Jahon | 12:23 / 16.12.2022
22531
6 daqiqa o‘qiladi

Belarus qo‘shinlarini Ukraina chegarasidan olib ketayotganini ma’lum qildi. Kiyevdagilar «chalg‘ituvchi manyovr» haqida aytmoqda

Foto: Belarus mudofaa vazirligi

Belarus hukumati Ukraina bilan chegara hududiga joylashtirilgan qo‘shinlar doimiy dislokatsiya joylariga qaytishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bir necha kun oldin Belarus hukumati o‘z kuchlari jangovar tayyorgarligi to‘satdan tekshirilishi haqida e’lon qilgandi. Ukrainadagilar xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirib, Minsk Ukraina-Belarus chegarasidagi vaziyatni qasddan keskinlashtirayotganini da’vo qilmoqda.

Belarus mudofaa vazirligi nima degan?

Payshanba kuni Belarus harbiy idorasi mamlakat qurolli kuchlarining Ukraina bilan chegara yaqinida turgan 38-desant-shturmchi brigadasi doimiy dislokatsiya joyiga qaytarilganini xabar qildi.

Bu ma’lumotni Belarus harbiy texnikalari va bo‘linmalari harakatini kuzatib boruvchi «Belaruskі Gayun» telegram-kanali ham tasdiqladi.

Belarus mudofaa vazirligi brigadaning doimiy dislokatsiya bo‘yicha qaytishini tasdiqlashi kerak bo‘lgan fotosuratlarni nashr etdi. Ushbu tuzilmaning to‘liq nomi - 38- Brest alohida gvardiya desant-shturm brigadasi, ya’ni uning bazasi odatda Brestda bo‘lgan.

Belarus mudofaa vazirligi qo‘shinlar olib ketilayotganini tasdiqlovchi suratlarni namoyish etdi

Ukraina nima demoqda?

Urush boshidan buyon Ukraina hukumati Belarusni mojaro tomonlaridan biri deb hisoblaydi, chunki bu mamlakat Rossiya armiyasiga o‘z hududidan bosqin uchun platsdarm sifatida foydalanishga ruxsat bergandi. G‘arb va ukrain ekspertlari ham kelgusida Belarus harbiylari Rossiya armiyasi bilan birgalikda Ukrainaning g‘arbiy regionlariga yangi bosqin boshlashi ehtimolini istisno etmaydi.

Ammo Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi payshanba kungi brifing chog‘ida hozirda Belarus hududidan takroriy hujum bo‘lishi ehtimoli yuqori emasligini ma’lum qildi.

Ukraina chegara xizmati esa bu uchastkadagi vaziyat nazorat ostida qolayotganini qayd etdi. Chegara xizmati rasmiy vakili Ondriy Demchenko BBC Ukraina xizmatiga shunday degan: «Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri chegara atrofida texnika va qo‘shinlar joylashuvi yoki harakatlanishiga guvoh bo‘lmadik. Ayni vaqtda Ukraina hududiga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan zarbdor kuchlar tashkil etilganiga oid hech qanday dalilni qayd etmayapmiz».

Shu bilan birga Demchenko vaziyat muntazam ravishda ataylab keskinlashtirilishini ta’kidlagan: belarus harbiylari Rossiya armiyasi bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda, qo‘shinlarning qo‘shma guruhini tuzish haqida bayonotlar e’lon qilinmoqda, jangovar tayyorgarlik tekshirilmoqda.

«Biz anglab turibmiz, Rossiya Belarusni ochiq urushga tortishga harakat qilmoqda», degan Demchenko.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ham 15 dekabr kungi vaziyat bo‘yicha hisobotida Belarus tomondan yurish qilinishi ehtimolini past deb baholagan. «Belarus 2022 yil fevralida Rossiyaning Kiyevga yurishida muhim rolni o‘ynagan. Ammo hozirda mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan Belarus va Rossiya bo‘linmalari Ukraina shimolida muvaffaqiyatli yurish o‘tkazish uchun yetarli kuchni tashkil etishi dargumon», - deya xabar qiladi britan razvedkasi.

Belarus o‘z armiyasi jangovar tayyorgarligini to‘satdan tekshirishni 13 dekabr kuni boshladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar mamlakat shimoli-g‘arbida, ya’ni Ukraina chegaralaridan uzoqda o‘tkazilmoqda.

Ammo Belarus hududiga safarbar qilingan rossiyaliklarning yangi guruhlari tashlangani haqida ham ma’lumot mavjud - bu xabarlar fonida Ukrainaga shimoliy yo‘nalishda yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida taxminlar ham paydo bo‘ldi.

Rossiya rasmiy shaxslari Belarus qo‘shinlari harakati va ushbu mamlakatga safarbar qilingan harbiylar jo‘natilgani to‘g‘risidagi xabarlarni sharhlamaslikni ma’qul ko‘rmoqda.

«Chalg‘ituvchi yo‘nalish»

Ukrain ekspertlariga ko‘ra, Belarus chegarasidagi qo‘shinlar harakatlantirilishi - Ukraina resurslari va diqqatini chalg‘itishga qaratilgan umumiy strategiyaning bir qismidir.

Foto: Belarus mudofaa vazirligi

«Belarus hozirda bizni chalg‘itmoqda. Ukraina shimoliy chegaralari yaqinida faol axborot amaliyoti va minimal miqdordagi qo‘shinlar harakati», - degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich «Feygin LIVE» YouTube-kanali efirida. U bundan maqsad Ukrainani Belarus chegarasida yetarlicha guruh qoldirishi va bu hududdagi bo‘linmalarni boshqa yo‘nalishlarga jo‘natmasligiga erishish ekanini aytgan.

Shu bilan birga Arestovich Rossiya kelgusida «strategik tashabbusni qo‘lga olish»ga harakat qilishi va buning uchun yanvar-fevral oylarida zaxira to‘plashi mumkinligini taxmin qilmoqda.

RF armiyasining «frontni kengaytirish» strategiyasi haqida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham gapirgan. «Dushman Xersonni o‘qqa tutmoqda, shimoldagi faollik haqida tasavvur yaratishga urinmoqda, xuddi zombilar kabi Baxmutdagi pozitsiyalarimizga bostirib kelishmoqda va Donetsk oblasti janubida bosim o‘tkazmoqda», degan u o‘z telegram-kanalida.

Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati agar frontni kengaytirishga muvaffaq bo‘linmasa, bu qish ular uchun falokatga aylanishini anglab turibdi. «Ularning butun strategiyasi tushunarli. Qiyin bo‘ladi, ammo biz maqsad sari - 1991 yilgi chegaralarga chiqish uchun harakatlanishda davom etamiz», - deya yozgan prezident ofisi rahbari.

Mavzuga oid