va qarshi hujumni amalga oshirishga yordam berdi.
Biroq, shunga qaramay, qurolli to‘qnashuv davom etar ekan, siyosiy doiralarda va AQSh ommaviy axborot vositalarida ikkita asosiy masalada bahslar boshlanib ketdi.
- Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hajmi va muddati qanday bo‘lishi kerak?
- Bu qo‘llab-quvvatlashdan maqsad nima – Ukrainaning to‘liq mag‘lubiyatga uchrashining oldini olishmi yoki uning mojaroda g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shishmi?
Prezident Jo Bayden 2022 yil yozida AQSh ma’muriyati Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida qo‘llab-quvvatlashi»ni aytdi. Oq uy har oyda Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam uchun yuzlab million dollar ajratilishini e’lon qilmoqda. Sentyabr oyida Kongress qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yana bir yirik yordam paketini qabul qildi. Hozir kongressmenlar yangi va undan ham kattaroq yordam paketini tayyorlayotgani haqida mish-mishlar bor, bu safar qariyb 50 milliard dollarlik. Bunga Vakillar palatasidagi respublikachilar fraksiyasi rahbari Kevin Makkartining yaqinda qilgan bayonoti sabab bo‘ldi. Agar respublikachilar 8 noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq Kongress saylovida g‘alaba qozonsa, u palata spikeri sifatida Ukrainaga yordamni cheklashini aytdi:
«Menimcha, odamlar tanazzulga yuz tutmoqda va ular Ukrainaga kart-blansh bermoqchi emas. <…> [Bayden ma’muriyati] mamlakat ichida qilmaydigan ishlar bor. <...> Ukraina muhim, lekin shu bilan birga, bu biz qiladigan yagona ish bo‘lmasligi lozim va bunga kart-blansh berilmasligi kerak».
Demokratlar 2023 yil yanvarigacha, ya’ni 118-Kongress o‘z mandatini boshlagunga qadar yangi yordam paketini qabul qilmoqchi. Bu bilan ular agar Makkarti boshchiligidagi respublikachilar Baydenning mablag‘ ajratish haqidagi so‘rovlarini bloklashga qaror qilgan taqdirda, Ukrainaga berilayotgan madadni saqlab qolishga umid qilmoqda.
Konservatorlar va neokonservatorlar
Makkartining so‘zlari Qo‘shma Shtatlarda ham, Ukrainada ham katta hayrat bilan kutib olindi. Ammo uning fraksiyasida harbiy xarajatlar bo‘yicha «murosakor» pozitsiyadan norozilik asta-sekin kuchayib borayotgani hisobga olinsa, bu so‘zlarni tushunish mumkin. 2022 yil may oyida Kongress Ukrainaga 40 milliard dollarlik yordam paketini qabul qilganda, 57 nafar kongressmen va 11 senator unga qarshi ovoz bergandi, ularning barchasi respublikachilar edi. Oktyabr oyida esa respublikachilarning katta guruhi Amerikada xatlangan Rossiya aktivlari Ukrainaga berilishi tashabbusiga qarshi chiqdi.
Saylov kampaniyasi paytida bir necha konservativ nomzodlar Ukrainaga yordam berilishini tanqid ostiga olishdi. Xususan, Ohayo shtatidan Senatga nomzod Jyey Di Vens shunday dedi:
«AQSh oxir-oqibat Ukrainaga pul oqimini to‘xtatishi kerak. <…> Biz uzoq muddatli harbiy mojaroni moliyalashtira olmaymiz, menimcha, bu mojaro mamlakatimizga tobora kamroq ta’sir qilib boraveradi».
Uning hamkasbi, Arizonadan Senatga nomzod bo‘lgan Bleyk Masters ushbu mablag‘larni Meksika bilan chegarada devor qurilishini moliyalashtirishga sarflashni taklif qildi:
«Jo Bayden davrida Amerika har doim oxirgi o‘rinda turadi. <...> Bu urushni to‘xtatish bo‘yicha sulh yo‘qligini anglatadi. Bu xorijdagi urushni biz moliyalashtiryapmiz. Yana minglab odamlar halok bo‘ladi. Yechim yo‘q, oxiri ko‘rinmaydi. Albatta, xavf shundaki, bu mojaro yadroviy davlatlar o‘rtasidagi to‘laqonli urushga aylanib ketishi mumkin».
Respublikachilarga yaqin bo‘lgan Concerned Veterans for America va Stand Together kabi tashkilotlar ham shunday argumentlarni takrorlamoqda.
Fox News konservativ kanalida o‘z dasturiga ega bo‘lgan mashhur boshlovchi Taker Karlson ham Ukrainaga qarshi fikrlarini ilgari suryapti. Ba’zan, uning ko‘rsatuvlaridagi parchalar Rossiya davlat telekanallarida ko‘rish mumkin bo‘lgan narsalardan farq qilmaydi. Xususan, Karlsonning ta’kidlashicha, hozirgi Amerika rasmiylari Rossiyaning kuchli va mustaqil bo‘lishini istamaydi, Ukraina esa ularning qo‘lidagi qo‘g‘irchoq. Demokratlar qo‘lidagi Amerika hozirda Rossiya bilan bevosita urush holatida (uning fikricha, Rossiya g‘alaba qozonyapti) va Putin uchun «Shimoliy oqim» quvurlarini buzish foydasiz, shuning uchun, buning orqasida katta ehtimol bilan Bayden turibdi. Matbuot anjumanida Karlson «Putinning Ukrainada nima qilayotganiga tupurib qo‘ygani»ni ochiqchasiga aytdi.
Harbiy yordamni tanqid qilish respublikachilar uchun an’anaviy bo‘lgan fiskal konservatizm, ya’ni budjet xarajatlarini qisqartirish talabi («soliq to‘lovchilarning pulini mamlakat ichkarisida sarflang, tashqarisida emas») bilan birga yangramoqda.
Shu bilan birga, Ikkinchi jahon urushi davridagi «Amerika birinchi navbatda» (America First) izolyatsiya harakatining o‘ziga xos remeyki ilgari surilmoqda, sobiq prezident Donald Tramp davrida bu g‘oyalar qaytadan tirilgan edi. O‘z navbatida, u Kremlning jangovar harakatlarni davom ettirish o‘rniga iloji boricha tezroq muzokaralar o‘tkazish zarurligi haqidagi argumentlarini takrorlaydi (hatto Ukrainadan hududlarini boy berish evaziga bo‘lsa-da). Shuningdek, Ukrainaning amaldagi hukumati korrupsiyalashgani va Rossiyaning geosiyosiy manfaatlarini hisobga olish zarurligi haqida gapiradi.
Qisman, bunday bayonotlarni demokratlar bilan hamkorlik qilishni xohlamaslik va Bayden ma’muriyatiga to‘sqinlik qilish istagi bilan izohlash mumkin. Boshqa tomondan, respublikachilar o‘z elektoratining istak-xohishlariga ergashmoqda: agar 2022 yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rovlar respublikachilarning atigi 9 foizi Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga haddan tashqari ko‘p yordam berayotganiga ishonishini ko‘rsatgan bo‘lsa, sentabrda ularning ulushi 32 foizga ko‘tarilgan. Mos ravishda, yordam yetarli emas deb hisoblovchi respublikachilar soni kamaygan – 49 foizdan 16 foizga.
Shu bilan birga, 2022 yil oktyabrida o‘tkazilgan so‘rovlardan biriga ko‘ra, amerikaliklarning 73 foizi Qo‘shma Shtatlar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, deb hisoblaydi (demokratlarning 81 foizi va respublikachilarning 66 foizi).
Shunga qaramay, Respublikachilar partiyasi safida hali ham an’anaviy ravishda «lochinlar» yoki «neokonservatorlar» deb ataladigan nufuzli siyosatchilar guruhi bor. Ular Jorj Bush ma’muriyati ruhidagi faol va hatto agressiv tashqi siyosat tarafdorlari.
Xususan, Makkartining hamkasbi va Senatdagi respublikachilar fraksiyasi rahbari Mitch Makkonnellning aytishicha, Bayden ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish hajmini oshirishi kerak, respublikachilar esa Senat yuqori palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritib, uning o‘z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib boradi va NATO ittifoqchilaridan qo‘shimcha ta’minotlarni talab qiladi.
