Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yuzlab jinoiy ishlar va qatag‘onlar. Urush Rossiyadagi so‘z erkinligiga qanday ta’sir qildi?
2022 yil Rossiya uchun nafaqat urush bilan, balki keng ko‘lamli siyosiy repressiyalar bilan ham esda qoldi.
Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni boshlagach, Rossiya hukumati muxolif fikrdagi fuqarolar va mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi ichki repressiyani sezilarli darajada oshirdi. «OVD-Info» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida 20 mingdan ortiq kishi siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olingan, urushga qarshi chiqish aybi bilan 378 ta jinoiy ish ochilgan, 210 mingdan ortiq veb-saytlar bloklangan.
Qo‘lga olish va zo‘ravonlik
2022 yilning 1 yanvaridan 14 dekabriga qadar Rossiyada siyosiy sabablarga ko‘ra 20467 ta qamoqqa olish holati qayd etilgan (shundan 19478 nafari urushga qarshi pozitsiya uchun). Bu raqamlarga ko‘cha namoyishlari paytida yoki undan keyin, shuningdek, internetdagi yozuvlari yoki alohida davralardagi suhbatlari uchun hibsga olinganlar kiradi. Huquq himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon atigi 25 kun hech qanday siyosiy qamoqqa olishlarsiz o‘tgan.
Shuningdek, politsiya bayram va boshqa tadbirlarda profilaktik qamoqqa olish taktikasini joriy qildi. Moskva metrosidagi kuzatuv kameralariga o‘rnatilgan yuzni tanish tizimi orqali 141 kishi qo‘lga olindi.
Huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikdan faol foydalandi. Ular bahor va kuzdagi urushga qarshi namoyishlar paytida odamlarni yerga yiqitishdi, asfaltga yotqizishdi, dubinkalar bilan kaltaklashdi, bo‘g‘ishdi, ularning qorniga, yuziga, ko‘ziga tepishdi, boshlarini devorga urishdi, qo‘llarini bog‘lab, qayirishdi.
«OVD-Info» sakkiz yarim mingga yaqin ayollar turli ko‘rinishda urushga qarshi chiqqani uchun ma’muriy qamoq jazosi olganini qayd etgan. Bu ismlari ma’lum bo‘lgan barcha mahbuslarning taxminan 45 foizini tashkil etadi.
Qo‘lga olingan namoyish qatnashchilari orasida ayollar ulushi sezilarli darajada oshgan. 2021 yilda Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlovchi mitinglarda bu ko‘rsatkich 25-31 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda safarbarlik e’lon qilinganidan keyin boshlangan 21 va 24 sentabrdagi namoyishlarda bu miqdor mos ravishda 51 va 71 foizni tashkil qilgan.
Politsiya qamoqqa olinganlarga yordam berayotgan advokatlarga ham bosim o‘tkazmoqda. «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan buyon advokatlarga ruxsat bermaslik yoki boshqa turdagi bosimlar (shu jumladan tahdid va kuch ishlatish) o‘tkazish bo‘yicha kamida 275 holat qayd etilgan.
Jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish
Urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» (280.3) va u haqda «feyk» (207.3) ma’lumotlar tarqatish haqidagi moddalar Jinoyat kodeksida paydo bo‘ldi va urushga qarshi faollarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun keng qo‘llana boshlandi.
2022 yil 19 dekabr holatiga ko‘ra, «urushga qarshi ish» aybi bilan 69 hududdan jami 378 kishi sudlangan. «OVD-Info» bu hududlar qatoriga Qrim va Sevastopolni ham qo‘shgan, chunki Rossiya bu yerlar nazoratini o‘z qo‘lida ushlab turibdi va bu mintaqalardagi inson huquqlari buzilishi uchun javobgar hisoblanadi. Yuqoridagi ayb bilan sudlanganlar orasida 79 nafar ayol va 7 nafar voyaga yetmagan shaxs bor.
Jinoyat kodeksidagi yangi moddalar bo‘yicha allaqachon 51 kishiga hukm chiqarib bo‘lingan. Hibsga olinganlar orasida sobiq munitsipal deputatlar Aleksey Gorinov va Ilya Yashin ham bor, ular urushga qarshi bayonotlari uchun mos ravishda 6 yilu 11 oy va 8,5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Armiyani «obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha ham fuqarolar faol ravishda ma’muriy javobgarlikka tortilmoqda.
Jinoyat kodeksi bilan qatorda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham bir qator yangi moddalar kiritildi. Bular 20.3.3 (Rossiya federatsiyasi qurolli kuchlaridan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar) va 20.3.4 (Rossiya Federatsiyasiga nisbatan cheklov choralarini qo‘llashga chaqiriqlar) moddalaridir.
«Mediazona» nashri hisobotida aytilishicha, 19 dekabr holatiga ko‘ra, armiyani «obro‘sizlantirish» ma’muriy moddasi bo‘yicha 5518 ta ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, birinchi instansiya sudlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.3.4-moddasi bilan kamida beshta ish ko‘rib chiqilgan.
Huquq-tartibot organlari Ukrainadagi urush bilan bog‘liq har qanday fikr ifodasini armiyani «obro‘sizlantirish» deya baholamoqda. Jumladan, mitingni «sukunat bilan qo‘llash», harflar o‘rniga yulduzchalar qo‘yilgan banner yoki kolbasa pachkalari bilan bir kishilik piket uyushtirish, postlar, repostlar, xatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi surat va videolar, bayroqlar, kiyim-kechaklar predmetlari, tatuirovka va boshqalar odamlarni hibsga olish uchun asos bo‘lyapti.
Qolaversa, bo‘sh oq varaqalar ko‘tarish, jamoat joylarida urushga qarshi suhbatlar o‘tkazish, vatanparvarlik timsollarini buzib ko‘rsatish, devorlarga yozuv va graffiti yozish hamda shaxsning urushga qarshi pozitsiyasini aniq anglatmaydigan boshqa ifoda shakllari uchun ham javobgarlikka tortish holatlari mavjud.
Rossiya hukumati bir yil ichida 22 ta repressiv qonunni qabul qildi. Xususan, dekabr oyida ko‘plab jamoat joylarida, jumladan, vokzallar, ta’lim muassasalari binolari va hududlari, tibbiyot tashkilotlari, ijtimoiy ta’minot muassasalari, bolalar va sport maydonchalari hamda boshqa joylarda yig‘ilishlarni cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilindi.
Boshqa yuqori darajadagi siyosiy ayblovlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi va Navalniy shtabi bilan bog‘liq «ekstremistik jamoa» ishi bo‘yicha kamida 23 kishi ayblandi. Besh kishi, jumladan, Aleksey Navalniyning o‘zi va fondning sobiq operatori Pavel Zelenskiy ayni vaqtda boshqa ayblovlar bo‘yicha qamoq jazosini o‘tamoqda.
22 mart kuni Navalniy firibgarlik aybi bilan 9 yil muddatga qattiq rejimli koloniyada qamoq jazosini o‘tashga hukm qilindi. Unga qarshi yana kamida o‘nta jinoiy ish qo‘zg‘atilib, bittaga birlashtirildi. Koloniyada muxolifatchi to‘qqiz marta jazo izolyatoriga jo‘natildi va u yerda jami 90 kun o‘tkazdi.
«Novaya gazeta» jurnalisti va «Dissernet» asoschilaridan biri Andrey Zayakin Korrupsiyaga qarshi kurashish fondiga ming rubl o‘tkazgani uchun ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish (Jinoyat kodeksining 282.3-moddasi 1-qismi) moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortildi. Jurnalist mamlakatni tark etdi. Rossiyada u qidiruvga berilgan va sirtdan hibsga olingan.
«Pervyy otdel» huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda davlatga xiyonat qilishda gumon qilinib, kamida 20 kishi hibsga olingan va ulardan 11 nafariga ushbu modda bilan hukm o‘qilgan. Eng uzoq qamoq jazosi jurnalist Ivan Safranovga berildi. U 22 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Eng kam muddatni esa fizik Aleksandr Lukanin oldi, u 7,5 yilga qamaldi. Davlatga xiyonatda ayblanganlar eng ko‘p fizika sohasi vakillari bo‘ldi.
Davlatga xiyonat qilish ishi bo‘yicha qonunchilik yanada qat’iylashtirilmoqda. Davlat dumasi Jinoyat kodeksiga «davlat xavfsizligiga tahdid» bo‘yicha bir nechta yangi moddalarni qo‘shdi. Masalan, kodeksga xorijiy davlatlar bilan «yashirin» hamkorlik qilish, davlat xavfsizligiga qarshi qaratilgan harakatlarga ommaviy chaqiriqlar kabi moddalar qo‘shildi, diversiya uchun umrbod qamoq jazosi belgilash va uni terrorizm bilan tenglashtirish kabi o‘zgarishlar amalga oshirildi.
«Sova» tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Jinoyat kodeksining 354.1-moddasi («Natsizmni reabilitatsiya qilish») bilan 21 kishiga hukm chiqarilgan. Ushbu modda bo‘yicha 11 nafar shaxsga nisbatan ochilgan ish esa to‘xtatilgan.
Ukrainada urush boshlanishi bilan «natsizmni reabilitatsiya qilish» bo‘yicha ayblovlar soni keskin oshdi. Huquq faollari fikricha, bunday ayblovlarning aksariyati noqonuniy ravishda qo‘zg‘atilgan va ularni jinoiy emas, balki fuqarolik tartibida hal qilish kerak.
2022 yil davomida 20.3-moddasi (Natsistlar yoki ekstremistik tashkilotlar ramzlarini targ‘ib qilish yoki ommaviy namoyish qilish) bilan 106 marta noqonuniy javobgarlikka tortish holati qayd etilgan. Bunday o‘zboshimcha ayblovlarning katta qismi Ukraina bilan bog‘liq — «Slava Ukraina» shiori, «Chervona kalina» va «Bayraktar» qo‘shiqlarini Qrimdagi sudlar ekstremistik tashkilotlarining ramzlari sifatida talqin qilgan.
«Chet el agentlari», «ekstremistlar» va «nomaqbul shaxslar»
Yil davomida Adliya vazirligi tomonidan 75 material ekstremistik materiallar reyestriga kiritildi. Rossiya sudlari tomonidan kamida o‘nta tashkilot, jumladan, «Vesna», «1ADAT» va «SSSR fuqarolari» harakatlari «ekstremistik» deb e’lon qilindi.
16 dekabr holatiga ko‘ra, 2022 yil davomida Adliya vazirligi tomonidan 176 tashkilot va shaxslar «xorijiy agent» deb topilgan. «Xorijiy agentlar»ning 18 foizi Rossiyada jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiyaning «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonunlarini xalqaro standartlarga zid deb ataganiga qaramay, hukumat ularni qat’iylashtirishni davom ettirmoqda. Masalan, «xorijiy ta’sir» to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qilish orqali.
Yil davomida Rossiyada 23 ta tashkilot «nomaqbul» deb topildi. Muxolifatchi Andrey Pivovarov «nomaqbul tashkilot» faoliyatini amalga oshirish (Jinoyat kodeksining 284.1-moddasi) moddasi bo‘yicha to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Siyosatchi Vladimir Kara-Murza ham xuddi shu modda bilan ayblandi.
2022 yilda sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.33-moddasi («nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etish) bo‘yicha kamida 79 ish ko‘rib chiqilib, 42 marta ma’muriy jazo qo‘llangan.
Ommaviy axborot vositalarini bloklash va ta’qib qilish
«Roskomsvoboda» ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvaridan 16 dekabriga qadar Rossiyada 210 450 sayt bloklangan, ulardan 9 208 tasi «harbiy senzura» sabab yopilgan. 24 fevraldan so‘ng «Roskomnadzor» ommaviy axborot vositalaridan Ukrainadagi urush haqida faqat Rossiya mudofaa vazirligining rasmiy ma’lumotlarini e’lon qilishni va «maxsus harbiy operatsiya» atamasi o‘rniga «urush» yoki «bosqin» so‘zlari ishlatilgan materiallarni olib tashlashni talab qildi.
Yil davomida Rossiyadagi deyarli barcha mustaqil ommaviy axborot vositalari yopildi, bloklandi yoki hokimiyat tomonidan boshqa bosimlarga duch keldi. «Vajnyye istorii», The Insider va OCCRP tadqiqotchi jurnalistlar xalqaro assotsiatsiyasi «nomaqbul tashkilotlar» deb e’lon qilindi. 90 nafar jurnalist «xorijiy agent» deb topildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 fevraldan keyin 500 dan ortiq jurnalist Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan.
Kamida 34 nafar jurnalist «urushga qarshi ish»da ayblangan. 12 jurnalistga nisbatan tuhmat va tovlamachilik moddalari bo‘yicha ish ochilgan. Kamida 26 marta mustaqil ommaviy axborot vositalari yoki ularning bosh muharrirlari «feyk xabarlar» tarqatgani yoki Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirgani» uchun jarimaga tortilgan. 2022 yilgi tinch namoyishlarni yoritish jarayonida jurnalistlar jami 140 marta hibsga olingan. Kamida 17 jurnalist suddan tashqari ta’qibga uchragan.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:03 / 28.05.2025