Shamol bo‘lmasa daraxt uchi qimirlamaydi. Yaponiyaga ishga jo‘natishdagi korrupsion urinishlar tasdig‘ini topmoqda
Farg‘onada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi xodim talabadan ta’lim tashkiloti obro‘sini to‘kuvchi videomurojaat qilib berishini so‘ragan. Bu kabi “o‘yin”lar mazkur ta’lim markazi ochilgan boshqa tumanlarda ham yuz berayotgan bo‘lishi mumkin.
Kun.uz o‘zbekistonliklarni chet elga yuborish bilan bog‘liq muammolar haqida ko‘rsatuv qilgandi. Unda Yaponiya ish bozori ba’zi sabablarga ko‘ra O‘zbekiston uchun yopilishi mumkinligi, bunda Janubiy Koreyaga ishchi yuborish bilan bog‘liq avvalroq yaratilgan korrupsion sxema Yaponiya yo‘nalishida ham tatbiq qilinayotgani alomatlari haqida so‘z yuritilgandi. Xususan prezidentga ikki yil avval prezentatsiya qilingan “Nippon Educational Academy Japan” kompaniyasining O‘zbekistondagi bo‘limi faoliyatiga qanday to‘sqinlik qilinayotgani, bu bilan oxirgi yillarda qilingan katta ko‘lamdagi ishlar samarasi yo‘qqa chiqishi mumkinligi aytilgandi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ko‘rsatuvga munosabat bildirib, vazirlik o‘zi amalga oshirayotgan ishlarni, ko‘rsatuvdagi ma’lumotlarga qo‘shilmasligini ma’lum qildi va “Nippon Academy”ning kamchiliklarini keltirdi.
Bu orada Kun.uz Bandlik va mehnat munosabatlari vaziridan intervyu oldi (intervyu tez kunlarda omma e’tiboriga havola etiladi) va unda vazir tizim yaxshi ishlayotgani, tilga olingan markaz faoliyatiga to‘sqinlik qilinmayotganini, ko‘rsatuvda keltirilgan holat mavjud emasligini aytdi. Ammo...
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Farg‘ona viloyati Toshloq tumani bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimi “Nippon Academy” ta’lim markazi imtihonidan yiqilgan talabaga qo‘ng‘iroq qilib, “ta’lim markazi meni yaxshi o‘qitmadi, shu uchun imtihondan yiqildim” degan ma’noda videomurojaat olib, jo‘natishini so‘ragan. Rad javobini olgandan keyin, bu safar “yaxshi o‘qitishgan, faqat o‘zim ololmaganman (imtihondan o‘tishga bilimim yetmagan ma’nosida – tahr.)” degan videomurojaat qilib, jo‘natishini so‘ragan va buni “tepadan so‘rashyapti-da” deb izohlagan.
Toshloq tumanidagi yana bir holat: mazkur yapon tili markazi imtihonidan yiqilgan kishiga bandlikka ko‘maklashish bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilinib, xuddi shunday – “markaz yaxshi o‘qitmadi, shu uchun yiqildim” deb video yozib jo‘natish so‘ralgan va rad javob olingan. Bu kishi bilan ham bog‘landik, u yapon tili o‘qituvchisi yaxshi o‘qitganini, uslubi ham yaxshi ekanini, faqat yoshi kattaroq bo‘lgani sabab, yoshlarga yetolmayotganini, biroz ball yetmaganini, ammo negadir undan bunday video qilib jo‘natishi so‘ralganini aytdi.
Bundan tashqari ushbu ta’lim tashkiloti o‘qituvchilariga qo‘ng‘iroqlar qilinib, vazirlik bo‘linmalari xodimlari ulardan odatda so‘rashmaydigan, qolaversa ularning vakolatiga kirmagan hujjatlarni so‘rashgan.
Bu hozircha faqat bitta tuman – Toshloqdan bizga yetib kelgan ma’lumotlar. Shu tobda mazkur ta’lim markazi ochilgan ko‘plab tumanlardagi talabalarga ham bunday “iltimos”lar bo‘layotganini taxmin qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Janubiy Koreyaga ishga borish bilan bog‘liq yuzaga kelgan achinarli ahvol haqida hamda bu korrupsion sxemani O‘zbekistonning Yaponiya mehnat bozoriga kirishi sohasida ham tatbiq etishga urinilayotgani haqida surishtiruv qilgandi. Mazkur holat yuzasidan bizga kelayotgan ma’lumotlarni Bosh prokuraturaga taqdim qilishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
21:12 / 20.11.2024
Sankt-Peterburgda migrantlar uchun patent narxi 30 foizga oshadi
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024