Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kesilgan 105 tup uchun 3,5 mlrd jarima to‘landi. Ishlar shu bilan “bosdi-bosdi” qilinadimi?
Tumandagi qurilish obektida 136 dona daraxt xatlovdan o‘tkazilgan, ammo hududda kesilmay qolganlarining soni 30 ga ham bormayotgani aniqlandi. Tadbirkor 16 emas, undan ham ko‘pini yo‘q qilgan.
Yashnobod tumani Iltifot mahallasi 29-ko‘chadagi qurilishda pudratchi tashkilot – “Yangi zamon bino” MChJ tomonidan 16 tup daraxt kesib tashlangani va tabiatga 3,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilindi. Kun.uz vaziyatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga bordi. Borganimizda hududga hech kim kiritilmayotganiga guvoh bo‘ldik.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar hududga kirishga uringan jurnalistga kuch ham ishlatishgan. Ro‘y bergan holat yuzasidan hududda jamoat xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan profilaktika inspektori voqea joyiga chaqirilgan.

Daraxtkushlik bo‘lgan joyga, shuningdek, Yashnobod tumani ekologiya bo‘limi vakillari ham yetib kelishdi. Bo‘lim boshlig‘i Behruz Qo‘chqorovning aytishicha, daraxtlarning ommaviy qirg‘ini 18 noyabrda aniqlangan. O‘sha kuni inspektorlar holatni o‘rganish uchun qurilish obektiga kirishgan, ammo qorovullar ularga ham kuch ishlatib, qurilish hududidan chiqarib yuborishgan.

“Bu yerda o‘zboshimchalik bilan daraxtlar kesib tashlangan. Aslida biz shu yil 27 avgust kuni hududdagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazib ketganmiz. Shundan keyin bu daraxtlarga shikast yetkazmaslik, o‘z vaqtida parvarish qilish, ularni kesib tashlamasligi uchun ogohlantirish xatlarini yuborganmiz”, deydi mutasaddi.
Ko‘rinib turibdiki, qurilish joyi baland to‘siqlar bilan o‘rab olingan va bu bilan daraxtlarni imi-jimida yo‘q qilishga qulay sharoit yaratilgan. O‘zi aslida quruvchi – “Yangi zamon bino” MChJda bunga ruxsat bormi? 136 dona daraxt bor joy tadbirkorga kim tomonidan berilgan?
Ushbu savollarga javob berishi kutilgan Yashnobod tumani hokimining uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Izzatulla Ziyovuddinov Kun.uz muxbiri bilan telefondagi muloqotida 10 daqiqada voqea joyiga yetib borishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, so‘zining ustidan chiqmadi. U bilan qayta bog‘lanishga urinishlar esa bemasar kechdi.

E’tiborlisi, O‘zbekistonda 2019 yilda prezident farmoni bilan o‘rmonlardan tashqaridagi daraxtlarni kesishga moratoriy joriy etilgan. Shu yil yanvar oyida moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Shunga qaramay, tadbirkorlar tomonidan daraxtkushlik to‘xtamayapti.
Yashnoboddagi 105 tup daraxt qirg‘inga uchragan qurilish obektiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekopartiya a’zolari kelganiga qaramay, pudratchi tashkilot mas’ullari ularning savollariga javob berishni istashmadi.
Jurnalistlar hududni tark etganidan so‘ng, vakillar u yerga kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Bizga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xatlovdan o‘tkazilgan 136 tup daraxtdan 30 tupi ham qolmagan. Hududda 105 tup daraxt yo‘q qilingani qayd etilgan.
20 noyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomuradov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov, tuman prokurori Abduqodir Donayev hamda boshqa mutasaddilar daraxtlar kesilgan joyga borishgan.
Shu kuni prokuratura talabi bilan daraxtlar kesib tashlangan ushbu qurilish maydoni o‘rnida qurilish tashkiloti tomonidan 200 tupdan ziyod noyob va qimmatbaho manzarali daraxtlar keltirilib, ekilgani aytilmoqda.
O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Yashnoboddagi daraxtkushlik yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Deputat Rasul Kusherboyevga ko‘ra, tuman ekologiya bo‘limi xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatish holati bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat ekologiya qo‘mitasi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra o‘simlik dunyosiga 3 mlrd 514 mln 200 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganini bildirdi. Qonunbuzardan ushbu mablag‘ undirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Aftidan shu bilan ishlar bosdi-bosdi qilinadiganga o‘xshaydi. Sababi deputat Rasul Kusherboyev Telegram-kanalida qonunbuzar tadbirkordan qurilish uchun ajratilgan yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarish choralari ham ko‘rilishi haqida xabar bergandi. Hozirga kelib ushbu xabar tahrirlangan va yer maydoni davlat zaxirasiga olingani haqidagi jumla matndan olib tashlangan.

Ma’lumot uchun, "Yangi zamon bino" MChJ ta’sischilari: "Unique trade business" hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ bo‘lib, bu ikki ta’sischining kompaniyada 50 foizdan ulushi bor. Qayd etilishicha, "Unique trade business" MChJ "Golden house development" kompaniyasiga tegishli.
Mavzuga oid
16:26 / 27.05.2025
Markaziy Osiyoning eng yaxshi shahri aniqlandi
14:30 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
11:16 / 24.05.2025
Toshkentda 22 yoshli yigit ko‘chada tanishini pichoqladi
09:39 / 23.05.2025