2022 yil may oyida Makkonnell Kiyevga borgan respublikachi senatorlar delegatsiyasiga boshchilik qilgan va prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashib, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Ukrainaga berilayotgan yordamni boshqa respublikachilar ham qo‘llab-quvvatlamoqda, agar ular saylovda g‘alaba qozonsa, xalqaro ishlar, qurolli kuchlar va budjet xarajatlari bo‘yicha nufuzli maxsus qo‘mitalarni boshqaradi.
«Kabutarlar» sodiqlarga qarshi
Demokratlar orasida ham barcha yakdil emas. So‘nggi yillarda partiya ichida mamlakatning Iroq, Afg‘oniston va boshqa davlatlardagi mojarolarda ishtirok etishiga qarshi bo‘lgan, yanada vazmin tashqi siyosat tarafdorlarining chap qanot fraksiyasi kuchayib bordi. Biroq, Respublikachilar partiyasining izolyatsion qanotidan farqli o‘laroq, ilg‘or demokratlar Qo‘shma Shtatlarning dunyodagi ta’sirini saqlab qolish tarafdori, ammo harbiy kuch o‘rniga diplomatik vositalarni iloji boricha tez-tez ishlatib, «yumshoq kuch» orqali xalqaro aloqalarni mustahkamlashni yoqlamoqda.
Shunga qaramay, Kongressdagi demokratlar fraksiyasi Oq uyning Ukrainaga yordam ajratish haqidagi barcha qonun loyihalarini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Ammo 25 oktyabr kuni 30 nafar so‘l demokrat-kongressmen ochiq xat bilan Baydenga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirganida, bu yakdillik buzildi. Garchi ular matnda harbiy yordamni to‘xtatish haqida gapirmasalar ham, diplomatik vositalarga o‘tishga va sulh tuzish uchun Rossiya bilan bevosita muzokaralarni olib borishga chaqirishdi.
Bunday murojaatning sabablari sifatida Rossiya bilan muloqot qilishni istamaslik tufayli yadro urushi xavfi oshishi, shuningdek, urushning dunyoning qolgan qismiga ta’sir qilayotgani, global miqyosda energiya, o‘g‘itlar va oziq-ovqat narxi oshib borayotganini ko‘rsatishgan.
Bu maktub e’lon qilinishi matbuotda ham, Demokratik partiya a’zolari orasida ham, shuningdek, uni imzolaganlarning bir qismi tomonidan ham tanqid qilindi.
Natijada, demokratlarning ilg‘or qanotiga rahbarlik qiluvchi Kongress a’zosi Pramila Jayapal alohida bayonot berishga majbur bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktub bir necha oy oldin yozilgan va o‘zi tomonidan ma’qullanmasdan oldin chop etilgan. U respublikachilar bu maktubdan harbiy yordamga qarshi argument sifatida foydalangani juda afsuslanarli ekanini ta’kidladi.
Yangi kongressdan nimani kutish mumkin?
Izolyatsiya tarafdorlari bo‘lgan bir qator konservativ kongressmenlarning ochiq qarshiligi va ba’zi so‘l demokratlarning noroziligiga qaramay, hatto respublikachilar ta’siri ostida bo‘lsa ham, yangi Kongress Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ehtimoli yuqori.
Buni turli tahlil markazlari ekspertlari ham, 2023 yil qishida Kongressning ikkala palatasi qurolli kuchlar va xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitalariga rahbarlik qilishi mumkin bo‘lgan Respublikachilar partiyasi senatorlari va kongressmenlari ham aytmoqda.
Bundan tashqari, vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchisi Makkartining o‘zi ham faqat cheksiz xarajatlarga (jumladan, pul sarflanishi ustidan nazorat yo‘qligiga) qarshi ekanini aytdi. Shu bois, asosiy masala yordam to‘xtatilishi haqida emas, balki Oq uy va Pentagon so‘ragan miqdorga nisbatan qanchalik kamayishi, shuningdek, respublikachilar Baydenga qanday shartlar qo‘yishi haqida bo‘ladi. Hozir asosan Meksika bilan janubiy chegarani himoya qilish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish talablari yangramoqda.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025