Jamiyat | 16:43 / 06.12.2022
54766
4 daqiqa o‘qiladi

Selfi-zonasi bor qishloq, olqorlar oilasi va betakror Aydarko‘l. “Manzil” – Forish

Yovvoyi tabiat bilan yuzma-yuz, tog‘lar orasidagi go‘zallik, esda qolarli vaziyatlar, bahaybat kit shaklidagi ko‘l. “Manzil” bu gal mana shunday ajoyib sayohatni sizga taqdim etadi. Manzilimiz – Jizzaxning Forish tumani.

Forish – Jizzaxdagi hududi eng katta tuman. Taqqoslash uchun, uning hududi Farg‘ona yoki Namangan viloyatlari hududidan katta. Andijon viloyati hududiga teng ikkita maydon ham Forish hududidan kichik bo‘ladi. Sathi jihatidan O‘zbekistondagi Orol dengizidan keyingi o‘rinda turuvchi Aydarko‘lning katta qismi ham Forish tumani hududiga to‘g‘ri keladi. Aholisi esa ancha kam, 94 ming atrofida.

Biz borgan manzil – Uxum. Forishning tog‘lar orasidagi turizm qishlog‘i.

Uxum qishlog‘i uzoq tarixga ega, tog‘lar soylari atrofi necha ming yillarkim hayot omili sifatida insonlar yashashi uchun sharoit bo‘lib kelgan. Uxumning yuqorisida qadimgi qishloq qoldiqlari saqlanib qolgan. Bu yerda masjid va ilm olish uchun madrasa ham bo‘lgan.

Qadimda Uxumni suv bilan ta’minlash uchun qurilgan maxsus ariq me’moriy jihatdan shu qadar puxta ishlanganki, qaysi soyda suv kamayishiga qarab, o‘sha tarafga suvni yo‘naltirish imkonini bergan.

Uxumning tabiati juda ajoyib, atrofdagi manzarani tomosha qilib to‘ymaydi odam. Qishloqni yuqoridan tomosha qilish uchun selfi-zona tashkil qilingan.

Qishloqning yana bir o‘ziga xosligi – uning atrofida qo‘riqxona borligidadir. Nurota davlat qo‘riqxonasi tomonidan yo‘qolib borayotgan Seversev qo‘yi, ya’ni olqorlarning bir oilasi uchun 16 gektarli maxsus ixtisoslashgan parvarishxona tashkil etilgan. Bir juftdan ko‘paygan oila bugun 16 taga yetgan. Ularni tomosha qilish har doim ham nasib etavermaydi. Olqorlar muhofazalangan to‘siqlar oldiga xavf yo‘qligini sezgandagina yaqinlashadi. Biz ularni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Nurota davlat qo‘riqxonasi hududida 2 mingdan ziyod olqor bor. Ularning katta uyurini qo‘riqxonadagi fotoqopqonlarga tushib qolgan kadrlardan ko‘rish mumkin.

Uxumdagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, Aydarko‘l tomon otlandik. Tun qorong‘isida Aydarko‘rga yetib keldik.

Aydarko‘lning kosmosdan olingan suratiga qarasangiz, kitni eslatib yuboradi. Bu yerda operatorim bilan o‘ziga xos vaziyat yuz berdi. Ehtiyotsizlik qilgan sherigim loyga botib qoldi.

Yaqin orada Aydarko‘lda ov mavsumi boshlanadi. Ovga ishqibozlar uchun Aydarko‘ldagidek muhit topilmasa kerak. Havo sovuq bo‘lishiga qaramay, bu yerda ham hordiq chiqaruvchilar uchun sharoitlar qilingan. Aslida Uxumdagi va Aydarko‘ldagi sharoitlarni boshqa hududlardagi turistlarni jalb qilish uchun harakat qilayotganlarga namuna qilib ko‘rsatish mumkin. To‘rt faslda ham bu yerga kelib dam olishga sharoit muhayyo.

Shunday qilib, Forish tumaniga uyushtirgan sayohatimiz nihoyasiga yetdi. Forishni boshqacha tasavvur qilib, umuman o‘zgacha taassurotlar bilan ortga qaytdik. Safar taassurotlarimiz esa doimgidek “Manzil” loyihasida.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid