Ukraina bo‘ylab yangi raketa zarbalari. Asosiy ma’lumotlar
Kiyevda issiqlik yo‘q, Xarkivda to‘liq tok o‘chgan, Kriviy Rihda turar joyga zarba kelib tushishi oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar bor.
Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab navbatdagi marta yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. 16 dekabr tongida mamlakatning barcha hududlarida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 13:00 holatiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab 76 raketa uchirgan, shundan 60 tasi urib tushirilgan. Ukraina hukumati va OAV bir qancha regionlarda, jumladan Kiyevda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushganini ma’lum qilgan.
Yangi hujumlar tufayli butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar ro‘y bergan, bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko ma’lum qildi. Energetika vaziri o‘rinbosari German Galushchenko esa raketa zarbalari oqibatida Ukraina sharqi va janubida energetika obektlari shikastlanganini aytgan. «Ukrenergo» favqulodda holat haqida e’lon qilgan, chunki zarbalar tufayli Ukraina energiya tizimi quvvatining 50 foizdan ortiq qismini yo‘qotgan.
Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharning uchta rayonida portlashlar ro‘y berganini ma’lum qildi: Desnyanskiy, Dneprovskiy va Goloseyevskiy. Uning aytishicha, shaharda energetika infratuzilmalari shikastlanishi oqibatida suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Shuningdek, mahalliy aholi ayrim rayonlarda issiqlik ta’minotidagi muammolar haqida xabar berdi. Metroda poyezdlar harakati to‘xtatilgan, stansiyalar bombapanagoh sifatida ishlashga o‘tgan. Kiyevda zarbalar oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Kiyevda mobil aloqa va internetda ham muammolar kuzatilmoqda.
Kiyev oblastining Brovari posyolkasida urib tushirilgan raketa parchalari aholi uylari ustiga qulagan, jabrlanganlar yo‘q.
Kriviy Rihda turar joy binosi zarbaga uchragan, Kirill Timoshenkoning ma’lumotiga ko‘ra, ko‘p qavatli turar joy binosining beshta pod’yezdidan biri vayron bo‘lgan. Oblast ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bu uyda yashovchilardan ikki nafari halok bo‘lib, yana sakkiz kishi jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida uch bola ham bor.
Ukrainaning bir qancha yirik shaharlarida tok o‘chib qolgan. Xarkiv meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, shaharda infratuzilma obektlari raketa zarbasiga uchragach, elektr energiyasi yo‘qolgan. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov Rossiya qo‘shini regiondagi kritik infratuzilmalarga uchta zarba yo‘llaganini, butun region bo‘ylab esa o‘nta raketa uchib kelganini ma’lum qilgan. Butun Xarkiv oblasti bo‘ylab tok o‘chgan — qariyb 1,3 million kishi elektr energiyasisiz qolgan. Xarkiv metrosi faoliyati to‘xtagan, metro bekatlari odamlar uchun boshpanaga aylangan.
Poltava oblasti mahalliy rasmiylariga ko‘ra, oblastning shu nomdagi markazida elektr ta’minoti butunlay o‘chgan, Kremenchug esa ham toksiz, ham ichimlik suvisiz qolgan. Mikolayiv shahri va Mikolayiv oblastida, oblast rahbari Vitaliy Kimning xabar berishicha, elektrni favqulodda o‘chirishga to‘g‘ri kelgan. Dneprda metro va elektr transport faoliyati to‘xtagan.
Xarkiv, Kirovograd, Donetsk va Dnepropetrovsk oblastlarida energetika obektlari shikastlanishi tufayli qator temiryo‘l uchastkalarida tok o‘chgan. Kamida 15 ta raketa uchib kelgan Zaporijjya oblasti rahbariyati mahalliy aholini elektr o‘chirishiga tayyor bo‘lishga chaqirgan. Avvalroq raketa zarbalari xavfi tufayli Ukrainaning qator oblastlarida elektr ta’minotida profilaktika maqsadlarida favqulodda uzilishlar joriy etilgandi.
So‘nggi ikki oyda Rossiya bir necha bor Ukrainaning energetika obektlariga yoppasiga zarbalar berdi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal 11 dekabr kuni, Ukrainada davomli zarbalar tufayli barcha issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektrstansiyalari shikastlanganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31 / 23.11.2024