O‘zbekiston | 12:16 / 07.12.2022
47240
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kar-soqov fuqaro nogironlik uyida kishanlab qo‘yilgani aytilgan xabarga izoh berildi

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda kar-soqov fuqaro nogironlik uyida bo‘ynidan zanjir bilan bog‘lab qo‘yilgani aytilgan xabar tarqaldi. Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, holat Ishtixon tumanida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, holat 2022 yil 15 noyabr kuni Ishtixon tumani Ravot qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.G‘. bilan sodir bo‘lgan va holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Tekshiruvda aniqlanishicha, Ishtixon tumani Ravot qishlog‘ida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro A.G‘. (tug‘ma nogiron (kar-soqov) 2004 yilda tog‘asi bilan birga yashab kelgan.

Ushbu fuqarodan mutaxassis (surdopedagog) ishtirokida tushuntirish olinganda, u uyidagi ro‘zg‘or yumushlarini bajarmaslik uchun o‘zini-o‘zi metal zanjir bilan bog‘lab, qulf osib, o‘zi bilan birga turuvchi akasi (tug‘ma nogiron (kar-soqov) A.M.dan ushbu holatni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishini so‘rab, shu yo‘l bilan uy ishlaridan qutulishni maqsad qilganini, ishidan pushaymonligini, hech kimga da’vosi yo‘qligini bayon qilgan.

Fuqaroning tog‘asi J.A.dan tushuntirish olinganda, u jiyaniga nisbatan bu kabi harakatlarni sodir etmaganini, holatni ijtimoiy tarmoqqa chiqqanidan so‘ng bilganini bayon qilgan.

Fuqaro Ishtixon tumani Tibbiyot birlashmasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning tanasida hech qanday tan jarohatlar aniqlanmagan. Tomonlarning tushuntirish xati asoslanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Mavzuga oid