Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Undan foydalanishdi». Ukrainada halok bo‘lgan zambiyalik talabaning oilasi Rossiyadan izoh talab etmoqda
Rossiya qamoqxonasida bo‘lgan, keyin Ukrainadagi urush qurboniga aylangan zambiyalik 23 yoshli talabaning oilasi Rossiyadan u qanday qilib harbiy harakatlar maydoniga tushib qolgani bo‘yicha tushuntirish berishni talab qilmoqda. Lemexani Nirendaning opasi BBC uchun bergan intervyusida yaqinlari uning frontga jo‘natilganidan bexabar bo‘lishganini aytgan.
Muzangalu Nirenda bu yosh yigitning begona mamlakatdagi urushda halok bo‘lishi juda ko‘p savollarni tug‘dirishini aytadi - birinchi navbatda, nega unga uni yollashgani va urushga jo‘natishgani haqida oilasini xabardor qilish imkoniyatini berishmagani va uning yollanishi qanchalik ixtiyoriy bo‘lgani borasidagi savollarni.
Dushanba kuni Zambiya TIV rahbari Stenli Kakubo ushbu mamlakatning Rossiyada ozodlikdan mahrum etilgn fuqarosi Ukrainadagi urushda halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu Rossiya tomonidan Ukrainadagi harbiy harakatlar uchun yollangan xorijlik o‘limi bilan bog‘liq ilk ma’lum holatdir. Zambiya tashqi siyosiy idorasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Nirenda 22 sentabr kuni Ukrainadagi «jang maydonida» halok bo‘lgan. Uning tanasi Rostovda bo‘lib turibdi va Zambiyaga jo‘natiladi.
Kakuboning so‘zlariga ko‘ra, Zambiya o‘z fuqarosining urushga jo‘natilgani va halok bo‘lgani yuzasidan Rossiya tomonidan izoh talab qilgan.
«Biz hali ko‘p narsani bilmaymiz. Masalan, nima uchun Zambiya hukumatiga uning urushga jo‘natilishi haqida hech narsa ma’lum bo‘lmagan? Uni u yerga yuborgan odamlar bizga nafrat bilan munosabatda bo‘lishdi, u ular uchun hech kim emasdi, ular undan shunchaki foydalanishdi. Biz qanday qilib uni yollashgani va bu haqda oilasi xabardor qilinmaganini bilishni istaymiz. Balki uni qo‘rqitishgandir yoki majbur qilishgandir?», deydi BBC bilan suhbatda Muzangalu Nirenda.
U Rossiyaga qanday qilib borib qolgan?
Lemexani universitet o‘qituvchilari oilasida tug‘ilgan va to‘rt nafar farzandning eng kichigi bo‘lgan.
Muzangalu Nirendaning aytishicha, uning ukasi 2019 yilda Rossiya va Zambiya o‘rtasidagi kelishuv doirasida davlat stipendiyasini olgan va yadroviy inshootlarni loyihalash asoslarini o‘rganish uchun Rossiyaga yo‘l olgan. U Moskva muhandislik-fizika institutida (MIFI) tahsil olgan.
Opasining so‘zlariga ko‘ra, Nirenda kurer sifatida ishlagan - 2020 yilda uni giyohvand moddalar solingan jo‘natma bilan qo‘lga olishgan.
«Biz u yetkazib berilishi kerak bo‘lgan paketlarda nima bo‘lganini bilmaganiga aminmiz. U bizga bu haqda bilmaganini aytgan. Unga xabar jo‘natishgan, unda jo‘natmani qayerdan olish va qayerga jo‘natish kerakligi yozilgan. Ammo uni yo‘lda politsiya to‘xtatgan, uni tintishgan va jo‘natmada giyohvand modda topishgan. U onlayn-kurer bo‘lib ishlashini va jo‘natmada nima borligidan bexabar bo‘lganini aytgan, ammo uni hibsga olishgan», deya izohlaydi u.
«Ostorojno, novosti» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Nirenda Moskvadagi «Kuskovo» parkida mefedron bilan qo‘lga tushgan va to‘qqiz yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Kanalda yozilishicha, tergov jarayonida u uch marta shunday jo‘natmani yetkazishga ulgurgani aniqlangan.
Qarindoshlari hamisha Nirenda uyiga omon qaytishiga umid qilishgan. Ammo, oila a’zolarining hisoblashicha, koloniyada uni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollagan, so‘nggi vaqtlarda bu kompaniya Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etish evaziga ozodlikka chiqarish va’dasi bilan mahbuslarni ham yollamoqda.
Avvalroq ko‘plab nashrlar «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinga juda o‘xshash odam shaxsan qamoqxonalarga borib, Ukrainadagi urush uchun odamlarni yollash bilan shug‘ullanayotgani haqida xabarlar bergandi.
So‘nggi telefon qo‘ng‘irog‘i
Rossiya qamoqxonasiga tushganidan keyin ham Nirenda Zambiyadagi qarindoshlari bilan bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. U so‘nggi bor 31 avgust kuni ota-onasi bilan gaplashgan - va bu muloqot ularda jiddiy xavotir uyg‘otgan.
«U o‘shanda ota-onasiga shunday degan: «men endi qamoqxonada emasman, ammo qayerda ekanim - maxfiy». Bu gaplar ota-onamni tashvishga solgan, biz ham behalovat edik. Biz u begona mamlakatdagi mahbus ekanini bilardik, u yerda uning hech qanday huquqi yo‘q edi va biz ro‘y berayotgan hodisalardan qattiq tashvishda edik, ammo u tafsilotlarni oshkor etolmasdi, ota-onam esa uni bunga majburlamagan», deydi Lemexanining opasi.
Oila bu g‘alati qo‘ng‘iroq haqida Zambiya hukumatini xabardor qilgan, ular esa Lemexani qayerda ekani aniqlashtirilishini aytishgan. Ammo bir necha oy o‘tibgina yosh yigit Ukrainadagi urushda halok bo‘lgani oydinlashdi.
«U yosh edi, ammo ular uning hayotini o‘g‘irlashdi. Uning egizak birodari bor, ular ukamning ikkinchi yarmini o‘g‘irlashdi. Unda juda ko‘p rejalar bor edi! U mamlakatga qaytib, onamizga g‘amxo‘rlik qilish uchun o‘qiyotgandi. U oilamizga Zambiyada yangi hayot qurish uchun yordam berishni istardi. Ular esa uni bizdan tortib olishdi. Bizda faqat savollar bor. Biz uni uyga qaytarishlarini istaymiz, u shu yerda orom olishi mumkin. Biz uni sevganlarining oldiga qaytarishlarini xohlaymiz, ammo biz o‘z savollarimizga ham javob olishni istaymiz», deydi opa ko‘zda yosh bilan.
Zambiyalik mulozimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan talabaning jasadi Rostovga olib o‘tilgan, bu yerda uni vataniga, Lusakaga jo‘natishga tayyorlashmoqda.
Zambiya Afrikaning qator mamlakatlari kabi Moskva bilan munosabatlarga putur yetkazishni istamaydi va Ukrainadagi urush masalasida betaraf pozitsiya tanlagan, ammo hukumat vakillari har qanday harbiy harakatlarni qoralashlarini ma’lum qilishgan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025