Yevroittifoq o‘rmonlarni kesishdan keyin ishlab chiqarilgan tovarlar importini taqiqlaydi
Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevropa parlamenti Yevropa bozori ishtirokchilariga ishlab chiqarishi o‘rmonlarni kesishni talab qiladigan mahsulotlarni sotishni taqiqlovchi qonun loyihasi bo‘yicha kelishib oldi.
Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi hukumatlari o‘rmonlarni kesishga qarshi qonun loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. 6 dekabr, seshanba kuni parlament va YeI kengashi vakillari hujjatning dastlabki variantini kelishib oldi.
Shunday qilib, ishlab chiqarishi o‘rmonlarni yo‘q qilishni talab qiladigan mahsulotlarni Yevropa Ittifoqida sotishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Boshqa narsalar qatorida, yangi qoida go‘sht, qahva, palma yog‘i, soya, yog‘och, qog‘oz mahsulotlari, shuningdek, ushbu turdagi xomashyolardan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarishga taalluqlidir.
Qonun loyihasi Yevropa Ittifoqi bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi barcha kompaniyalardan vijdonlilik deklaratsiyasi taqdim etishni talab qiladi. Ushbu hujjat yetkazib berish zanjirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish «2020 yil 31 dekabrdan keyin dunyoning hech bir joyida o‘rmonlarning kesilishiga olib kelmaganini» tasdiqlaydi, deyiladi Yevropa parlamenti bayonotida. Shu bilan birga, taqiq boshqa narsalar qatori Amazon o‘rmoni kabi birlamchi o‘rmonlarni kesishga ham taalluqli ekanligi alohida qayd etilgan.
Qonun loyihasi hali Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevropa parlamentida rasmiy qabul qilish tartib-qoidasidan o‘tmagan. Ushbu qonun kuchga kirganidan bir yil o‘tib, Yevrokomissiya shu kabi qoidalarni boshqa ekotizimlarga ham tatbiq etish imkoniyatlarini o‘rganishi kerak, deb yozadi epd.
WWF ekologik tashkiloti qonun loyihasining ma’qullanishini «tarixiy» voqea deb atadi va bu o‘rmonlarni kesishni to‘xtatish yo‘lidagi birinchi qadam ekanligini ta’kidladi. «Kelgusi yillarda Yevropa Ittifoqi butun tabiatni muhofaza qilishga e’tiborini kengaytirishi kerak», — deya chaqiriq bilan chiqdi tashkilot.
Mavzuga oid
19:34 / 20.11.2024
Germaniyada Tesla zavodi qurilishiga qarshilar daraxtlardan tushishni xohlamayapti
18:56 / 19.11.2024
YeI Xitoy kompaniyalaridan ishlab chiqarishlarini Yevropaga joylashtirishni talab qiladi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
17:48 / 06.11.2024