Toshkentda avtobuslar soni ko‘paytirilmoqda. Lekin ular orasida xarid qilinishi taqiqlanganlari ham bor
15 dekabr kuni yo‘nalishlarga 900 dan ortiq avtobuslar chiqarildi. 16 dekabrda ularning soni 1000 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Poytaxt ko‘chalariga chiqarilgan avtobuslar orasida 2018 yildan sotib olinishi taqiqlanganlari ham bor.
13 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘lib, jamoat transporti muammolarini keskin tanqid qilgan, mas’ullarga bir qancha ko‘rsatmalar bergandi. Jumladan, mart oyiga qadar mingta katta sig‘imli avtobuslar olib kelinishi kerakligi aytilgandi.
Shundan so‘ng, prezident topshirig‘i bilan tizimdagi muammolarni bartaraf etish, aholiga qulay transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha idoralararo tezkor shtab tuzildi.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasining 15 dekabrdagi xabariga ko‘ra, 14 dekabr kuni tezkor shtab yig‘ilishi o‘tkazilgan, unda mavjud yo‘nalishlar inventarizatsiyasi o‘tkazilib, yo‘nalishlar bo‘ylab yo‘lovchilar oqimi shakllanishi, harakatlanuvchi tarkiblarning texnik holati va haydovchilarning mavjudligi o‘rganilgan.
«Tasdiqlangan yo‘nalish hujjatlariga muvofiq, avtobuslarning harakatlanish intervallarini qisqartirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida texnik nosoz holatda bo‘lgan avtobuslarni yaroqli holga keltirish choralari ko‘rildi», – deyiladi bosh boshqarma xabarida.
14 dekabr kuni qo‘shimcha 20 dona MAN A22 rusumli yuqori sig‘imli avtobuslar, 15 dekabr kuni esa yana 100 dona Isuzu (SAZ HC40) avtobuslari olib kelingan.
Holbuki prezidentning 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan PF-5270-son farmoni bilan 2018 yil 1 martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isuzu nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan.
Shuningdek, xuddi shu kuni 190-sonli avtobus yo‘nalishida Isuzu rusumli avtobuslar o‘rniga 10 dona MAN RR3 rusumli sayyohlik avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. 190-sonli avtobus yo‘nalishidagi avtobuslar esa harakat tarkibi kam bo‘lgan yo‘nalishlarga vaqtinchalik biriktirilgan. Aynan qaysi yo‘nalishlarga biriktirilgani esa ochiqlanmagan.
Bundan tashqari, 15 dekabrdan boshlab 181-sonli yo‘nalishga 8 ta, 120-sonli yo‘nalishga 3 ta va E-1 tezkor yo‘nalishga 5 ta Yutong rusumli «O‘zavtotransservis» MChJ avtobuslari jalb etilgani ham ma’lum qilindi.
Jami hisoblanganda, «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan 944 ta avtobus yo‘nalishga chiqarilgani aytilmoqda. Poytaxt transport bosh boshqarmasiga ko‘ra, 16 dekabr kuni avtobuslar sonini 1000 taga yetkazish rejalashtirilgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra esa jami yo‘nalishga jalb qilingan avtobuslar soni 945 taga yetkazilgan. Avtoparklarga Ichki ishlar vazirligi tasarrufida bo‘lgan 30 ta Isuzu rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar ajratilgan. 15 dekabr kuni qo‘shimcha 75 ta avtobus ta’mirlanib, yo‘nalishlarga chiqarilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, bu jarayonda «Toshshahartransxizmat» AJga tegishli 8 ta avtobus saroylari va yo‘nalishlarga Ichki ishlar vazirligidan 212 nafar xodim jalb etilib, vazirlik qaramog‘iga shaharning 7, 8 va 18-sonli avtobus saroylari biriktirilgan.
Mavzuga oid
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024