Rossiya harbiy doiralaridagi bo‘linish. Prigojin Gerasimovga ham hujum qilmoqda
Ukrainaning Baxmut shahri uchun janglarda qatnashayotgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) yollanma askarlari Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ini front chizig‘iga o‘q-dorilar yetkazib bermaslikda ayblab, unga haqoratli murojaat yo‘lladi. XHK asoschisi va rahbari Yevgeniy Prigojin o‘z jangchilarini qo‘llab-quvvatladi. Bu Ukrainadagi urushda qatnashayotgan turli rus xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi birinchi qarama-qarshilik emas. Putin boshlagan urushning o‘n birinchi oyiga kelib bunday nizolar odatiy holga aylandi.
«Bosh shtab boshlig‘iga! Sen *****san va chert *******san. Bizda snaryadlar yo‘q, u yerda yigitlar biz uchun jon beryapti, biz esa bu yerda o‘tiribmiz, ularga yordam bera olmayapmiz», deya videomurojaat yo‘llagan ikki yuzi yopilgan, kamuflyaj libosidagi «Vagner» jangchilari.
Ular hayajon bilan snaryadlar yo‘qligidan noligan va yana Bosh shtab rahbariga yuzlangan.
«Biz bu yerda, Baxmut ostonasida butun Ukraina armiyasiga qarshi kurashyapmiz, sen qayerdasan? Bizga yordam ber, axir. Seni faqat bir so‘z bilan atash mumkin — *****. Bizning yigitlar o‘layotgan payt sizlar hammangiz qayerdasizlar?» deya qo‘shimcha qilgan yollanma jangchilar.
26 dekabr kuni «Vagner» kompaniyasi bilan bog‘liq Telegram-kanallarda Rossiya Bosh shtab boshlig‘i, armiya generali Valeriy Gerasimovga yo‘llangan ushbu murojaat tarqala boshladi.
So‘nggi oylarda yollanma qo‘shinlar rahbarlari va Rossiya harbiy qo‘mondonligi o‘rtasidagi bunday nizolar odatiy holga aylandi, ammo hozirgacha vagnerchilar general Gerasimovga qarshi bunday keskin gapirishga jur’at qila olmagandi.
Shu sabab bu video tarqalishi bilan ko‘plab harbiy-vatanparvarlik kanallari videoni «ukrain millatchilari» provokatsiyasi yoki «Ukraina axborot va psixologik operatsiyalar markazi ishi» deb atadi.
Ukraina axborot va psixologik operatsiyalar markazi telegramdagi rus vatanparvar-propaganda segmentida Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizliklari bilan bog‘liq barcha holatlarni uyushtiruvchi kuchlar sifatida ko‘rsatiladi.
«Vagner» asoschisi, peterburglik tadbirkor Yevgeniy Prigojin ushbu videomurojaat haqiqiyligini tasdiqlashga shoshilmadi.
«Men vaziyatni yaxshi bilaman va bu ma’lumotni OAV uchun izohlashning hojati yo‘q deb hisoblayman», — deya Prigojinning so‘zlarini yetkazdi uning matbuot kotibi.
Ammo 26 dekabr kuni kechqurun Prigojin videoni yozib olish ortida «Ukraina millatchilari» turgani haqidagi versiyani rad etdi va u bilan bog‘liq kanallarda quyidagi ovozli xabar e’lon qilindi: «Sizning savolingizga javob berish uchun men shaxsan yigitlar yoniga bordim. Siz hozir ukrainalik millatchilardan birortasini ko‘rdingizmi? Men ham ko‘rmadim. Bizning va ularning asosiy vazifasi Baxmutni qo‘lga kiritish. Menimcha Baxmutni egallashimizga yaqin qoldi. Afsuski, har qadamda paydo bo‘ladigan muammolarga kelsak, umid qilamanki, biz ularni hal qilamiz. Va hal qilishga majbur qilamiz. O‘sha shov-shuvli videoda ukrainalik millatchilar yo‘q».
Audioyozuvga qo‘shimcha ravishda e’lon qilingan qisqa videoda Yevgeniy Prigojin harbiy boshpanada turib, yollanma askarlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan tabriklagan va xona issiq ekanligini aytgan.
«Issiq, quruq, hech qayerdan hech nima tomchilamaydi, hamma narsa bor», deya uning gapini ma’qullagan yollanma jangchilar.
Baxmut — ikkinchi Verden
«Menimcha, bu mudofaa vazirligi va Prigojin o‘rtasidagi ziddiyat. Va u tobora kuchayib bormoqda», degan hozirda frontning boshqa tomonidan jang qilayotgan sobiq vagnerchi. U o‘z ismi sir saqlanishi evaziga BBC nashri bilan suhbatlashishga rozi bo‘lgan.
So‘nggi bir necha oydan beri «Vagner» asoschisi o‘zining hujum otryadlari armiya tuzilmalariga qaraganda samaraliroq ekanini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Ammo armiya qo‘shinlari bilan solishtirganda yollanma askarlar harakatlari muvaffaqiyatliroq ekani aniq emas.
Bahor o‘rtalarida vagnerchilar 20 ming aholi yashovchi Popasnaya shahrini deyarli bir oy davomida o‘qqa tutdi va uni yer bilan yakson qildi. Popasnaya bosib olingach, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shahardan «hatto kul ham qolmagani»ni aytib o‘tdi. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «Luhansk xalq respublikasi» hukumati esa Popasnaya «deyarli butunlay vayron qilingani» va, ehtimol, «qayta tiklamasligi»ni tan oldi.
Shundan so‘ng «Vagner» otryadlari boshqa armiya tuzilmalari bilan birgalikda iyul oyi boshida Severodonetsk va Lisichanskka qilingan hujumlarda qatnashdi. 3 iyul kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu Vladimir Putinga Luhansk oblastining butun hududi qo‘lga kiritilgani haqida xabar berdi. Bu Rossiya armiyasi ushbu urushda Ukraina hududiga chuqur kirib borgan oxirgi holat edi.
Iyul oyi boshidan yollanma askarlarning otryadlari frontning Baxmut sektorida to‘plana boshladi va mana yarim yildirki, shaharga bostirib kirishga harakat qilmoqda. Yozda ushbu hujum operatsiyasi quyidagi operatsion rejaga ega edi: Baxmut egallangandan so‘ng Rossiya armiyasi ikki tomonlama aglomeratsiyaga (intensiv iqtisodiy, mehnat, madaniy va jamoaviy aloqalar bilan birlashtirilgan shahar yoki aholi punktlarining ixcham birlashmasi) hujum qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Ular Slovyansk-Kramatorsk-Drujkovka-Konstantinovka va Donetsk oblastining ma’muriy chegaralariga chiqishni rejalashtirgan edi. Bu reja amalga oshishi mumkin edi, chunki o‘sha paytda rus armiyasi Xarkiv oblastining sharqiy qismini nazorat qilayotgan va Izyum yaqinida ancha katta guruh to‘plagan edi.
Ammo sentabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatli qarshi hujum operatsiyasi o‘tkazib, Balakliya, Kupyansk, Izyum, Liman va Svyatogorskni qaytarib oldi. Shundan so‘ng Baxmut qamali o‘zining oldingi strategik ma’nosini yo‘qotdi.
Ammo Prigojinning bo‘linmalari Baxmutni qo‘lga kiritish g‘oyasidan voz kechmadi va hujumni davom ettirib, bu yerni ikkinchi Verdenga aylantirdi (Verden jangi — Birinchi jahon urushidagi eng yirik va qonli harbiy janglardan biri, u tarixga vayronagarchilik urushining namunasi sifatida kirgan).
General Gerasimov o‘q-dorilarni yetkazib berishni kechiktirish orqali frontning ushbu sektorida yollanma askarlar harakatini to‘xtatishga qaror qilganmi yoki Yevgeniy Prigojin Baxmutga olti oylik muvaffaqiyatsiz hujum uchun javobgarlikni Bosh shtabga yuklashga qaror qilganmi, hozircha noma’lum. Biroq Ukrainadagi urushning 11-oyiga kelib, frontdagi janglarda qatnashayotgan Rossiya kuchlari o‘rtasidagi bunday nizolar odatiy holga aylanib bo‘ldi.
Aybdorlarni qidirish
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishining birinchi kunidanoq, harbiy harakatlarda Rossiyaning turli xavfsizlik kuchlari ishtirok etishni boshladi: armiya qismlari, Rosgvardiya bo‘linmalari, Checheniston Respublikasi otryadlari, Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari, «Vagner» va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublikalar»ning safarbar qilingan qo‘shinlari.
Bu tuzilmalarning barchasi o‘rtasida ma’lum bir ichki raqobat borligi va ichkarida boshlangan urushning ma’nosini tushunmaydiganlar yetarli ekani 24 fevraldayoq ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda BBC nashri kuch tuzilmasidagi manbasi orqali Checheniston rahbari Ramzon Qodirov va Checheniston milliy gvardiyasi rahbari o‘rinbosari Daniil Martinov o‘rtasidagi suhbat audioyozuvini qo‘lga kiritgandi.
Suhbatda Martinov ko‘plab komandirlar hujum arafasida operatsiya maqsadlaridan xabar topgach hayratda qolganini tan olgan. Ularning shunchaki Belarus hududidagi mashg‘ulotlarda qatnashayotganliklariga ishonchi komil bo‘lgan. Ammo Martinov Qodirovga u uchun «Maydan yoki Xreshatik ko‘chasi»ni tayyorlashni va’da bergan.
Kiyevga qilingan tezkor hujum muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Ukraina qurolli kuchlari hech qanday tayyorgarliksiz Ukrainaga tashlangan Rosgvardiya kolonnalari va jangchilarini yo‘q qilgach, RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rosgvardiya qo‘mondoni Viktor Zolotov o‘rtasida mojaro yuz bergani haqida ko‘p gapirildi. Xususan, «Dojd» telekanali boshlovchisi Mixail Fishman o‘z ko‘rsatuvlaridan birida bu haqda gapirgan, biroq bu voqeaning ishonchli dalillari yo‘q.
Ammo mart oyi oxirida 2014 yildan beri o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»ning «Vostok» batalonini boshqarib kelayotgan Aleksandr Xodakovskiy va chechen bo‘linmasi komandiri o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida OAVda keng tarqaldi.
Bosqinning dastlabki oylarida Ramzon Qodirov aynan uning jangchilari oldingi chiziqda maksimal muvaffaqiyatga erishganini ta’kidlashga harakat qildi. Biroq urushda qatnashgan harbiy xizmatchilarning aytishicha, «qodirovchilar» odatda oldingi chiziqda emas, uchinchi chiziqda joylashgan va asosan Checheniston rahbari uchun videolar tayyorlash bilan band bo‘lgan.
22 mart kuni Davlat dumasidagi chechenistonlik deputat Adam Delimxonov Xodakovskiydan chechen jangchilari haqida aytgan gaplari uchun uzr so‘rashni va ularning frontdagi yutuqlarga qo‘shgan hissasini qayd etishni talab qildi.
Mart oyida Rossiya maxsus xizmatlari kuzatuvchisi Andrey Soldatov harbiylar Ukrainadagi vaziyat haqida noto‘g‘ri xabar berganlikda ayblashi ortidan FXXning bir qancha xodimlari ishdan ketgani va hatto qamoqqa olinganini aytdi. Mudofaa vazirligi aynan ular sabab Kiyev blitskrigi amalga oshmaganini da’vo qilgan. FXXdagi o‘zgarishlar haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q.
O‘sha payt, mart oyida Vladimir Putin prokuraturaga muddatli harbiy xizmatchilarni Ukrainaga jo‘natgan aybdorlarni jazolash haqida ko‘rsatma berdi. Dastlab Rossiya hukumati urushda faqat shartnomaviy askarlar qatnashishini va’da qilgandi. Ushbu ishning keyingi tafsilotlari e’lon qilinmadi. Biroq iyul oyiga kelib Rossiyaning to‘rtta harbiy okrugidan uchtasida qo‘mondonlar o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Va halok bo‘lgan harbiylar yaqinlarining BBC nashriga aytishicha, G‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning katta qismi uning okrugi hissasiga to‘g‘ri kelgani tufayli lavozimidan olib tashlangan.
Yoz o‘rtalarida o‘z lavozimini saqlab qolgan yagona odam, Chernihivga muvaffaqiyatsiz hujum qilgan o‘g‘lini mukofotlagan, sentabr oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv atrofidagi muvaffaqiyatli qarshi hujum operatsiyasidan so‘ng, tanqidlar ostida qolgan Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Lapin edi.
«Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin va Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Lapinni bu yo‘nalishda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda va Limanni tashlab chiqqanlikda aybladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oktyabr oyi oxirida general Lapin uch haftalik ta’tilga chiqqan va aftidan hali ham qaytib kelmagan.
«Vatanparvar» blogerlar o‘sha paytda mudofaa vazirligining yuqori rahbariyatini tanqid qila boshladi, ammo aniq ismlarni aytmadi. Oktyabr oyi boshida general Sergey Surovikin Ukraina hududidagi butun harbiy operatsiya qo‘mondoni etib tayinlandi. Ba’zi ekspertlar uning samaradorligi haqida yozgan bo‘lsa, boshqalari, ehtimol Bosh shtab shu yo‘l bilan Surovikinni Rossiya armiyasining keyingi barcha chekinishlari uchun javobgar qilmoqchi ekanini ta’kidladi. Ular buni uzoq kutishiga to‘g‘ri kelmadi: tez orada general Xersonni tark etish haqidagi «qiyin qaror»ini e’lon qildi.
Navbatdagi mojarodan keyin qandaydir kadrlar o‘zgarishi bo‘lishini oldindan taxmin qilishga hali erta, biroq hali hech kim Rossiya Bosh shtabi rahbarini ochiqchasiga “*****” deb atamagan.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024