Jahon | 15:43 / 16.12.2022
3472
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Bosniya va Hersegovinaga nomzod maqomini berdi

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomi Bosniya va Hersegovina hukumatiga Bryussel Sarayevodan islohotlar kutayotganidan dalolat beradi, dedi Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel.

Foto: AFP

15 dekabr, payshanba kuni Yevropa Ittifoqi Bosniya va Hersegovinaga (BvH) a’zolikka nomzod maqomini berdi. Davlat va hukumat rahbarlari Bryusseldagi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarining tegishli tavsiyasini ma’qulladi.

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bu qarorni Bolqon respublikasi aholisi uchun «signal» deb atadi. Shu bilan birga, nomzod maqomining berilishi «yangi hokimiyat tomonidan islohotlar o‘tkazilishi aniq kutilayotganidan dalolat beradi», deya qo‘shimcha qildi Yevropa kengashi rahbari. Xususan, Bryussel Sarayevodan korrupsiyaga qarshi kurash va boshqaruv sohasida o‘zgarishlarni kutmoqda. 

Bosniya va Hersegovina 2016 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan. Biroq, Yevropa komissiyasi faqat 2022 yil oktabr oyida YeI kengashiga mamlakatga nomzod maqomini berishni tavsiya qildi. Bu qaror BvHda tub islohotlar o‘tkazilishiga umid bilan bog‘liq, degan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. 

Iyun oyida Ukraina va Moldova tezlashtirilgan a’zolik uchun ariza berib, YeI a’zoligiga nomzod sifatida tan olingan edi. Gruziya ham xuddi shunday ariza yuborgan, biroq unga faqat «Yevropa istiqboli» maqomi berilgan. Bryussel Tbilisiga Yevropa integratsiyasi yo‘lida keyingi taraqqiyot uchun 12 mezondan iborat ro‘yxatni yubordi. 

Ukraina va Moldovadan tashqari bugungi kunda Yevropa Ittifoqiga a’zolikka Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Chernogoriya va Turkiya nomzoddir. Biroq, bu davlatlarning hech biri uchun Yevropa Ittifoqiga kirish shartlari aniqlanmagan. 

Mavzuga oid