Jahon | 23:49 / 08.11.2022
109249
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar ming yildan keyin yashovchi odam qanday ko‘rinishda bo‘lishini taxmin qilishdi 

Gadjetlar va kompyuterlar inson vujudiga dahshatli o‘zgarishlarni olib kelishi mumkin.

Toll Free Forwarding kompaniyasi olimlari 3000 yildagi odam bizning zamondoshlarimizdan tubdan farq qilishi mumkinligini taxmin etmoqda, deb yozdi Daily Mail. 

Foto: Toll Free Forwarding 

Tadqiqotchilar zamonaviy texnologiyalarning inson anatomiyasi va fiziologiyasiga ta’siri sohasidagi tadqiqotlar va mutaxassislarning fikr-mulohazalari asosida kelajakdagi odamning taxminiy modelini yaratdilar. Hosil bo‘lgan 3D modelga ular Mindi deb nom berishdi. 

Tadqiqotchilar taxminiga ko‘ra, gadjetlarga nisbatan tobora ortib borayotgan qaramlik tufayli kelajakdagi inson tanasi ba’zi o‘zgarishlarga duch keladi, masalan, gadjetni doimiy ravishda ushlab turish zarurati tufayli bel bukilib qoladi, bo‘yin qalinroq bo‘ladi va qo‘l barmoqlari buraladi. 

Ko‘zni ekranlarning yorqin nuridan himoya qilish uchun hozirda faqat ba’zi hayvonlarda bo‘ladigan uchinchi qovoq paydo bo‘ladi. 

Boshni doimiy ravishda kompyuter yoki planshet ekranlariga egib turish zarurati tufayli bo‘yin mushaklari kattalashadi. Bosh chanog‘i suyaklarining qalinligi ham oshishi, miyaning o‘zi esa hajmini kichraytirishi mumkin. 

Mindi 2019 yilda yaxshi ish sharoitlari muhimligini isbotlash uchun yaratilgan Emmaning vorisi hisoblanadi. 

Emma tadqiqotchilar tomonidan 3 mingdan ortiq xodimlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqidagi suhbatdan so‘ng yaratilgan edi. 

U har kuni stolda soatlab egilgan holatda o‘tiradi, kompyuter ekraniga uzoq vaqt tikilishdan ko‘zlari qizarib ketgan bo‘ladi. Ko‘p yillar davomida sun’iy yorug‘lik ostida ishlagani sababli, terisi sarg‘ish bo‘ladi. 

Mavzuga oid