O‘zbekiston | 16:17 / 29.12.2022
10257
2 daqiqa o‘qiladi

«Axborot kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasidagi «xavfli modda»

So‘z erkinligi, barcha erkinliklar kabi, juda nozik yutuqdir. Bu – barcha tomonlar: davlat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning birgalikdagi umumiy hamda doimiy ishi.

Nozima Davletova, Mass-media fondi direktori

29 dekabr kuni AOKA tomonidan tayyorlangan «Axborot kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasi yakunlanadi.

Bunday kodeksni yaratish g‘oyasining o‘zi – juda ajoyib. U OAV faoliyatini boshqarishi, media to‘g‘risidagi qonunlarni tartibga solishi, jamoatchilik munosabatlarining barcha ishtirokchilarida so‘z erkinligi chegaralari haqida aniq tushunchalarni shakllantirishi kerak. Lekin meni, qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishidan oldin, yakuniy hujjatning ayrim bandlari davlat nazoratchisi tomonidan Mass-media fondiga taqdim etilmagani tashvishlantiryapti.

«Jamiyat, davlat va davlat ramzlariga nisbatan tahqirlovchi xarakterga ega yoki hurmatsizlik (shuningdek, behayo so‘zlarni ishlatgan holda) ifodalangan axborotni cheklash to‘g‘risida»gi 45-modda xavflidir.

Biz, har qanday fuqaroni jinoyatchiga aylantira oladigan bunday mavhum ta’riflar bilan so‘z erkinligini himoya ham qila olmaymiz va albatta, mustahkamlay ham olmaymiz. Shundoq ham jurnalist va blogerlarning o‘z kuchli senzurasi qobig‘iga o‘ralib qolishi va ulardagi mavjud qo‘rquv haqiqiy so‘z erkinligi rivojlanishiga faqatgina to‘siq bo‘lishi mumkin xolos.

Tartib va qonunlarga rioya etish bu – har ikki tomonning mushtarak harakatlari bilan amalga oshirilsa, samarali kechadi. Huquqiy jamiyat uchun davlat idoralarining ochiqligi, jurnalistikaning yuqori standartlari, mediasavodlilik qonunlardagi noaniq tushunchalardan ko‘ra sermahsulroqdir. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi so‘z erkinligi to‘g‘risidagi har qanday qonun hujjatlariga aniq va tushunarli ta’riflarni kiritishga chaqiradi. Axir, maqsad taqiqlar jamiyatini emas, balki huquqiy jamiyatni yaratishda-ku, shunday emasmi?

Nozima Davletova, Mass-media fondi direktori

Mavzuga oid