O‘zbekiston | 16:37 / 17.12.2022
18487
11 daqiqa o‘qiladi

Qaror ortiga berkinayotgan vazirliklar: 120 yillik bino buzilishiga qaysi hujjat asos bo‘lgan?

Mas’ullar Toshkent stomatologiya institutiga qarashli sobiq bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi buzib tashlangani masalasida jurnalistlar bilan uchrashdi. Binoni buzishga qurilish vazirligidan xulosa olinmagani, nega bunga vakolati bo‘lmagan vazir buyruq chiqargani masalasi ochiq qoldi.

Yaqinda Toshkent shahrida joylashgan 120 yillik obekt – Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan buzib yuborilgani haqidagi maqola Kun.uz’da e’lon qilingan edi. Unda bu obekt 1901 yilda qurilgani, binoda 1954 yilda rus yozuvchisi Aleksandr Soljyenitsin davolanib, bu haqida 1963–1966-yillarda “Rakovyy korpus” romanini yozgani va shu sabab ham bino tarixiy ahamiyatga ega ekani masalasi ko‘tarilgan.

 Binoning tarixiy ahamiyatidan tashqari, uni buzish uchun Qurilish vazirligining Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bino yaroqsizligi bo‘yicha xulosa bermagani, binoni buzish bunga vakolati bo‘lmagan sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan amalga oshirilgani yozilgandi. Voqeadan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berib, qonunbuzilishi yo‘qligini da’vo qilib, munosabat bildirdi.

“Bino halokatli holatda bo‘lgan”

E’lon qilingan maqolada bino Madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kirmagani aytilgandi. Bunga 14 dekabr kuni bino buzilishiga aloqasi bor tashkilot vakillarining jurnalistlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida izoh berildi. Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi madaniy obektlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Nabixo‘ja G‘aniyevning aytishicha, bino rostdan ham 1901 yilda qurilgan. Maqolada keltirilgan Soljyenitsin shu yerda turgani ham haqiqat.

Nabixo‘ja G‘aniyev

“Binoning yarmidan ko‘pi buzilib ketgan, poydevori eski edi, lekin bitta poydevoriga qarab buni Madaniy meros obekti deb olishga haqqimiz yo‘q. Bino “avarinniy” holatda edi”, – dedi vakil.

Mas’ul madaniy meros obektlariga binoni kiritish qanday asoslar bilan bo‘lishini ham aytib o‘tdi.

“Binoning eskiligi, qaysi vaqtda bunyod qilingani va ularning saqlangan holatiga qarab obekt Madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bilishimcha, binoning yarmidan ko‘pi qaytadan qurilgan va qurilish materiallari eski Nikolay g‘ishtlaridan emas, oddiy g‘ishtlardan qilingan edi. Shu sabab Madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kirmay qolgan. ToshMI asosiy korpus kadetlar korpusi Madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Lekin hamma binoni ham Madaniy meros obekti deb ololmaymiz”, – dedi u.

Qurilish vazirligining mujmal javobi

Mas’ullarning bino saqlab qolinmagani haqidagi izohlarini tushundik ham deylik, lekin bino yaroqsizligi bo‘yicha nega inspeksiya xulosasi olinmagani noaniq qolyapti.

Tegishli farmonda davlat mulki hisoblangan binoni buzish uchun Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasi kerakligi, lekin buzilgan bino uchun inspeksiyaning bunday xulosasi yo‘qligi ma’lum qilingandi. Bunga javoban SSV bergan izohga ko‘ra, obektlarning yaroqli yoki yaroqsizligini tekshirib, xulosa berish Qurilish vazirligi tomonidan berilgan maxsus litsenziyaga ega davlat yoki nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin va shu asosda “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MChJ sobiq bolalar jag‘ klinikasiga yaroqsiz degan xulosa bergan. Biroq vazirlik aynan qaysi asosga ko‘ra, xususiy tashkilot tarixiy binoga baho berishi mumkinligini izohlamayapti.

Qurilish vazirligi javobiga ko‘ra, binoga shunday xulosa berishga xususiy tashkilotda asos bor.

“Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomning 21-ilovasidagi pasportga muvofiq Qurilish vazirligi 23 xil litsenziyalanadigan faoliyatning kichik turlariga litsenziyalar beradi. Ushbu litsenziyalanadigan faoliyatning kichik turlarida “binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish” kichik faoliyat turi ham mavjud”, – deya izoh berdi vazirlik.

Biroq “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi va O‘zbekiston  Respublikasi prezidentining “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 17 yanvardagi PF-4933-son farmonida bino yaroqsizligi bo‘yicha faqat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi baho berishi ko‘rsatilgan. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonundan kelib chiqilsa, qonun va prezident farmoni Qurilish vazirligi aytayotgan Vazirlar Mahkamasi qaroridan yuqoriroq turadi.

