O‘zbekiston | 07:44 / 08.11.2022
3063
2 daqiqa o‘qiladi

Koreya O‘zbekistonda yuqori unumli ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etadi

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev rahbarligidagi delegatsiya 2-4 noyabr kunlari Koreyaning Inchxon, Tejon va Xvason shaharlarida davlat idoralari, ishbilarmon doiralar vakillari, salohiyatli investorlar bilan iqtisodiyot, yong‘in xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi masalalar keng doirasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Amaliy safar so‘nggi kunida viloyat delegatsiyasi Xvason shahrida bo‘ldi. Markaziy va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Xvason kichik ishlab chiqaruvchilar majmuasi markazi faoliyatiga doir taqdimot va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Markaz asosiy vazifasi yangi korxonalar tashkil etish va ularni rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat.

Xvason shahri Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida palata raisi Pak Song Kvon joriy yil 6 iyul kuni Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes forumi o‘tkazish tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. Sirdaryo viloyati kun sayin har tomonlama izchil rivojlanayotganini alohida e’tirof qildi. G‘ofur Mirzayev viloyat iqtisodiy rivojlanish holati, undagi mavjud imkoniyatlar, ulardan foydalanish darajasi, o‘zgarishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida to‘xtaldi.

Uchrashuv yakunida Sirdaryoda yuqori unumli ishlab chiqarish texnologiyalarni joriy etish, hududda talab yuqori bo‘lgan elektr uskunalari, kir yuvish kukunlari, yumshoq mebellar, tibbiy jihoz va farmatsevtika, yarim tayyor oziq-ovqat, bir martalik plastik va polipropilen mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid