Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Gaz zaxiralarimiz 30-40 yilga yetadi” - iqtisodchi
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekistonning gaz zaxiralari tugab qolgani haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz tugash arafasida deb aytilayotgan gaplar Rossiyadan gaz importini dastaklash uchun atayin aytilmoqda. Energetika vaziri o‘rinbosari mamlakatning aniqlangan gaz zaxiralari kamida 30 yilga yetishini tasdiqladi.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistonning gaz zaxiralari tugab qolgani haqida tarqalayotgan xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
“Men bularni quruq so‘z uchun gapirmayapman. Bu savolga javob berish uchun men uchta viloyatga borib keldim. Safarim davomida energetiklar, shu sohada ishlaydigan insonlar va gaz qazib oluvchi korxonalarning vakillari bilan gaplashdim, quduqlarning tepasida turdim, jarayonlarni boshidan oxirigacha qanday bo‘lishini ko‘rdim. Chunki masalani ichkariga kirib o‘rgangim keldi.
Hozir gaz yo‘q deya aytilayotgan gaplar atayin aytilmoqda. Shu orqali butun kuchimizni importga qaratishmoqchi. Bu orqali bizga yana eski loyiha, g‘oyalarni singdirishmoqchi.
Bundan ko‘rinadiki, xatolardan to‘g‘ri xulosa bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham, toki xalq o‘z manfaatlarini tushunib, biz buni xohlamaymiz, bunisiga tayyormiz demaguncha. Energetika, oziq-ovqat sohasida yangi bir konsepsiya ishlab chiqib, shunga rozilik olmaguncha bunaqa holatlar bo‘laveradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qolgan depozitlar 1970-80 yillarda geologiya razvedka qilingan depozitning (gazning) asosiy qismi hisoblanadi. Tabiiyki, ularda bosim ancha tushgan, gaz qoldiqlari kam qolgan. Yangi geologiya razvedka ishlariga esa ko‘p pul sarflanmagan. Investitsion bloklarga butun O‘zbekiston hududi berilgani bilan bu investitsiyalarni qilaman degan korxonalar geologiya razvedka ishlariga deyarli pul sarflamagan.
Ular bor imkoniyatdan foydalanib, o‘sha bor quvurlarni qaytadan burg‘ilab, gaz olib turibdi. Albatta, bu joylarda katta gazni kutish qiyin. Chunki agar katta gaz konlari bo‘lganda sovet davridayoq ularda ishlar boshlangan bo‘lardi”, – dedi u.
Iqtisodchi O‘zbekistonning bugungi kunda ishlab turgan gaz konlaridagi va aniqlangan yerosti gaz zaxiralari hajmiga oid savolga ham javob berdi.
“Buni aniq ayta olmayman, buni geologlar aytishi kerak. Lekin bir paytlar qilingan hisob-kitoblarda ko‘rgandimki, unda 2 trln kub gaz zaxiramiz bor edi. Keyinroq 1,7 trln kub gaz zaxiramiz bor deb aytildi. Lekin bular hammasi noaniq gaplar. Hozir O‘zbekistonning ichki ehtiyoji uchun taxminan 25-30 mlrd kub gaz ishlatiladi. Bu kamida 30-40 yillik zaxira degani. Lekin yer ostida yotgan gaz bilan qazib chiqarilgani o‘rtasida katta farq bor. Uni qazib chiqarish uchun juda katta ishlar qilinishi kerak.
Tasdiqlangan degani nima degani? Geologlar geologiya razvedka ishlari davomida yerni 3D formatga suratga tushirishadi. Unda falon joyda, falon chuqurlikda, falon chegaralari bilan nimadir turibdi, katta ehtimol bilan bu gaz yoki neft depoziti, gorizonti bo‘lishi mumkin degan taxmin beriladi.
Agar bugun mingta quduq qazsak, deylik, shundan 80 foizi 1 sutkada 100 ming metr kub gaz bersa ham biz taxminan 27-28 mlrd kub yangi gaz ishlab chiqqan bo‘lamiz. Bu O‘zbekistonning butun ehtiyojini qondirgan bo‘lardi. Mingta quduq taxminan 2,5 mln dollardan bo‘lganda ham 2 – 2,5 mlrd dollar xarajat ketadi. Biz esa bitta GTL zavodning o‘ziga 4,9 mlrd dollar sarfladik. Men bu zavodni borib ko‘rdim. Uning ko‘pgina texnologik oqimlari oxirigacha yetkazilmagan. Oxiriga yetkazish uchun esa yana 8-9 mln pul so‘ralyapti. Eng alam qiladigani shundaki, 2000 yillarning boshida “Sosol” kompaniyasi shu loyihani “O‘zbekneftgaz” korxonasiga taklif qilgan va uning narxini 900 mln dollar deya belgilagan, bizga esa 5 barobar qimmat – 4,9 mlrdga tushdi. Shunda ham oxirigacha yetmagan.
Bu juda katta zavod, lekin u yerda juda murakkab, unikal deydigan ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘q. Eng muhimi u yerda juda ko‘p isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan. Qishda juda katta par chiqib yotibdi. Bu parni uning atrofidagi issiqxonalarga berish mumkin edi.
Bu zavod har yili aholi iste’moli uchun beriladigan 20 foizdan ko‘proq gazni oladi. Chunki u to‘la quvvatda ishlasa yiliga 3-3,5 mlrd gaz so‘raydi. Aholi uchun ketadigan gaz esa 13-14 mlrd kub deyilyapti. Buni men aniq bilmayman. Chunki 2020 yil balansida aholi uchun ketadigan gaz 9,7 mlrd deb berilgandi. Bugun qanday qilib 13 ga chiqib qoldi, buni men bilmayman. Shunday deb olganimizda ham bu taxminan 25 foiz degani”, – dedi iqtisodchi Abdulla Abduqodirov.
Iqtisodchining O‘zbekistondagi gaz zaxiralari 30-40 yilga yetishi haqidagi ma’lumotiga aniqlik kiritishni so‘rab, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan bog‘landik. Xo‘jayevning tasdiqlashicha, hozirgi qazib chiqarish sur’atlarida gaz zaxiralari kamida 30 yilga yetishi prognoz qilingan.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
11:02 / 23.05.2025
4 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi
13:37 / 07.05.2025
Yevropa komissiyasi Rossiya gazidan voz kechish rejasini taqdim etdi
13:48 / 06.05.2025
Yevropa Ittifoqi 2027 yil oxirida Rossiyadan barcha gaz importini taqiqlamoqchi
15:20 / 01.05.2025