Lisenziyasiz tashkilot xulosasi

Qonun, farmon va qaror qaysi biri binoni buzishga asos bo‘lishi masalasini chetgan surib, SSV izohiga yuzlanamiz. Vazirlik binoni buzishga 2021 yil 19 dekabrda Qurilish vazirligidan litsenziya olgan “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MChJning texnik hisoboti olinib, buzish ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. Shundan keyin iqtisodchi Otabek Bakirov bu MChJning litsenziyasi Adliya vazirligi reyestida bormi degan savolni o‘rtaga qo‘ygan. Iqtisodchining yozishicha, 19 dekabrda litsenziya olgan tashkilot 13 dekabrda ro‘yxatdan o‘tgan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, tegishli litsenziya 7 ish kuni davomida hujjatlar ko‘rib chiqib, keyin beriladi. Bu degani MChJ tashkil etilgan kuniyoq litsenziya uchun barcha hujjatlarni topshirgan taqdirda ham faqat 2021 yil 21 dekabr kuniga kelib litsenziyaga ega chiqishi mumkin edi. Shu sohadagi mutaxassislarga ko‘ra, litsenziya olish oson emas, bunga hujjatlarni qayta va qayta topshirish va kamida bir oy vaqt ketadi.

“Shundayam yaxshi gumon qilishda davom etdim, balki tepada tanishi bordir, balki yo‘lini topgandir, shunaqasi ham bo‘ladi-ku. Va keyingi bosqichga o‘tdim. O‘zi “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MChJning litsenziyasi bormikan? Bo‘lganmi o‘zi? “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” MChJning litsenziyasi bo‘lsa, mana bu manzil reyestrida uning STIRini (309111574) kiritamiz va litsenziya chiqib kelishi kerak. Ming afsuski, “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” litsenziyasi reyestrda yo‘q. Bo‘lmagan ham", – deb yozgan Bakirov.

Qurilish vazirligi 14 dekabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvida ham vazirlik vakillari litsenziyalash masalasiga javob berishmagandi. “Tsentr Ekspertiza Kontrolnogo Obmera 110” binoga xulosa berishi mumkinmi degan savol ochiq qolgandi.

Qo‘shimcha avtoturargoh nega kerak bo‘lib qoldi?

Sobiq bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosini buzishdan maqsad Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun avtoturargoh qurish bo‘lgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, endokrinologiya markazi uchun qanday hajmdagi avtoturargohga ehtiyoj bor edi va avtoturargoh qurish masalasi bino loyihalanayotganda hisobga olinmaganmi?

Avtoturargohga ehtiyoj bo‘yicha Respublika endokrinologiya markazi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nosir Zokirov javob berdi.

Nosir Zokirov

“Bizda 1000ga yaqin xodim ishlaydi. Ularning 50 foizida mashina bor. Bu degani eng kamida 300ta mashina uchun turargoh kerak. Undan tashqari, bizga viloyatlardan kelib yotadigan kasallarimiz uchun, ularning 60-70 foizi mashinada keladi. Ular ham mashinani ichkariga qo‘yishga harakat qiladi. Chunki yo‘l bo‘yiga qo‘yganda har xil sharoit bo‘ladi”, – dedi u jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Mas’ul vakilga buzilgan bino joyi “parkovka” uchun yetarlimi degan savol bilan murojaat qilindi. Nosirov bu joy ham aslida avtoturargoh uchun kichiklik qilishini aytdi.

“Aslida bu yerga Chorsu bozoridagidek 2-3 qavatli parkovka qilish kerak edi. Loyiha bo‘yicha esa bir qavatli qilib rejalashtirilgan”, – dedi Nosirov.

Endokrinologiya markazini loyihalashda qatnashgan “O‘zshaharsozlik LITI” DUK bosh muhandisi Salohiddin Yo‘ldoshevning aytishicha, bu hudud 2ga: qurilayotgan Endokrinologiya markazi va eski ToshMI hududiga ajraladi. 

Mas’ulning aytishicha, Endokrinologiya markazi atrofida binolar borligi uchun, parkovkani boshqa joyga surishning iloji yo‘q.

«Loyiha 2018 yildan beri davom etyapti. Endokrinologiya binosi uchun mo‘ljallangan loyiha esa 2019 yilda ishlangan. Bino chegarasini buyurtmachi hal qilib beradi. “Parkovka” ham 2019 yilda kelishilgan”, – dedi u.

Loyihachiga nega ilk loyihadayoq avtoturargoh uchun ko‘proq joy ajratilmagan degan savol bilan murojaat qilindi.

Mas’ulning javob berishicha, loyihada “parkovka” uchun minimal miqdor kiritilgan. U keyinchalik buyurtmachi talabiga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.

Ochiq qolgan auksion va vazir buyrug‘i masalasi

Uchrashuvda jurnalistlar mas’ullardan binoni buzishdan oldin auksion nega o‘tkazilmagani, buzish nega vazir buyrug‘i bilan amalga oshirilganini so‘rashdi. Biroq savollar ochiq qoldi. Bu savollarga SSV bergan javobidan ko‘rinadiki, Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi 103-uyda joylashgan korpuslarni xatlovdan o‘tkazish, shaharsozlik talablariga javob bermaydiganlarini ko‘chirish, buzish hamda o‘rnida qo‘shimcha qurilish ishlarini olib borish Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 dekabrdagi yig‘ilish bayoni bilan amalga oshirilgan. Bayon matnini e’lon qilmagan vazirlikdan bu hujjat bilan tanishib chiqishni so‘radik. Ammo vazirlik bu hujjatni OAVga berishni lozim topmadi. 

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustalari – Nuriddin Nursaidov, Abdusalim Abduvohidov. 

Mavzuga oid