O‘zbekiston | 14:25 / 13.12.2022
11646
2 daqiqa o‘qiladi

“Vatanparvar” qordan ham “foydalanmoqda”: o‘rganuvchilar uchun “vojdeniya” o‘tkazilmayapti

“Vatanparvar” tashkilotining joylardagi bo‘limlarida 2 haftadan beri bo‘lajak haydovchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmayapti. Holat yo‘llarning muzlama ekanligi (!) bilan izohlanmoqda. 

Kun.uz’ga “Vatanparvar” tashkilotining Yunusobod tumani bo‘limidan amaliy mashg‘ulotlar (vojdeniya) o‘tkazilmayotganligi, bu uchun benzin berilmayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, bunday holat tashkilotning faqatgina Yunusobod emas, boshqa hududlardagi bo‘limlarida ham kuzatilgan.

Bugundan e’tiboran 5 kishiga 1 ta mashina va 1 kunga 5 litr benzin berila boshlangan. Ammo bu o‘rganuvchi uchun juda kam miqdor: mashina ruli kimningdir qo‘liga tegmay ham qoladi, degani, deydi manba.

Kun.uz muxbiri “Vatanparvar” tashkiloti bilan bog‘lanib, holatga izoh oldi. Tashkilot matbuot kotibi Laziz Bo‘ronovning bildirishicha, amaliy mashg‘ulotlar yo‘llar muzlama ekanligi sababli o‘tkazilmagan:

Amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaganiga sabab yo‘llarning muzlama bo‘lgani. Sezgan bo‘lsangiz, jamoat transportiga ham yuklama ko‘payib ketdi, hamma o‘zini metroga uryapti. Bizlar birinchi navbatda o‘quvchilarning xavfsizligini o‘ylaymiz. Bugundan “vojdeniye”ni yo‘lga qo‘yamiz”. 

Aslida Toshkent yo‘llarida 1-2 kun muzlama kuzatildi, xolos. “Vatanparvar”ning bu izohi tashkilot hatto qordan ham bahona sifatida foydalanishga urinayotganligini ko‘rsatadi. O‘z vaqtida amaliy mashg‘ulotlarni o‘tamagan, ko‘nikmasini oshirmagan o‘rganuvchilar esa ertaga xavfli haydovchiga aylanishi mumkin.  

Mavzuga oid