Jahon | 13:20 / 09.11.2022
35879
9 daqiqa o‘qiladi

Medvedev Rossiya shaytonga qarshi urushayotganini aytdi. Sobiq prezident aljirab qoldimi?

Rossiya sobiq prezidenti, hozirda mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukrainadagi urush bo‘yicha noodatiy fikrlar bildirishda davom etmoqda. 4 noyabr kuni Rossiyada milliy birdamlik kuni nishonlandi. Shu kuni barcha rossiyalik siyosatchilar chiqish qilishdi, Medvedev esa yana diqqat markazida bo‘lishni istab, buni uddaladi.

Foto: YEKATERINA SHTUKINA/TASS

Urush boshlangan 24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «maxsus harbiy operatsiya»ning maqsadi Ukrainani «denatsifakatsiya» va «demilitarizatsiya» qilish ekanini aytgandi. Medvedev esa Rossiya iblisga qarshi urushayotganini aytdi. Rossiya sobiq prezidenti urush vaqtida turli noodatiy chiqishlar qilishga harakat qilmoqda, lekin har safar kulgili holatga tushib qolyapti.

«Barcha dushmanlarni do‘zaxga yuborish imkoniyati bor»

Medvedev «Biz nima uchun urushyapmiz» degan savolga javob berar ekan, Rossiyaning maqsadi iblisni to‘xtatish ekanini aytib, «barcha dushmanlarni do‘zaxga yuborish imkoni borligi»ni ta’kidladi. Medvedevning bu posti ijtimoiy tarmoqlarda juda keng muhokama qilindi. Odamlar Rossiya sobiq prezidentining ushbu favqulodda faolligi nima bilan bog‘liq ekanini tahlil qilishmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 1962 yilgi Kuba raketa inqirozidan keyin G‘arb bilan eng yirik to‘qnashuv bo‘lmoqda. O‘shanda yirik davlatlar yadro urushiga juda yaqin kelib qolgandi.

Siyosatga kirib kelganda liberal islohotchi sifatida ko‘rilgan Medvedev 2008 yildan 2012 yilgacha Rossiya prezidenti bo‘lgan.

U avvaliga Rossiya «neonatsistlar» va «giyohvandlar» bilan kurashayotganini aytgandi. Medvedevning chiqishlari urush boshidan buyon tobora radikallashib bormoqda. Tahlilchilar fikricha, Medvedev bunday chiqishlari bilan Aleksandr Proxanov kabi imperialist publitsistlarga o‘xshab qolmoqda.

«Niqobni yeching, Aleksandr Andreyevich Proxanov, men sizni tanidim», deb yozdi Rossiyada «chet el agenti» deb e’lon qilingan mashhur jurnalist Aleksey Venediktov.

Putinning fikricha, Ukraina hukumatini rus tilida gaplashuvchilarni ta’qib qiluvchi «fashistlar boshqarmoqda». Bunday turdagi bayonotlarni rasmiy Kiyev ko‘p marta rad etib keladi. Zero, Ukraina poytaxtida ko‘pchilik hamon rus tilida gaplashadi, buni Ukraina mediasida juda ko‘p rus tilidagi kontentlar borligidan ham ko‘rish mumkin.

Rossiyadagi birdamlik kunidagi postida Medvedev Rossiyaning vazifasi «Do‘zaxning oliy rahbarini to‘xtatish» ekanini aytdi. «Uni qanday atashlaridan qat’i nazar – shayton, lyutsifer yoki iblis», dedi Medvedev.

U «dushanlarni do‘zaxga yuborish» haqida ham gapirdi. «Bizda barcha dushmanlarni jahannam otashiga yuborish imkoni ham bor, ammo bu bizning vazifamiz emas», deb yozdi Rossiya sobiq prezidenti. U do‘zax so‘zini Injilda ishlatilgan ibora bilan ifodalagan.

Filolog, injilshunos Andrey Desnitskiy BBC bilan suhbatda aytishicha, Medvedev har qancha diniy gapirishga intilmasin, hozirgi mojaroda u aytganiday diniy asos yo‘q.

«Nasroniylikda ham, islomda ham, iudaizmda ham (sektantlar va fanatiklarni inobatga olmasa, albatta) shayton yoki iblis bilan kurashish deganda har bir inson ruhiyatida kechadigan kurash nazarda tutiladi. Bunda qandaydir siyosiy tuzumlar o‘rtasidagi kurash haqida so‘z bormagan. Medvedev bunday tarzda gapira boshlaganining yagona sababi bor: unda mantiqiy dalillar tugadi», deydi u.

Uni jiddiy odam deb o‘ylashmaydi

Siyosatchi Dmitriy Oreshkinning aytishicha, Medvedev bunaqa ohangda nafaqat oddiy odamlar bilan, balki hukumat elitasidagilar bilan ham gaplashishga intilmoqda.

«U bir vaqtlar «erkinlik erkin bo‘lmaslikdan yaxshiroq» degan, keyinroq o‘z maqomini saqlab qolish uchun prezidentlikdan voz kechgan odam. Hozir esa «urush partiyasi» tuzishga intilayotgan tizimda o‘zining juda muhim odam ekanini ko‘rsatishga intilmoqda. Medvedev uchun nima qilib bo‘lsa ham diqqat markazida turish muhim, chunki aslida u kichik va kuchsiz. U hukumat kuchisiz yolg‘iz qolishdan qo‘rqadi», deydi siyosatshunos.

Oreshkinning fikricha, urushning asosiy targ‘ibotchilari, masalan, Qodirov va Prigojin Medvedevga jiddiy odam deb qarashmaydi. «U qanchalik g‘azablansa, shunchalik bechora bo‘lib ko‘rinaveradi», deydi ekspert.

Medvedevning aytishicha, u aytayotgan «fantastik kurashda» shayton yolg‘onni o‘ziga qurol qilib olgan, Rossiya esa haqiqat bilan qurollangan. «Shuning uchun biz haqmiz, shuning uchun g‘alaba biz tomonda bo‘ladi», dedi ekspert Oreshkin «bechora» deb ta’riflagan sobiq prezident.

Putin urush haqida e’lon qilar ekan, «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» degan iboralarni ishlatgandi. Uning fikricha, G‘arb tomonidan Rossiyaga hududiy xavf mavjud, Ukraina esa bu yo‘lda poligon sifatida foydalanilmoqda. G‘arb va Ukraina esa Rossiya hududiga xavf tug‘dirayotganini inkor etib keladi. Endi esa Putinni oqlash uchun uning azaliy maslakdoshi Medvedev urushga shaytonni ham «aralashtirdi».

Siyosatchilar «shayton» deb bungacha AQShni ham atashgan. Masalan, 1979 yilgi Eron islom inqilobining diniy yetakchisi oyatulloh Humayniy, «Al Qoida» terrorchilik tashkiloti yetakchisi, 2001 yil 11 sentabrdagi Nyu-York terakti tashabbuskori Usama bin Lodin AQShni shunday atagandi.

Rossiya muvaffaqiyatsizlikka uchragan sari Medvedev qattiqroq asabiylasha bordi

Medvedev bungacha iyun oyidagi posti bilan ham diqqat markaziga tushgandi. O‘shanda u Telegram-kanalida nega keskin chiqishlar qilayotgani haqida savolga (aslida savol ham berilmagan, bu savolni o‘zi o‘ziga bergandi) javob berar ekan, shunday degandi: «Mendan kanalimdagi postlar nega bunchalik keskin deb so‘rashadi. Mening javobim esa shunday: men ularni yomon ko‘raman. Ular jirkanchdirlar, bizga, Rossiyaga o‘lim tilashadi. Toki tirik ekanman, ular yo‘qolib ketishi uchun qo‘limdan kelganini qilaman».

Ekspertlar Rossiya urushda muvaffaqiyatsizlikka uchray boshlagan kuz oylarida Medvedevning postlarida nafrat kuchayib borganiga e’tibor qaratgan. U kuni kecha Boshqirdistonda to‘rt nafar talaba terakt sodir etmoqchi bo‘lgani haqida xabarga munosabat bildirib, Rossiyada o‘lim jazosiga joriy qilingan moratoriyni bekor qilish kerakligi haqida gapirdi. Tergov xulosasiga ko‘ra, urushga qarshi bo‘lgan bu yoshlar kamida besh marta temiryo‘ldagi elektr ta’minotini uzishga harakat qilgan.

«Ulug‘ vatan urushi vaqtida fashistlar buyrug‘i bilan harakat qilgan sabotajchilar bilan hech kim pachakilashib o‘tirmagan. Ularning jazosi bitta bo‘lgan – hech qanday sudsiz va tergovsiz otib tashlangan», deb yozdi Medvedev. Uning fikricha, hozirgi konstitutsiya bilan ham o‘lim jazosiga moratoriyni cheklab o‘tish mumkin.

Uning bu so‘zlarini Kremlda rasman rad etishga ham ulgurishdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda o‘lim jazosini qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini aytdi. Senator Andrey Klishas esa hozirgi Rossiya konstitutsiyasi bilan o‘lim jazosiga joriy etilgan moratoriyni chetlab o‘tish imkonsiz ekanini aytdi.

Rossiyada o‘lim jazosi 1997 yilda bekor qilingan.

1 noyabrda Medvedev yana marta yadro quroli ishlatish bilan tahdid qildi. Uning fikricha, Ukraina hozirda Rossiya egallab olgan o‘z yerlarini qaytarsa, bu Rossiya hududiga hujum qilish hisoblanadi va yadro quroli qo‘llash uchun asos bo‘la oladi.

Dmitriy Medvedevning Telegram-kanaliga 910 mingdan ortiq odam a’zo bo‘lgan. Uning 4 noyabrdagi «shaytonga qarshi urush» haqida posti 2,2 million marta ko‘rilgan. 2008-12 yillarda Rossiya prezidenti bo‘lgan Medvedev keyinchalik bosh vazir, Mishustin uning o‘rnini egallagach, 2020 yildan buyon Xavfsizlik kengashi raisi Putinning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. U Telegram-kanalini Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ochib, yurita boshladi.

Mavzuga oid