Jahon | 23:44 / 21.11.2022
12453
2 daqiqa o‘qiladi

Sovuq tufayli Ukrainani yana 2-3 million odam tark etishi mumkin - JSST 

Ukrainada oilalar isitishning muqobil usullariga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Gap ko‘mir yoki o‘tinni yoqish, dizel generatorlari yoki elektr isitgichlardan foydalanish haqida ketmoqda. 

Foto: Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisob-kitoblariga ko‘ra, yana 2-3 million ukrainalik issiq va xavfsiz joylarni izlab uylarini tark etishi mumkin. 

Bu holat ularning ruhiy salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb ta’kidladi tashkilot. 

«Biz yana 2-3 million ukrainalik issiqlik va xavfsizlik izlab uylarini tark etishini kutmoqdamiz. Ular salomatlik bilan bog‘liq muammolar, jumladan COVID-19, pnevmoniya va gripp kabi nafas olish yo‘llari infeksiyalari, shuningdek, emlanmagan odamlar difteriya va qizamiqning jiddiy xavfiga duch kelishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi JSST. 

Qayd etilishicha, ukrainalik oilalar isitishning muqobil usullariga o‘tishga majbur bo‘ladi. Gap ko‘mir yoki o‘tinni yoqish, dizel generatorlari yoki elektr isitgichlardan foydalanish haqida ketmoqda. 

«Bularning barchasi ukrainaliklarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Urush boshlanganiga 9 oy bo‘ldi. 10 millionga yaqin odam o‘tkir stress, tashvish, ruhiy tushkunlik kabi kasalliklar xavfi ostida», deb xulosa qildi tashkilot. 

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 4,5 millionga yaqin ukrainalik qochqin Yevropa mamlakatlarida ro‘yxatga olingan. Ularning ko‘pchiligi Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan chegaradosh davlatlari – Slovakiya, Polsha, Vengriya va Ruminiyada qo‘nim topgan. 

Shuningdek, Sharqiy Yevropa mamlakatlari qishki sovuq va Rossiya tomonidan Ukraina energetika obektlariga berilgan zarbalar tufayli qochqinlarning yangi to‘lqinini qabul qilishga hozirlik ko‘rmoqda. 

Mavzuga oid