Kiyevdan aholini ko‘chirish haqida o‘ylashmoqda, frontda janglar davom etmoqda. Urush suratlari
Urushning 256-kunidagi asosiy ma’lumotlar:
Rossiyalik harbiy muxbirlar RF armiyasi Donetsk oblastining Pavlovka qishlog‘i atrofida katta yo‘qotishlarga uchragani haqida xabar qilishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqni egallash uchun hujumga o‘tgan rossiyalik harbiylar «olovli qop»ga tushib qolishgan, natijada yuzlab kishi halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan.
Kiyevda rossiyaliklar zarbalari tufayli elektr ta’minotida uzilishlar davom etmoqda — mahalliy meriya ma’lumotiga ko‘ra, yuz minglab uylar toksiz qolgan. Shahar meri Vitaliy Klichko RF armiyasi Ukraina poytaxtiga navbatdagi hujumlarni amalga oshirgan taqdirda elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik bir vaqtning o‘zida o‘chishi mumkinligini aytdi. Ukraina prezidenti ofisi rahbariyati vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqda, ammo tok butunlay o‘chadigan taqdirda shahar hokimiyati uch million kishini mamlakat g‘arbiga evakuatsiya qilishi mumkin.
Xerson va taxminan yana 10 ta aholi yashash manzillari butunlay elektr ta’minotidan uzilib qoldi. Oblastning saylangan kengashi xabariga ko‘ra, bu rossiyalik harbiylar elektr uzatish liniyasini o‘qqa tutishi oqibatida ro‘y bergan. Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat esa bunga go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari «terakt» uyushtirganini sabab qilib keltirgan.
Rossiyalik harbiylar Sumi oblastini o‘qqa tutdi (snaryadlar binolarga va turar joy hovlilariga ham kelib tushgan) — temiryo‘l infratuzilmasi shikastlangan, poyezdlar harakati jadvaliga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilgan.
Ukrainadagi urushda protoiyerey Mixail Vasilev halok bo‘ldi, u Rossiya strategik raketa qo‘shinlari sobori bosh ruhoniysi edi.
Quyida 6 noyabr kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar.