Jahon | 19:37 / 20.12.2022
12479
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yirik gaz quvuri portladi, Yevropaga gaz yetkazib berish to‘xtab qolishi mumkin

Rossiyaning Chuvashiya Respublikasida gaz quvurining bir qismida portlash sodir bo‘ldi. Bu Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berish davom etayotgan yagona gaz quvuri edi.

Foto: TASS

Chuvashiyadagi Urengoy-Pomari-Ujgorod gaz quvurida yuz bergan portlash oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi. Bu haqda portlash sodir bo‘lgan joy yaqinidagi Kalinin qishlog‘i rahbari Olga Smirnova ma’lum qildi.

«Bu [portlash] videodan ham dahshatliroq edi. Qishloqda derazalarga yaqinlashib bo‘lmay qoldi, chunki hamma narsa qizib ketdi. Portlash juda kuchli edi. Biz qo‘rqib ketdik, chunki bizda maktab va bolalar bog‘chasi bor. Ularni evakuatsiya qilish kerak deb o‘yladik, yaxshiyamki unday bo‘lmadi», dedi Smirnova.

Favqulodda xizmatlar vakillari portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lgani va bir kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Ularning barchasi gaz quvurini ta’mirlashda qatnashgan.

Portlash qurilish-montaj ishlari davomida, ehtimol ta’mirlash vaqtida sodir bo‘lgan, dedi respublika rahbari Oleg Nikolayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki soatlarda harorat yuqori ekani tufayli portlash sodir bo‘lgan joyga yaqinlashib bo‘lmagan, hozirda operativ tarzda nosozliklar bartaraf etilyapti.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, yong‘in quvurning yer osti qismidan gaz sizib chiqishi oqibatida boshlangan, voqea joyida katta mash’al bor. Alangani o‘chirish uchun quvurdagi gaz ta’minoti yopilgan.

Urengoy-Pomari-Ujgorod gaz quvuri Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib beradi: Ujgorod — Ukraina g‘arbida, Slovakiya bilan chegaradosh shahar. Hozirda u Ukraina orqali gazni tranzit qilishda davom etayotgan yagona gaz quvuridir. U «Suja» nazorat-o‘lchash stansiyasidan o‘tadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid