Jahon | 01:01 / 30.12.2022
13419
2 daqiqa o‘qiladi

Yevgeniy Prigojin «Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya» nominatsiyasida «Yil odami» deb topildi

Foto: TASS

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni «Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya» nominatsiyasida «Yil odami» deb e’lon qildi.

«Yevgeniy Prigojin bu yil Rossiyadagi eng dahshatli voqealarning tirik ramziga aylandi. Iflos pullar, ibtidoiy zo‘ravonlik, surbetlik va hatto qonun oldida jazosiz qolish - davlat tomonidan ma’qullanayotgan korrupsiyaning barcha hosilalari uning siymosida birlashdi», deyiladi OCCRP hisobotida.

OCCRP bosh muharriri va hammuassisi Dryu Sallivan so‘zlariga ko‘ra, Prigojin bu mukofotga «Rossiyaning shafqatsiz va korrupsion ta’sirini kengaytirishga qaratilgan faoliyati, Vladimir Putin uchun talon-taroj qilish va muxoliflarni jazolashga tayyorligi» uchun sazovor bo‘lgan.

Markaz hisobotida Prigojin tomonidan asos solingan «Vagner» XHK alohida e’tibor ostiga olingan bo‘lib, u «dunyo bo‘ylab mojaro zonalarida qoldirgan qonli izlari bilan tanilgani» aytilgan. 

«Vagner» jangchilari qayerga bormasin, albatta inson huquqlari buzilishi kuzatiladi. Suriyadan Kamerungacha, Somalidan Maliga qadar ular zo‘rlash, talonchilik, qotillik va qiynoqlarda ayblanmoqda», deyiladi OCCRP hisobotida.

OCCRP 2012 yildan beri uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya bo‘yicha «Yil odami» mukofotini «berib keladi». 2014 yilda markaz ushbu mukofotni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga, 2021 yilda esa Aleksandr Lukashenkoga «topshirgan».

Mavzuga oid