Isroil ultramillatchilar qo‘lida: Netanyahu burchakka qisilganmi yoki unda biror reja bor?
Isroilda koalitsion hukumat shakllantirish jarayoni ketmoqda.
Hokimiyat tepasida qolish uchun Benyamin Netanyahu arablarga nisbatan murosasiz munosabatlari bilan tanilgan homofob ultramillatchilar bilan bitim tuzishga tayyor. Agar kutilmagan biror kor-hol ro‘y bermasa, mamlakat o‘z tarixidagi eng ultrao‘ng hukumatga ega bo‘ladi.
O‘rtaga Isroilning dunyoviy kelajagi, Yaqin Sharqdagi osoyishtalik va AQSh bilan munosabatlar tikilgan.
Odatga ko‘ra, o‘nglar va o‘ng markazchilar Isroilning tashqi xavfsizligini doimo yaxshiroq ta’minlab kelishgan, deb hisoblanardi.
AQSh respublikachilaridan farqli o‘laroq, Yahudiylar davlatini ko‘p ham qattiq qo‘llamaydigan demokratlar Oq uyda hukmronlik qilayotgan davrda, yaqindan Eron va Rossiyaning harbiy ittifoqchiligi fonida Isroil uchun kelib chiqadigan oqibatlar ehtimolidan isroilliklar tashqi xavfsizlikni o‘ylab, o‘z tanlovlarini amalga oshirgan.
Hozir Bibi Netayanhu boshchilik «Likud»ning hamkorlari bir paytlardagidek o‘ng markazchilar emas, hattoki so‘nggi vaqtlardagidek ultrao‘nglar ham emas, aynan ultramillatchilar bo‘ladi.
BBC mamlakat va butun mintaqa bu ahvolga qanday qilib tushib qolganini tahlil qildi.
Hozir nimalar sodir bo‘lmoqda?
13 noyabr kuni Isroil prezidenti Ishoq Hersog so‘nggi saylovlarda g‘alaba qozongan Benyamin Netanyahuga koalitsion hukumat tuzish vazifasini topshirdi.
Bibi 13 dekabrgacha belgilangan muddatda bunga ulgurishi kerak. Agar ulgurmasa unga yana ikki hafta muhlat beriladi. Qayta muvaffaqiyatsizlikka uchralgan taqdirda, koalitsiya shakllantirishga mandat partiya rahbariyatidagi boshqa kishi qo‘liga o‘tadi va Netanyahu bosh vazir bo‘la olmaydi.
Biroq bu barcha mavjud ehtimollar ichida eng aql bovar qilmaydiganidir. Qaytanga, hukumat belgilangan muddatdan ham avvalroq ishga kirishishi kutilmoqda, chunki partiyalar o‘rtasida asosiy kelishuvlar saylovgacha hal qilib bo‘lingan.
Hozircha Isroilning yangi hukumati qay ko‘rinishda bo‘lishini aytishga biroz erta, lekin barcha alomatlar «Likud»ning ittifoqchilari ikkita ultraortodoksal partiyalar ShAS va UTJ («Birlashgan tavrot ittifoqi) hamda «Diniy sionizm» ultramillatchilik bloki bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Ular jami bo‘lib Knessetdagi 120 o‘rindan 64 tasini egallashadi. Albatta, bu aksar qism bo‘lmasa-da, yetarli darajada barqaror parlament ko‘pchiligidir. Ayniqsa, bor-yo‘g‘i birgina ovoz ustunligi bo‘lgan so‘nggi chaqiriqdagi parlamentlar fonida.
Isroil siyosatining yangi siymolari
Yangi hukumatning potensial a’zolari sifatida ikki shaxs ayniqsa ko‘proq tilga olinmoqda — «Diniy sionizm» bloki yetakchisi Betsalel Smotrich va bu blok tarkibidagi «Otsma Yahudit» partiyasi yetakchisi Itamar Ben-Gvir.
Smotrich tug‘uruqxonalarda yahudiy va arab ayollarini segregatsiya (irqqa ko‘ra ajratish) qilish, arablarga uy sotishni taqiqlash hamda homofobik fikrlari bilan bog‘liq janjalli chiqishlari bilan mashhur.
2005 yilda u G‘azo bo‘lgasida yahudiy manzilgohlarni ko‘chirib, ajratish rejasiga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirgani uchun Isroil maxsus xizmatlari tomonidan hibsga olingan va uch hafta qamoqda o‘tirgan.
2006 yilda «Hayvonlar haqiqati» tashkilotiga Isroil LGBT hamjamiyatiga qarshi aksiya uyushtirishda ko‘maklashgan. To‘g‘ri, keyinchalik omma oldida bu ishi uchun afsusda ekanligini aytgan.
Itamar Ben-Gvir esa advokat. Uning asosiy ishi — Isroil radikallarini mamlakat sudlarida himoya qilish.
U 1995 yilda jamoatchilikka tanildi. O‘shanda u bir guruh maslakdoshlari bilan mashhur «Oslodagi kelishuv»ni imzolagan Isroil bosh vaziri Ishoq Rabinning kadillakidan emblemani o‘g‘irlab ketgan. «Oslodagi kelishuv» — Isroil va Falastin ozodlik tashkiloti o‘rtasida tuzilgan ilk ikki tomonlama bitim edi.
«Bizning qo‘limiz uning mashinasigacha yetdi, hali o‘ziga ham yetadi», — degandi o‘shanda yosh ultrao‘ng aktivist Ben-Gvir.
Ikki hafta o‘tgach Ishoq Rabin ultrao‘ng qanotdagi boshqa bir radikal tomonidan o‘ldirildi.
Bugunga kelib yetuk siyosatchiga aylangan Ben-Gvir Isroilga xayrixoh bo‘lmagan arablarni deportatsiya qilishga da’vat etib keladi.
Ular nima istashmoqda va oqibat nima bo‘ladi?
Benyamin Netanyahuning hukumatida Ben-Gvir Isroil jamoatchilik xavfsizligi vaziri portfelini ko‘zlamoqda. Bu vazirlik Isroil politsiyasi, qamoqxona tizimi va favqulodda xizmatlarni boshqaradi.
«Partiyangiz imiji ko‘pchilikda hadik uyg‘otmoqda, jumladan mamlakatimizda va mintaqamizda arablarga nisbatan munosabatlar borasida ham. Jahon yetakchilari menga shu savollarni berishmoqda», — degan Ben-Gvirga Isroil prezidenti Ishoq Hersog 10 noyabr kungi uchrashuvda.
Isroil hokimiyati va jamoatchiligini Falastin-Isroil munosabatlaridagi eng bahsli masala bo‘lgan sharqiy Quddusdagi Masjidul Aqso atrofidagi maddalab turgan vaziyat xavotirga solmoqda.
Islomdagi uchinchi muqaddas ibodatgoh — Masjidul Aqso joylashgan Topinish tepaligi yahudiylar uchun ham muqaddas dargoh hisoblanadi. Ayni paytda u yerga yahudiylar kirishi cheklangan, yahudiylarning diniy marosimlarini o‘tkazish esa to‘liq taqiqlangan.
Isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi eng ommaviy va qonli to‘qnashuvlar aylan Topinish tepaligida bo‘lib o‘tgan.
Itamar Ben-Gvir tenglikka ishonishini, yahudiylarga o‘z muqaddas qadamjolariga kirishga taqiq zaruriyatini ko‘rmayotganini bot-bot takrorlab keladi.
Politsiya ustidan nazorat qilishni istayotgan insonning bunday yondashuvi ham mamlakat ichida, ham xalqaro maydonda falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
«Ben-Gvir jamoatchilik xavfsizligi vaziri etib tayinlanishi — Ku-kluks-klan rahbarini AQSh Bosh prokurori etib tayinlash bilan teng», — degan yaqinda AQShdagi yahudiy jamiyatida eng ta’sir doirasi keng bo‘lgan amerikalik ravvin Rik Jyeykobs.
Betsalel Smotrich esa xayrixohligi evaziga mudofaa vaziri portfelini o‘ziga berishlarini so‘ramoqda.
Smotrich Falastin davlati tuzilishiga qarshi, falastinliklarga tegishli hududlarda yahudiy manzilgohlarini yanada kengaytirish, hattoki O‘rdun daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini butunlay annexia qilish borasida chiqish qilib keladi.
Uning qarashlari — Isroildan Vashingtonda kutilayotganining g‘irt teskarisi, Benyamin Netanyahu esa so‘nggi daqiqalargacha savdo qilishga majbur.
Hali saylovlargacha u o‘z hamkorlarini uchta asosiy vazirlik portfellari — moliya, mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari «Likud»da qolishi borasida ogohlantirgan.
Biroq «Diniy sionizm» va uning Knessetdagi 14 ta o‘rnisiz koalitsiyaga erishib bo‘lmaydi, Smotrich ham buni yaxshi tushunadi va kamida moliya vaziri portfeli uchun kurash olib boradi.
«Diniy sionizm» partiyasidan parlament deputati Orit Strok blok ularga G‘arbiy sohilda yahudiy manzilgohlarini rivojlantirish ustidan real nazorat bermaydigan birorta taklifni qabul qilmasligini ta’kidladi.
«Likud»dagilar yangi hamkorlari haqida
«Likud» ichidagi kayfiyatlar ancha g‘amgin. Ko‘pchilik ultrao‘nglar yetakchilari portfellar uchun savdo qilish bilangina to‘xtab qolmasligiga amin. Agar masala u yoki bu yo‘l bilan yechiladigan bo‘lsa ham, ular keyingi siyosatni belgilab berishda davom etaverishadi.
«Men Smotrichni yaxshi bilaman. Bu faqat koalitsion muzokaralar bilan yakun topmaydi. Bu hukumatda har qanday qonun loyihasi bilan doimiy muammolar vujudga kela boshlaydi, vazirlar va deputatlar har biri o‘z xohishi amalga oshishini talab qiladi», — deydi Knessetning «Likud»dan saylangan deputati David Bitan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bibi partiyasida tanlov qolmagan: «Biz deyarli hamma narsani topshirib, evaziga hech narsa olmaymiz. «Likud» yutqazadi».
Hozircha deputatlarning ommaviy tarzda «Likud» safini tark etishi haqida gap bormayapti. Bunaqasi 2021 yilning martida o‘tgan saylovlardan avval bo‘lgan edi. O‘shanda Netanyahuning bosh vazirligiga nuqta qo‘yish uchun uning eng yaqin maslakdoshlari partiyani tark etgandi.
Hozir qo‘shimcha yo‘qotishlar Netanyahuni o‘ta ojiz ahvolga solib qo‘yadi.
Isroilliklar nima kutsin?
Ultrao‘ng tomondan ilk qaldirg‘ochlar ommaviy joylarda insonlarni jinsiga ko‘ra segregatsiya (ajratish) to‘g‘risidagi diniy partiyalar chaqirig‘i ko‘rinishida Netanyahu huzuriga uchib kelishga ulgurdi. Masalan, davlat maktablari va oliy o‘quv yurtlarida o‘g‘illar va qizlar uchun alohida sinflar tashkil etish taklif qilinmoqda.
Ortodokslar teatr, konsert va kino zallarini ham sektorlarga bo‘lishni talab qilishmoqda.
Bir necha kun avval ultraortodokslar (ularning o‘zi harbiy xizmatga bormaydi) armiyada xizmat qilayotgan taqvodorlarni qizlar bo‘lgan harbiy qismlarda xizmat qilishdan bosh tortishga chaqirdi.
Harbiylarga ko‘ra, bunday qarashlar armiyaga kirib kelishi o‘z harbiy tuzilmalarining barqaror va professional ishlashiga bog‘liq mamlakat uchun juda xavfli.
Diniy partiyalar shuningdek LGBT huquqlari va erkinliklarini ta’minlovchi qonunlarni bekor qilishga erishish niyatida ekanini yashirishmayapti.
«Biz Eron emasmiz», — degan ultrao‘nglarning takliflariga javoban bosh vazir lavozimidan ketayotgan Yair Lapid.
Isroil tashqi siyosati va G‘arb bilan aloqalar
Isroil tashqi siyosatini «Likud»dagilar va Netanyahuning o‘zi eski aloqalariga tayanib yuritishga harakat qiladi, biroq qo‘shnilar va G‘arb bilan aloqalar avvalgidek bo‘lib qolmaydi.
So‘nggi yillarda Donald Tramp ma’muriyati sa’y-harakatlari bilan Isroil arab dunyosining ko‘plab davlatlari bilan munosabatlarini tiklab, mintaqaviy yakkamoxov o‘rnini Eronga bo‘shatib bergandi.
Biroq Ben-Gvir va Smotrich talab qilayotgan narsalar — falastinliklarga nisbatan siyosatni qat’iylashtirish va «ikki xalq uchun ikki davlat» konsepsiyasidan voz kechish — Isroil egallagan pozitsiyalarini yo‘qotishiga olib keladi.
Hattoki Isroilning azaliy ittifoqchilari Iordaniya va Misr ham agar G‘arbiy sohil annexia qilinadigan bo‘lsa, yahudiy davlati bilan tinchlik shartnomalaridan voz kechishi haqida ogohlantirishdi.
Hammasidan qiyini AQShga bo‘ladi. Ular nafaqat o‘z hamkorining mintaqaviy siyosati og‘irlashishiga, shuningdek, AQShdagi yahudiy lobbisi, LGBT hamjamiyati va dunyoviy jamiyati bosimiga ham reaksiya bildirishga majbur bo‘ladi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, G‘arbning bir qator davlatlari, jumladan, AQSh Netanyahuga noma jo‘natib, agar Ben-Gvir va Smotrich Isroil siyosatining birinchi planiga ko‘tariladigan bo‘lsa, ularning bu insonlar bilan aloqalari nihoyatda cheklangan bo‘lishi haqida ogohlantirishgan.
BBC’ning Quddus va Vashingtondagi manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy Isroil tashqi ishlar vaziri lavozimida Isroilning AQShdagi sobiq elchisi (2013–2021) Ron Dermerni ko‘rmoqchi.
«Bizning Dermer bilan ixtilofli vaziyatlarimiz bo‘lgan, biroq biz uni kelgusi hukumat tarkibida ko‘rish va u bilan birga ishlashdan mamnun bo‘lar edik. Biz uni yaxshi bilamiz va aminmizki, u ayni paytda stol ustiga qo‘yilgan siyosiy va diplomatik muammolarni yaxshi tushunadi», — degan Oq uydagi manba.
Netanyahu tergov ostida — endi nima bo‘ladi?
Isroilda bosh vazirlik lavozimida o‘tirish bo‘yicha rekordchi (jami 15 yil, shundan 12 yil muntazam) Benyamin Netanyahu hamon firibgarlikda, korrupsiyada va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. U 2017 yildan buyon tergov bermoqda, 2019 yilda rasmiy ayblovlar ilgari surilgan.
Garchi Netanyahu barcha ayblovlarni rad etayotgan bo‘lsa-da, mabodo sud uni korrupsiyada aybdor deb topsa, u 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Boshqa punktlar bo‘yicha maksimal jazo sifatida 3 yil qamoq jazo belgilanishi mumkin.
Bibining ikki yo‘li bor: yo o‘z aybsizligini tasdiqlovchi rad etib bo‘lmas dalillar taqdim etishi — u bir necha yildan beri buni qilolgani yo‘q, yoki Oliy sud qarorlarini parlament orqali bekor qildirishi kerak. Bu unga jinoiy ta’qibdan batamom qutulish uchun immunitet taqdim etadi.
Bunday qonun qabul qilinishi va Falastin davlati yaratilishi g‘oyasiga rozi bo‘lmaslik — Netanyahuni yangi gumashtalari bilan birlashtirib turuvchi yagona manfaat. Ultramillatchilarning kun tartibidagi boshqa biror narsa dunyoviy davlat tarafdori bo‘lgan Bibiga yaqin emas.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha, o‘z tashabbuslari Oliy sud tomonidan blok qilinishiga xalaqit berishda Bibidan ham ko‘proq manfaatdor bo‘lgan ortodokslar Netanyahuga kerakli qonunni o‘tkazib olishda yordam qo‘lini cho‘zib yuborgach, Benyamin Netayanhu ulardan qutulish yo‘lini topadi va Isroilni avvalgi relslarga tushirib oladi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024