O‘zbekiston | 07:30 / 15.12.2022
1636
3 daqiqa o‘qiladi

Hududlar innovatsion salohiyati reytingi tuzib chiqiladi

“Hududlar innovatsion salohiyati reytingi hisobini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • hududlar 2023-2026 yillarda innovatsion rivojlanishi reytingini hisoblash ko‘rsatkichlari;
  • hududlar 2022 yilda innovatsion rivojlantirish reytingini hisoblash ko‘rsatkichlari;
  • hududlar innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha faoliyatini baholash reyting hisobi;
  • 2022-2026 yillarda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarish yuzasidan sohalar bo‘yicha taqsimoti tasdiqlanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi hududlar va innovatsion salohiyati va faolligini hisoblash uchun lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlar hisobini yuritishni yo‘lga qo‘yadi va har chorakdan keyingi oy 25-sanasiga qadar bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini ta’minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • hududlar innovatsion faolligi reytingi hisobi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan har chorakdan keyingi oy yakuniga qadar olib boriladi;
  • reyting hisobi ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari mas’ul hisoblanadi;
  • Vazirlar Mahkamasi har yil yakuni bilan o‘tkaziladigan majlislar kun tartibiga hududlar innovatsion faolligi masalasi asosiy masalalardan biri sifatida kiritiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda 2023 yil 1 apreliga qadar:

  • hududlar innovatsion salohiyatini hamda mahalliy hokimliklar va innovatsion hududlarga aylantirilayotgan tuman (shahar)lar hokimliklari innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha faoliyatini har chorak yakuni bilan baholovchi dasturiy ilova ishlab chiqadi va amaliyotga joriy qiladi;
  • barcha tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ilovaga har chorak yakuni bilan ma’lumotlarni kiritib borish bo‘yicha joylarda amaliy seminarlar tashkil qiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, hududlarda innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli yuritish hamda ilovaga yuklash ishiga tuman (shahar) hokimi mas’ul hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid