O‘zbekiston | 20:03 / 11.12.2022
18123
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi avtobuslardan fuqarolik evaziga RF armiyasida xizmat qilishga chorlangan o‘zbek tilidagi e’lonlar olib tashlandi

Moskva shahridagi avtobuslarda joylashtirilgan e’lonlarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar o‘zbek, tojik va qirg‘iz tillarida Rossiya armiyasiga yollanishga chorlanib, evaziga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritishga targ‘ib qilingan. Bu haqda 9 dekabr kuni Kun.uz | Online kanali ham yozgandi.

Moskva shahridagi avtobus va elektrobuslar uchun javob bergan «Mosgortrans» davlat unitar korxonasi bunday e’lonlar chindan ham namoyish etilganini tasdiqlagan, ammo bunday e’lonlar ayni vaqtda olib tashlanganini ma’lum qilgan.

«Mosgortrans»dagilar TASS agentligiga e’lonlar «Saxarovo» migratsiya markazi rahbariyati murojaati asosida ikki oy muddatga Ms1, Ms2 va Ms3 yo‘nalishlaridagi avtobuslarga joylashtirilgan bo‘lganini xabar qilgan. «Ayni vaqtda xabar efirdan olingan», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Sentyabr oyida Davlat dumasi ma’qullagan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida bir yillik xizmat bo‘yicha shartnoma tuzadigan chet elliklar Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkinligi belgilangandi. Shundan keyin Moskva meri Sergey Sobyanin Saxarovodagi migratsiya markazida Rossiya mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy fuqarolarni harbiy xizmatga qabul qilish uchun infratuzilma yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid