Jahon | 11:40 / 01.12.2022
4615
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Norvegiya: NATO suvosti quvurlarini himoya qilishi kerak

Germaniya kansleri Olaf Shols va Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore NATOni suvosti quvurlari va aloqa kabellarini himoya qilishga chaqirdi. Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg bu tashabbusni ma’qulladi.

Foto: AFP

Germaniya kansleri va Norvegiya bosh vaziri NATOni maxsus muvofiqlashtiruvchi tuzilma yaratish orqali suvosti quvurlari va aloqa kabellarini himoya qilishga chaqirdi. Olaf Shols va Yonas Gar Styore Berlin xavfsizlik konferensiyasi arafasida Germaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha shunday bayonot berishdi

«Quvurlar, telefon va internet kabellari davlatlarimiz uchun muhim aloqa vositalari bo‘lib, ularning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish lozim. «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlariga yaqinda qilingan hujumlar bu sohada qanchalik katta xavf borligini ko‘rsatdi», - dedi Shols. 

Konferensiya uchun Berlinga kelgan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham bu tashabbusni olqishladi. «Biz yaqinda «Shimoliy oqim» sabotaji ortidan xavfsizlik choralarimizni kuchaytirdik va dengiz infratuzilmamiz kelajakdagi hujumlardan himoyalanganligiga ishonch hosil qilish uchun ko‘proq harakat qilish juda muhim», dedi u. 
 
Yonas Gar Styore Norvegiya gaz eksportidan tushgan daromadning bir qismini Ukraina va global energetika inqirozidan aziyat chekkan boshqa mamlakatlarga yordam berish uchun ishlatishiga va’da berdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi ham energiya narxining oshishiga olib keldi va bu Norvegiyaga qo‘shimcha foyda keltirdi. 

Olaf Shols, o‘z navbatida, Norvegiyaga Rossiyadan yetkazib berish hajmining qisqarishini qoplash uchun Germaniyaga gaz yetkazib berishni 10 foizga oshirgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Germaniya kansleri, shuningdek, uning mamlakati Yevropa erkinliklarini, jumladan, harbiy yo‘l bilan himoya qilish bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lishda davom etishini aytdi. 

«Hech bir tajovuzkor bizning har bir ittifoqchimizni va ittifoq hududining har bir qarichini qo‘limizdagi barcha kuchlar bilan himoya qilishga qat’iy qaror qilganimizga shubha qilmasligi kerak», deb ta’kidladi Shols. 

Mavzuga oid