Jahon | 14:54 / 26.12.2022
10659
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina tashqi ishlar vaziri: RFni yadrosizlantirish masalasi G‘arb uchun yopiq mavzu bo‘lishdan to‘xtadi

Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lib qolishga va umuman, Birlashgan millatlar tashkilotida bo‘lishga haqqi yo‘q, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Kuleba.

Dmitriy Kuleba / Foto: Reuters

Ukraina 26 dekabr kuni Rossiyaning kelajakda BMT Xavfsizlik kengashida ishtirok etishi masalasini ko‘tarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha milliy telemarafon efirida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ma’lum qildi. «Ertaga biz rasman bu pozitsiyani ko‘taramiz. Savolimiz juda oddiy: Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lib qolish va umuman Birlashgan millatlar tashkilotida bo‘lish huquqiga egami? Bizda ishonchli va asosli javob bor – yo‘q», deb ta’kidladi Kuleba.

Ukraina vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina bilan urushda mag‘lubiyatga uchragach, uning taqdiri nima bo‘lishi, uning yadrosizlanishi masalasi G‘arb diplomatiyasi uchun yopiq mavzu bo‘lishdan to‘xtadi. «Bu masalalar hozircha matbuot anjumanlarida va davlat va hukumat rahbarlarining ommaviy bayonotlarida muhokama qilinmayapti, lekin pastroq darajada gapirilyapti. Rossiya tinchlik va xavfsizlikka tahdid solmasligi uchun qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikr almashilmoqda», dedi Kuleba.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy allaqachon xalqaro hamjamiyatni Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligidan mahrum qilishga va uni barcha xalqaro tashkilotlardan chiqarib tashlashga chaqirgan. 27 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida u Moskvaning xalqaro huquq va tartibni buzishi mumkin bo‘lgan beshta harakatini keltirdi, ular orasida, jumladan, yadroviy shantaj ham bor. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy zarbalar bilan tahdid qilayotgan davlat BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lib qola olmaydi.

24 noyabr kuni Kiyev talabi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha favqulodda yig‘ilishida Volodimir Zelenskiy Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashida ovoz berish va Xavfsizlik kengashi qarorlariga veto qo‘yish huquqidan mahrum qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, «terrorchi davlat» (bir kun oldin Yevroparlament Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan olgan edi) uning «tajovuzkorligi va terrori» bo‘yicha hech qanday ovoz berishda qatnashish huquqiga ega emas.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligidan chiqarib yubormoqchi, ammo hozir bunday imkoniyatni ko‘rmayapti, shuning uchun u xalqaro platformalarda Moskvani yakkalab qo‘yishga intilishda davom etadi, dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per 15 dekabr kuni.

Volodimir Zelenskiyning AQShga tashrifidan oldin Vashington Ukrainaga 1,85 milliard dollar (1,74 milliard yevro) miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Shuningdek, Kiyevga Amerikaning quruqlikdagi mobil zenit-raketa kompleksining o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo va raketaga qarshi mudofaa tizimi batareyasi taqdim etilgani tasdiqlandi. Ukraina harbiylari u bilan ishlashga o‘rgatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid