Jahon | 10:42 / 09.11.2022
20827
6 daqiqa o‘qiladi

Baydenning maslahatchisi Rossiya bilan yashirin muzokaralar olib borilganini tasdiqladi. Bu nega kerak?

AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Vashington va Moskva o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi. Tomonlar ilgari bu haqda oshkor qilmaslikni afzal ko‘rgan.

Jyeyk Sallivan – Jo Baydenning eng yuqori martabali maslahatchisi. Amerika doiralarida u Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish tarafdori sifatida ma’lum. Foto: Bloomberg

The Wall Street Journal nashri Moskva va Vashington o‘rtasida maxfiy aloqalar mavjudligi haqida birinchi bo‘lib xabar berdi. Nashrning yozishicha, so‘nggi bir necha oy ichida Sallivan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi Yuriy Ushakov bilan maxfiy suhbatlar o‘tkazgan.

Nashrning ma’lum qilishicha, muzokaralardan maqsad urushni tugatish shartlarini muhokama qilish emas, balki Ukrainada yadroviy to‘qnashuvning oldini olish bo‘lgan.

Avvaliga Oq uy bu xabarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh berishdan bosh tortdi, ammo inkor ham qilmadi.

AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Adriyen Uotson dalilsiz bo‘lgan har bir bayonotga javob berish imkonsizligini ta’kidladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa G‘arb matbuotini «ko‘plab yolg‘on xabarlarni chop etish»da aybladi.

Biroq 7 noyabr kuni Nyu-Yorkdagi chiqishida Jyeyk Sallivan Vashington va Rossiya rahbariyati o‘rtasidagi aloqa kanallari ochiqligicha qolayotganini tan oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh manfaatlariga mos keladi. Shu bilan birga, u Vashington kim bilan ish olib borayotganidan xabardor ekanini ta’kidladi.

Dushanba kuni Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ham Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan muzokaralar olib borish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.

Oq uy va Kreml o‘rtasida qandaydir parda ortidagi aloqalar mavjudligiga ishoralar biroz oldin paydo bo‘lgan edi.

Masalan, oktyabr oyida NBC telekanaliga bergan intervyusida Jyeyk Sallivan Vashingtonning yuqori martabali mulozimlari Rossiya rasmiylari bilan suhbatlarda, ularga agar Moskva yadro qurolidan foydalansa, AQSh tomonidan ko‘riluvchi «ehtimoliy javob chorasi ko‘lamini tushuntirgani»ni aytgandi.

Vashington Kiyevga bosim o‘tkazmoqdami?

7 noyabr kuni CNN nashri Vashingtondagi manbalariga tayanib, so‘nggi bir necha hafta ichida AQSh rasmiylari Kiyevni Moskva bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini ko‘rsatishga undayotganini ma’lum qildi.

Teleradiokompaniyaning ma’lum qilishicha, aynan shu maqsadda Sallivan noyabr oyi boshida e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga kelgan.

Vashington bu qadamini agar mojaroning oxiri ko‘rinmasa va tomonlarning hech biri urushni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lida qadam tashlashga tayyorligini ko‘rsatmasa, AQSh jamoatchiligi Ukrainani va uning Rossiya tajovuziga qurolli qarshiligini qo‘llab-quvvatlashi kamayishi mumkin deya oqlamoqda.

Shu bilan birga, Vashingtonda ukrainaliklarni hoziroq muzokaralarga undash maqsadi yo‘q, biroq ular Kiyevdan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini ko‘rsatib, ma’naviy ustunlikni qo‘lga kiritishni so‘ramoqda, deb yozadi CNN.

Kiyevdagilar esa bir necha bor Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlarini o‘z nazoratida ushlab tursa va Vladimir Putin hokimiyat tepasida bo‘lsa Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish mumkin emasligini ta’kidlagan.

7 noyabr kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Ukraina hukumatining pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlab, muzokaralar o‘tkazishning asosiy sharti Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning barcha hududlaridan to‘liq olib chiqib ketilishi ekanini aytdi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan haftada Kiyevga tashrifi chog‘ida Jyeyk Sallivan Volodimir Zelenskiyni muzokaralardan qat’iyan voz kechish rossiyaliklar va butun dunyo aholisi ko‘z o‘ngida aynan Kiyev tinchlikni xohlamayotgandek ko‘rinishiga olib kelishiga ishontirishga uringan.

Urush davri qonunlari

Ukraina artilleriyasi Xersondagi qarshi hujum davomida raqib pozitsiyasiga o‘t ochmoqda. Foto: Reuters

7 noyabr kuni Nyu-Yorkda qilgan nutqida Sallivan yaqinda Kiyevga qilgan tashrifini ham esladi.

«Men Kiyevda faqat bir kun bo‘ldim. Prezident Zelenskiy, hamkasbim Andrey Yermak va harbiy rahbariyat bilan uchrashdim. Menga Putin urushi bu mamlakatga olib kelgan qurbonlar va vayronagarchiliklar ko‘lamini ko‘rsatishdi», — degan Sallivan.

Uning ishontirishicha, Bayden ma’muriyati xalqaro sheriklar bilan Ukrainadagi urush jinoyatlari aybdorlarini javobgarlikka tortish uchun yaqindan hamkorlik qilish niyatida.

Butun dunyoda Ukraina janubi-sharqidagi bosib olingan to‘rtta hududni ushlab qolish uchun Kreml yadro quroliga murojaat qilishi mumkinligidan xavotirlar kuchaymoqda.

Aynan shu xavf sabab vaziyat yanada keskinlashishi va Ukraina chegaralaridan tashqariga chiqishini istamagan Vashington Kiyevga Rossiyani jang maydonida mag‘lub qilishda katta yordam beruvchi qurollarini yuborishni xohlamayapti.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid