Parda ortidagi xususiylashtirish. Yirik aktivlar qanday qilib ofshor kompaniyalarga o‘tib ketmoqda?
O‘zbekistonda xususiylashtirishning yangi to‘lqini ketyapti. 2025 yil oxirigacha davlat ishtirokidagi korxonalar 75 foizga kamayishi kerak. Bu jarayonda qator yirik korxonalar hech bir tanlovsiz xususiy qo‘llarga topshirilyapti. Yuzdan ortiq neft-gaz konlari va bozorning yarmini nazorat qiluvchi sement zavodlariga ofshordagi kompaniyalar egalik qilmoqda.
Oxirgi yillarda davlat korxonalarini xususiylashtirish zarurligi ko‘p bora ta’kidlandi. Chunki ular samarasiz, jamiyat uchun juda qimmatga tushadi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonda 2021–2025 yillar oralig‘ida davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Ammo so‘nggi paytlarda bu mavzu markazidagi munozarali jihat sotuvlar shaffofligiga ishonch pastligi bilan bog‘liq holda kechmoqda.
Xususiylashtirish nega kerak?
Xususiylashtirishdan maqsad davlat aktivlarini eng yuqori narxlarda mulkdorlarga topshirishdan iborat. Mulkdor mulkni qancha qimmatga olsa, tabiiyki, tikkan pulini qaytarib olish uchun undan shuncha samarali foydalanadi.
Davlatning iqtisodiyotda yuqori darajada ishtirok etishi o‘zaro raqobatga xalaqit beradi, monopoliya va korrupsiyani urchitadi.
Boshqaruv samaradorligi yuqori bo‘lmagan, faqat zararga ishlaydigan davlat korxonalarini xususiylashtirish birinchi galda budjet uchun muhim. Xarajatlarni kamaytiradi, bu esa budjet pulini boshqa muhimroq narsalarga sarflashga imkon beradi.
Shuningdek, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bozor iqtisodiyotining ajralmas qismi, davlat mulkidan yanada samarali foydalanish, iqtisodiyotga davlat aralashuvini cheklash va xususiy sektor ulushini kengaytirish vositasi hisoblanadi.
Masalan, UzAuto Motors ichki bozordagi mavjud talabni to‘liq qondira olmayapti, ishlab chiqarayotgan avtomashinalarining narxi va sifati bo‘yicha ham xaridorlarda turli xil savollar bor. Shu bilan birga, kompaniyaga berilgan imtiyozlarning soni, muddati va turfa xilligining chegarasi yo‘qdek. Uning o‘rniga mamlakatda xususiy kompaniyalar ko‘paysa, ham raqobat ortadi va sifat yaxshilanadi, ham davlat budjetiga soliq tushumlari oshadi.
Shifoxonalarni sotib yuborish – bu qanaqa xususiylashtirish?
Xususiylashtirishning yana bir asosiy maqsadlaridan biri – samaradorlikni oshirish. Bu jarayonning adolatli va shaffof bo‘lishida undagi elementlar judayam muhim. Ammo bugungi kunda mamlakatda amalga oshirilayotgan sub’yektiv “o‘zbekcha” xususiylashtirish bir qancha savollarni yuzaga keltirmoqda. Ya’ni byurokratlarning sub’yektiv fikri va aqliga tayanilib, korxonalar tanlanmoqda va sotilyapti.
Bunga eng ayanchli oxirgi misollardan biri – Respublika onkologiya markazi hamda uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari binolarining sotuvga qo‘yilishi. Toshkentning xaridorgir nuqtalarida joylashgan bu uchta shifoxonaning umumiy maydoni 17 gektar. Uchala obekt bo‘yicha ham auksion bir kunda – 12 dekabrda o‘tkaziladi. Onkologiya shifoxonalari shahar chekkarog‘ida qurilayotgan yagona kompleksga ko‘chiriladi. Olmazor tumanida qurilayotgan kompleks keyingi yil may oyida ishga tushirilishi aytilyapti. Uning qurilishi uchun 600 mlrd so‘m ajratilgan. Bu 53 mln dollardan ko‘proq mablag‘ degani. Bunaqa katta qiymatdagi davlat buyurtmasini olgan quruvchi kompaniya ham albatta begona emas: oxirgi yillarda Toshkentdagi qurilishlar bo‘yicha milliardlab so‘mlik davlat buyurtmalarini tendersiz olayotgan Mimar Group.
Shifoxonalarni ko‘chirilishi ham, onkologiya kompleksi qurilishi Mimar Group'ga berilishi ham hukumatning yopiq qarorlari bilan bo‘lyapti.
“Qizilqumsement” keysi. Shubhali xususiylashtirish oxir-oqibat barbod bo‘lgan bo‘lishi mumkin
O‘zbekistonda davlat mulklarining xususiylashtirilishi sub’yektiv tarzda amalga oshirilgan boshqa bir qancha keyslarni ham ko‘rib chiqishimiz mumkin. Davlat xizmatchilari qaysidir mulk aynan qaysidir korxonaga berilishini belgilashgan va jamoatchilik boshqa potensial xaridorlar haqida ma’lumotga ham ega bo‘lmagan.
Jumladan, eng yirik sement zavodlarining xususiylashtirilishi. Bundan bir yil oldin “Qizilqumsement” ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga United Cement Group'ga (Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniya) sotilgan edi. Shundan keyin Fusion Wealth Management Ltd kompaniyasi menejyeri Maykl MakGofi Linkiden'dagi sahifasida “Qizilqumsement”ning xususiylashtirilishi bo‘yicha fikrlarini bildirib, ushbu jarayon shaffof tarzda amalga oshmaganini tanqid qilgandi.
“2021 yilning oxirida zavodning har bir aksiyasi uchun 6500 so‘m taklif etilayotgandi, biroq narx 4859 so‘m etib belgilangan. Bu bozor narxiga nisbatan 20 foiz arzonroq va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Firmani boshqarish imkoniyati juda qimmatga tushishi sababli bu kabi oldi-sotdilar joriy narxlardan ancha yuqori qiymatlarda sodir bo‘ladi. Ammo “Qizilqumsement” bilan buning teskarisi bo‘ldi. Xarid qilayotgan firma zavodni bozor narxiga nisbatan ham ancha chegirma bilan olgan”, – deya yozgandi investorning vakili, savdo u suhbatlashgan boshqa investorlar uchun ham juda ajablanarli bo‘lganini qo‘shimcha qilgan holda.
O‘tgan davr mobaynida “Qizilqumsement”ga egalik qilish bo‘yicha yana ba’zi o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 29 noyabr holatiga, zavodning 64,1 foiz ulushi aksiyadorlarga, 35,9 foiz ulushi davlatga tegishli ekani keltirilgan (o‘tgan yili 86,92 foiz davlat ulishi xususiylashtirilgani e’lon qilingandi). Kun.uz Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati bilan bog‘lanib, “United Cement Group bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, qayta tuzilganmi?” degan savol bilan murojaat qildi.
Davaktiv axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shartnoma shartlarida sotib oluvchi tomonidan shartnoma qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshirilishiga kelishilgan.
Bunda, “United Cement Group” kompaniyasiga shartnoma doirasida belgilangan grafikka asosan amalga oshirgan to‘loviga mutanosib ravishda ulush qismi o‘tkazib borilmoqda.
Shuningdek, boshqa yirik 2ta sement zavodlari “Quvasoysement” va “Bekobodsement”ning katta ulushiga ham Kiprda United Cement Group bilan bir xil manzilda ro‘yxatdan o‘tgan “Raybirid limited”, “Rayblock limited” hamda “Rayeross limited” kompaniyalari egalik qilmoqda.
“Bozorning yarmini nazorat qiladigan uchta sement zavodining bitta kompaniyaga o‘tishi mamlakatdagi raqobat muhitiga ziyon keltiruvchi omil hisoblanadi. Bundan tashqari, sement zavodlarining egaligi bo‘yicha keyingi bitimlarning O‘zbekistondan tashqarida turib amalga oshirilishiga zamin yaratadi”, – deya yozgandi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Yuzdan ortiq konlar qanday qilib xususiy kompaniyaga o‘tib ketgan?
Yana bir toifa “xususiylashtirish” borki, ulardagi ikkinchi tomon rasman “xorijiy investor” deb ataladi, aslida esa ofshorda kompaniya ochgan o‘zbekistonliklarga borib taqaladi.
Odatda xususiylashtirilayotgan aktivlarga talabgorlar ochiq-oydin aytiladi. Konkurs bo‘lsa konkurs to‘g‘risida, auksion bo‘lsa, auksion to‘g‘risida jarayon boshlanmasidan avval jamoatchilikka ma’lum qilinadi. Shartlari oydinlashtiriladi. Ammo yuzdan ortiq neft-gaz konlari oxirgi ikki yilda qanday qilib xususiy kompaniya bo‘lmish “Sanoat energetika guruhi”ning qo‘liga o‘tib qolgani haligacha noma’lum.
2022 yil may oyidagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega 103 ta konga egalik qiladi. Mamlakatdagi neft qazib olishning taxminan 80 foizi, tasdiqlangan gaz zaxiralarining esa taxminan 22 foizi Saneg (kompaniyaning rebrendingdan keyingi yangi nomi) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avval davlatning “O‘zbekneftgaz” shirkatiga qarashli bo‘lgan bunday yirik aktivlar qanday qilib xususiy kompaniya qo‘liga o‘tib qolganini O‘zbekiston rasmiylari ochiqlamagan. Bu konlar tekinga berib yuborilgani ehtimoli ham inkor etilmagan.
Bu jarayon 2017 yili tashkil etilgan Jizzakh Petroleum'ga borib taqaladi. O‘shanda yangi qo‘shma korxonaning 60 foiz ulushi “O‘zbekneftgaz”ga, 40 foizi esa bilvosita “Gazprom”ga tegishli bo‘lgan. Bu ikki ta’sischi Jizzaxda neftni qayta ishlash zavodi qurmoqchi edi. Bu loyiha amalga oshmay qolgach, korxonaning 98 foiz ulushi 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich Belvor holdingiga o‘tdi. Buning barobarida Jizzakh Petroleum nomi “Sanoat energetika guruhi” deya o‘zgartirildi.
Belvor holdingi ham Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli. Fozilov, shuningdek, O‘zbekistonda burg‘ilash bo‘yicha asosiy pudratchi bo‘lmish Eriell neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasiga ham egalik qiladi.
Saneg esa neft va gaz qazib olishdan tashqari, benzin, dizel, neft, aviatsiya kerosini kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Shu yil bahorda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ham shu kompaniyaga sotilgan edi.
“Talimarjon” IES sotildimi yo sotilmadimi?
Issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirish yoki ishonchli boshqaruvga berish borasida ham ko‘pgina savollar bor. Joriy yilning 9 sentabr kuni Investitsiyalar vazirligi Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va TAQA kompaniyalari bilan “Talimarjon” IESni boshqaruvchi qo‘shma korxona tuzib, stansiyaning 80 foiz ulushi shu kompaniyalarga berilishini ko‘zda tutuvchi bitim imzolagan. O‘tgan yili 1,1 trln so‘m sof foyda ko‘rgan davlatning bu katta aktivi xususiylashtirilishi yoki ishonchli boshqaruvga berilganiga haligacha aniqlik kiritilmay kelinmoqda.
Avvalroq, yirik issiqlik stansiyalaridan yana ikkitasi – “Yangi Angren” IES va “Angren” IES “Central Asia Energy” MChJga ishonchli boshqaruvga topshirib yuborilgandi. Bu kompaniyaga Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan “Gorniye raboti” egalik qiladi. Ikki o‘rtada qanaqa rasmiy va norasmiy majburiyatlar va kelishuvlar bo‘lgani haligacha noma’lum. Ammo Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilni “Angren IES” 87,6 mlrd so‘m, “Angren issiqlik energiyasi korxonasi” DUK 68,3 mlrd so‘m moliyaviy zarar bilan yakunlagan.
Xususiylashtirish shaffof bo‘lmasa, borgan sari ko‘proq aktivlar arzonroqqa sotilaveradi
Uzcard'dagi 75 foizlik davlat ulushi 210 mlrd so‘mga sotilgani ham ayrim e’tirozlarni keltirib chiqardi. Davlat bu kompaniyani xususiylashtirmoqchi ekan, uni qimmatroqqa sotish uchun MChJdan AJga aylantirishi, shu tariqa 25 foiz ulushga ega xususiy ulushdorlarning eksklyuziv huquqini aylanib o‘tishi kerak emasmidi?
Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 100 foizlik davlat ulushi Abu Dhabi Uzbek Investment investitsiyaviy fondi tomonidan 87 million dollar evaziga sotib olingani ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qabul qilindi. Mehmonxona 2013-2016 yillar oralig‘ida qurilgan va loyiha qiymati taxminan 205 million dollarni tashkil etgan.
Shaffof va ochiq bozorda ro‘y bermagan xususiylashtirish holatlari samarali sarmoyalarning kamayib borishiga olib keladi. Xususiylashtirish natijalariga jamiyat tarafidan shubha uyg‘onadi, natijada davlat obektlarini olgan sarmoyadorlar yetarlicha sarmoya kiritishmaydi, chunki mulk ustidagi haqlari shubhali ekanini o‘zlari yaxshi tushunishadi.
Yomon reputatsiya potensial investorlarning savdolarda ishtirok etishi va O‘zbekistonga pul kiritishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa sog‘lom raqobatni cheklaydi. Natija davlat aktivlarining past narxlarda o‘zimizning qorako‘zlarga turli xil imtiyozlar bilan qo‘shib sotilishiga olib kelishi mumkin.
“O‘zbekistonda oligarxiya vujudga kelishi xavfi yuqori”
Jahon banki hisobotida yozilishicha, 2025 yilga borib O‘zbekistonda jamiyat manfaati emas, yakka o‘z manfaatini ko‘zlovchi shaxslarning hokimiyatni egallab olish xavfi yuqori cho‘qqiga chiqishi mumkin.
Xalqaro ekspertlarning possovet davlatlari tajribasidan kelib chiqib xulosa qilishicha, oligarxlar ta’sirining oshishida yerni va davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonlari asosiy o‘rin tutadi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qilgan oxirgi xulosalariga ko‘ra, xususiylashtirish to‘g‘risidagi yangi qonun xususiylashtirish jarayonining shaffof va raqobatli o‘tishiga yordam berishi kerak. Xususan, yirik qurilish va infratuzilmaviy loyihalarda manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirishni ko‘zda tutuvchi benefitsiarlikka oid talablarni kuchaytirish orqali boshqaruv tizimini yaxshilash lozim.
Umuman olganda, O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlaridagi asosiy maqsad davlat tasarrufidagi mulkni iloji boricha ko‘proq samara beradigan tashkilot va insonlarga imkon qadar qimmat narxlarda berishdir. Bu shaffof va raqobat tamoyillari asosida kechishi lozim. Bunda albatta jamoatchilik ishtiroki kerak. Lekin bu bo‘yicha aytarli ijobiy jihatlar mavjud emas.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024