O‘zbekiston | 14:59 / 07.11.2022
16107
4 daqiqa o‘qiladi

Rafiqasini o‘lasi qilib kaltaklagan erkak qamoqdan chiqarilib, uy qamog‘iga olingani ma’lum qilindi

Ehtiyot chorasi gumonlanuvchining qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari, qari ota-onasi borligini va oilada yagona boquvchi ekani sabab o‘zgartirilgani aytilmoqda.

“Jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Dilmurod D.ning advokati tomonidan iltimosnoma kiritilib, unda Dilmurod D.ning qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi, qari ota-onasi borligi va oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olib, qamoqqa olish ehtiyot chorasini yengilroq ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni so‘ragan. Dilmurod D.ga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Tomonlarning bildirgan barcha vajlari to‘liq tekshirilib, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi Toshkent shahar IIBB tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, 19 oktabr kuni Toshkentda o‘zidan 16 yosh kichik rafiqasini kaltaklagan erkak qamoqqa olingandi. Kaltaklangan ayolning onasi Facebook’da qizi 7 yil davomida eri tomonidan muntazam ravishda kaltaklab kelingani, so‘nggi 2,5 oy ichida kuyovi qizini to‘rt marta kaltaklab qovurg‘alarini sindirgani haqida yozgan.

“Yetti yil davomida xo‘rlik va zo‘ravonliklarga sabr qilishga majburlaganim uchun qizimning oldida aybdorman. Men faqat uning farzandlari, mening ajoyib nabiralarim haqida qayg‘urgandim. Farzandli bo‘lishsa, kuyovimning shafqatsiz xarakteri o‘zgaradi degandim.

Ikkinchi va uchinchi nabiralarim deyarli ketma-ket dunyoga keldi. Doimiy stress tufayli qizim uchinchi bor bo‘yida bo‘lganini ancha kech bilib qoldi. Mana shunday yashab keldi. So‘nggi marta kuyovimga qizimni kaltaklashning o‘zi kamlik qildi. U kaltaklashlariga qo‘shib kamar bilan bo‘g‘ishni ham boshlagandi.

Ekspert aytdiki, yana 20 sekund bo‘g‘ib turganida qizim o‘lib qolishi mumkin edi. Yaxshiyamki u qizimni kamar yordamida ikkinchi qavatdan tashlab yubormoqchi bo‘lganida u uzilib ketgani. Bunisi hammasidan oshib tushdi. Bu voqealarning barchasi bolalarning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Shunda tushundimki, bolalarining haqqi-hurmati uchun ham qizimni qutqarishim kerak.

Oxirgi ikki yarim oy davomida qizim 4 marta kaltaklangan, qovurg‘alari singan. Oxirgi mushtumzo‘rligidan avvalgisida esa qizimning burni, tishlari singan, miyasi chayqalgan holda butun tunni yerto‘lada – kafel bilan qoplangan sovuq basseynda o‘tkazgan. Bunday zo‘ravonliklardan so‘ng ovoza bo‘lishidan qo‘rqib, kuyovimning o‘zi qizimni shifoxonaga olib borgan va “o‘zim yiqilib tushdim”, deb aytishga majbur qilgan”, deb yozadi ayol.

Ona qizining kaltaklanganlari asoratlari aks etgan suratni ham havola qilgan bo‘lib, uning aytishicha, ekspert ushbu suratlarga qarab uning og‘irligi darajasini aniqlash tugul uni tan jarohati deb tasniflay olmasligi haqida qaror chiqargan.

Bundan tashqari, qizi va o‘zida himoya orderi borligiga qaramay, kuyovi uning talablarini buzayotgani haqida bir necha marotaba murojaat qilsa ham Yakkasaroy tuman IIB xodimlari tomonidan hech qanday chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati 1992 yilda tug‘ilgan ayol Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, 1976 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i unga tan jarohati yetkazgani, shu bois unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragani haqida xabar bergandi.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid