Rossiya armiyasi Baxmutni qurshab olishga urinmoqda, bu yerda gruzin ko‘ngillilari halok bo‘lishdi
Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofida og‘ir janglar davom etmoqda: rossiyalik harbiylar o‘zlari uchun ayni vaqtda Ukrainada birinchi raqamli maqsad bo‘lgan shaharni qurshab olishga harakat qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, ushbu hududda Ukraina tomoni berayotgan qurbonlar qatorida Gruziyadan kelgan besh nafar ko‘ngilli ham bor.
Ukraina armiyasi Sharqiy guruhi vakili Sergey Cherevatiyning ma’lum qilishicha, RF armiyasi «qandaydir muvaffaqiyatga erishilayotgani»ni ko‘rsatish maqsadida bor imkoniyatlarni ishga solib Baxmutni (ruslar bu yerni Artemovsk deb ataydi) egallab olmoqchi, bundan tashqari, shahar olingach Donetsk oblastining Ukraina nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shaharlari bo‘lmish Pokrovsk, Slovyansk va Kramatorsk tomon yo‘l ochilishi mumkin.
«Bu ularning asosiy maqsadi, agar ular shaharni ro‘paradan yurish qilib egallay olmasa - qurshab olmoqchi. U yerda vaziyat juda og‘ir, ammo vaziyat nazorat ostida. Qo‘mondonlik ularning harakatlari tabiatini ko‘rib turibdi, xususan, o‘tgan kunda ularga bizning artilleriyamizdan jiddiy salom yo‘llandi, xususan yuqori aniqlikdagi yangi tizimlar bilan», degan Chrevatiy.
Rossiya harbiy idorasi rasmiysi Igor Konashenkov har kungi brifingda hududdagi vaziyatni shunday tavsiflagan: «Donetsk yo‘nalishida Rossiya qo‘shini Donetsk xalq respublikasining Artemovsk shahri atrofida muvaffaqiyatli yurish qilmoqda».
Baxmut uchun janglar bir necha oydan buyon davom etmoqda, harbiy harakatlar bahor oxirlarida va yoz boshlarida boshlangandi - o‘shanda ukrain qo‘shinlari Popasnaya, Lisichansk va Severodonetskni tashlab chiqishgandi.
Ammo bu hududdagi harbiy harakatlar intensivligi oshdi: Ukraina tomoni ham, Rossiya armiyasi ham bu yerga qo‘shimcha kuchlar jo‘natmoqda. Bu hududda mahbuslar hisobiga safini to‘ldirgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari faol harakat qilmoqda.
«Taktika o‘zgarishi»
So‘nggi haftalar davomida RF armiyasi Baxmut ostonasida kichik muvaffaqiyatlarga erishayotgani haqida xabarlar kelib turdi: jumladan rossiyalik harbiylar Kurdyumovka posyolkasi egallanganini xabar qilishdi.
Ammo Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) o‘z hisobotida Baxmut qurshovga tushishi xavfi yo‘qligi, bu shaharni Seversk va Konstantinovka bilan bog‘lovchi trassalar Ukraina nazoratida qolayotganini qayd etishdi.
Harbiy ekspertlar Baxmut Rossiya armiyasi uchun ikki sababga ko‘ra muhim ekanini ta’kidlashadi: Xarkiv va Xersondagi og‘riqli mag‘lubiyatlardan keyin qandaydir yutuqni namoyish etish, shuningdek Lisichansk va Severodonetskka yurish qilishga tayyorlanayotgan Ukraina armiyasi ta’minotiga tahdid solish.
Baxmut muntazam ravishda o‘qqa tutiladi, urushga qadar bu yerda yashagan 70 mingdan ortiq aholining asosiy qismi qochib ketgan, asosan qariyalar qolishgan. Shaharda ichimlik suvi va elektr yo‘q, ko‘plab binolar vayronaga aylangan.
Cherevatiy Baxmut atrofida rossiyaliklar har kuni o‘rtacha 50-100 kishini yo‘qotayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘qotishlar RF armiyasini doimiy ravishda taktikani o‘zgartirishga majbur qilmoqda: «Vagner» jangchilari kichik shturmchi guruhlar tuzishmoqda va imkon qadar tez fursatda ukrainlar pozitsiyalariga yetib borib, raqib okoplariga kirishga urinmoqda. «Dushman uloqtirib tashlanishiga umid qilish uchun asoslar yetarli», degan Ukraina armiyasi sharqiy guruhi vakili.
Gruziyadan kelgan ko‘ngillilar o‘limi
Bu vaqtda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Baxmut uchun janglar chog‘ida Gruziyadan kelgan va Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilayotgan besh nafar ko‘ngilli halok bo‘lganini tasdiqladi.
«So‘nggi kunlarda Baxmut atrofida 57-brigadaning [qo‘sh ataman Kostya Gordiyenko nomidagi 57-alohida motoo‘qchilar brigadasi] ukrainalik va gruzin ko‘ngillilaridan iborat jangchilar qurshovga tushib qolgan. Gruziyalik komandir yaralangani va besh nafar gruzin jangchisi halok bo‘lgani ma’lum. Ular Baxmut atrofida yorug‘lik tarafida turib zulmatga qarshi jang qilayotgandi. Ozodlik dunyodagi eng yaxshi kishilarni avtokratik yovuzlikka qarshi birlashtiradi. Men gruzin birodarlarimizga hamdardman. Bu kunlarda birgalikda jang qilganimiz uchun minnatdorchilik bildiraman», - deya yozdi Yermak Telegram sahifasida.
Avvalroq Gruziyadagi «Mtavari» telekanali efirida ko‘ngilli Romeo Parulava gruzin jangchilari o‘limi haqida aytgandi. «Dushman ko‘pchilik edi va ular dosh bera olishmadi, besh gruzin halok bo‘ldi… Komandir yaralangan. Qolgan yigitlar ukrain birodarlarimiz bilan birga qurshovda qolgan. Qolganlarni omon olib chiqish uchun kurash davom etmoqda… Biz ularni albatta olib chiqishimiz kerak. Baxmutdagi vaziyat juda og‘ir», - degan Parulava.
Gruzin nashrlariga ko‘ra , Ukraina tomonida turib jang qilayotgan Gruziya fuqarolari soni bir yarim mingdan oshadi, ularning bir qismi Rossiya bosqiniga qadar ham Ukrainada yashagan, qolgani urush boshlangach ko‘ngilli sifatida ushbu mamlakatga kelgan.
3 dekabr kuni Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qurbonlarning yaqinlariga Facebook sahifasi orqali hamdardlik bildirdi: «Bu og‘ir daqiqalarda Ukrainada halok bo‘lgan gruzin jangchilarining oilalari, do‘stlari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman».
Ukrainaning Gruziyadagi elchixonasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida halok bo‘lgan jangchilarning suratlarini e’lon qilgan.
Frontda yana nimalar bo‘lmoqda?
Ukraina hukumati RF armiyasi Xerson shahri va Xerson oblasti hududini minomyotlar, tanklar, artilleriya va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘qqa tutayotganini xabar qilgan. Mahalliy ma’muriyat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir sutka davomida region 46 bor o‘qqa tutilgan.
Ukraina prezidenti ofisiga ko‘ra, Xersonda xususiy va ko‘p kvartirali uylar, shuningdek boshqa binolar vayron bo‘lgan. Otishmalar oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan.
Mahalliy ma’muriyatga ko‘ra, so‘nggi haftada, 20 noyabrdan 4 dekabrga qadar, region 169 bor o‘qqa tutilgan. Bu hujumlar natijasida 19 kishi halok bo‘lib, 39 kishi yaralangan, jumladan bir bola ham.
Bundan tashqari, bir kunda Sumi oblasti uch bor o‘qqa tutildi. Ukraina prezidenti ofisiga ko‘ra, regionga 12 bor zarba kelib tushgan, natijada infratuzilma shikastlangan, jabrlanganlar yo‘q.
Dnepropetrovsk oblasti ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko xabar qilishicha, rossiyalik harbiylar Mikopol rayonini besh bor o‘qqa tutgan. Jumladan Mikopol shahri (u Dnepr sohilida, RF armiyasi egallab turgan Zaporijjya AES ro‘parasida joylashgan) o‘qqa tutilgan. Pokrovskaya qishlog‘ida esa 23 yoshli kishi o‘z hovlisiga rossiyaliklar snaryadi kelib tushishi oqibatida halok bo‘lgan.
Xarkiv oblasti ma’muriyati ham RF armiyasi Kupyansk rayoni bo‘ylab artilleriya va raketa zarbalari yo‘llashda davom etayotganini ma’lum qilgan. Zarbalardan biri Kupyansk-Uzlovoy posyolkasiga kelib tushishi oqibatida yo‘l qoplamasi va transport infratuzilmasi shikastlangan.
Yakshanba kun Xarkiv oblastidagi Shevchenkovo qishlog‘idagi uylarga S-300 raketalari kelib tushgan. Bundan tashqari, Xarkiv oblastining Volchansk, Xarkiv va Izyum rayonlari o‘qqa tutilgan.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024