O‘zbekiston | 18:34 / 13.12.2022
12923
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident mart oyigacha Toshkentga 1000 ta yangi avtobus olib kelishga topshiriq berdi

“Men bosh vazirga alohida topshiriq berdim, mart oyigacha 1000 ta yangi avtobus olib kelasizlar”, – dedi Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumanida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Uchtepa tumanida infratuzilma va ijtimoiy soha obektlari faoliyati bilan tanishdi. Ayni paytda davlat rahbari shahar va tuman faollari hamda hukumat rasmiylari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

“Bugun transport saroyiga bejiz borganim yo‘q. Toshkentda transport tizimini isloh qilish hamisha diqqat markazimizda. Sharoitni yaxshilash, haydovchilar maoshini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdim. Hozir 370 ta yangi avtobus olib kelishni reja qildik. Men bosh vazirga alohida topshiriq berdim, mart oyigacha 1000 ta yangi avtobus olib kelasizlar.

Men biror viloyatga Toshkent shahrichalik imkoniyatlar qilib bermaganman. Demak, poytaxt har jihatdan namuna bo‘lishi shart. E’tibor bering, yangi metro liniyalari qurmaganimizda nima bo‘lardi? Sergeliga yangi yo‘l qurmaganimizda, tirbandlik qay ahvolga kelardi?” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bizning asosiy to‘sig‘imiz – birinchi navbatda korrupsiya, ikkinchisi – byurokratiya, uchinchisi – intilishimiz sustligi. Toshkent shahrida ishsizlik bo‘lishi qabul qilib bo‘lmas holat. 60 ta mahallasi bor Uchtepa tumanida ayni paytda besh mingta ishsiz bor deyildi. Taqdimotda kelgusi yilda 60 ming ish o‘rni yaratilishini aytdinglar. Demak, bu masala bo‘yicha muammo bo‘lmasligi kerak”, – dedi davlat rahbari yig‘ilganlarga qarata.

Vazir Jamshid Qo‘chqorovning tadbirda ma’lum qilishicha, tumanda 2022 yilda 1100 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari ish boshlagan, 270 dan ortig‘i faoliyatini to‘xtatgan. 70 mingdan ortiq aholi shu sub’yektlarda ish bilan ta’minlangan.

Mavzuga oid