O‘zbekiston | 09:23 / 16.12.2022
2700
5 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulklar ko‘chmas mulk jumlasiga kirishi yuzasidan xulosa berish tartibi e’lon qilindi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Mol-mulklarni ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish tartibi hamda yer bilan uzviy bog‘liq mol-mulklar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • mol-mulk ko‘chmas mulk jumlasiga kirishi yuzasidan xulosa berishda foydalaniladigan ma’lumotlar manbalari, mol-mulk ko‘chmas mulk jumlasiga kirishi yuzasidan ishchi guruh tomonidan xulosa berish, xulosadan norozi bo‘lgan shaxs tomonidan shikoyat qilish tartibini nazarda tutuvchi Mol-mulklarni ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Yer bilan uzviy bog‘liq mol-mulklar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi zarur hollarda Yer bilan uzviy bog‘liq mol-mulklar ro‘yxatini kengaytirish yoki chiqarib tashlash bo‘yicha takliflar kiritadi.

Mol-mulklarni ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u mol-mulklarni ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish tartibini belgilaydi. Ushbu nizom talablari yer osti boyliklariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mol-mulk fuqarolik huquqlari obekti sifatida ko‘chmas mulkka va ko‘char mulkka bo‘linadi. Ko‘chmas mulk obektlari foydalanish xususiyatlariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: yer uchastkalari; binolar va inshootlar; ko‘p yillik daraxtlar; yer bilan uzviy bog‘langan boshqa mol-mulk.

Ko‘chmas mulk jumlasiga kirmaydigan mol-mulk ko‘char mulk hisoblanadi. Ko‘chmas mulk obektlari quyidagilarga asosan tasniflanadi:

  • ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlar davlat reyestridagi ma’lumot va axborotlar;
  • ko‘chmas mulk obektlari manzillari yagona reyestridagi ma’lumot va axborotlar;
  • mol-mulk ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat kadastrlarini yuritish hamda axborot tizimlarida foydalaniladigan klassifikatorlar to‘plamidagi ma’lumotlar va axborotlar;
  • ko‘chmas mulk obektlari kadastr yig‘majildidagi (pasportidagi) ma’lumotlar va axborotlar;
  • tegishli davlat kadastrlarni yuritishga mas’ul bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlardagi ma’lumotlar;
  • yer bilan uzviy bog‘liq mol-mulklar;
  • qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar.

Ko‘chmas mulk deb tasniflanishi uchun mol-mulk quyidagi talablarga javob berishi zarur:

  • ushbu obeksiz normal ishlashi mumkin bo‘lmagan obektni, mulkiy majmua tarkibiga kiritilishi;
  • obekt ko‘chmas mulk sifatida yaratilgan, yer bilan uzviy bog‘langanini va nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini o‘zgartirishi mumkin emasligini isbotlovchi barcha loyihaviy, texnik va ruxsat beruvchi hujjatlar (dalillar) mavjudligi;
  • obekt konstruksiyasi uni keyinchalik demontaj qilishni, joyini o‘zgartirib ko‘chirish va yangi joyga montaj qilishni ko‘zda tutmasligi;
  • obekt monolit temir-beton poydevorda yoki u uchun maxsus tashkil etilgan estakadalarda (yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish uchun yer yuzasidan ma’lum balandlikda quriladigan yoki o‘rnatiladigan to‘sinsimon konstruksiyalardan iborat ko‘priksimon inshoot) joylashuvi.

Mol-mulk jumlasiga (toifasiga) aniqlik kiritish istagi bo‘lgan mulkdor – yuridik shaxslar uning ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Bunda, davlat soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilarda o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida vujudga kelgan tafovutlar bo‘yicha soliq bazasiga aniqlik kiritish maqsadida mol-mulk ko‘chmas mulk jumlasiga (toifasiga) kirishi yuzasidan xulosa berish to‘g‘risida palataga so‘rov yuborishi mumkin.

Mavzuga oid