Jahon | 15:09 / 31.12.2022
15318
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Haaga sudidan Isroil harakatlariga huquqiy baho berishni so‘radi

Foto: Getty Images

Xalqaro sudga murojaat qilingan rezolyutsiyani BMT Bosh assambleyasining 87 a’zosi qo‘llab-quvvatladi, 26 a’zo, jumladan Germaniya, AQSh va Isroilning o‘zi qarshi chiqdi.

Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi Haagadagi Xalqaro suddan Isroilning G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi Falastin hududlarini bosib olishining huquqiy oqibatlarini baholash va xalqaro hamjamiyat ushbu huquqiy vaziyatda qanday harakat qilishi kerakligi haqida tavsiyalar berishni so‘radi. Tegishli rezolyutsiya uchun 31 dekabrga o‘tar kechasi 87 mamlakat ovoz berdi. Yana 26 davlat, jumladan Germaniya, AQSh va Isroil qarshi chiqdi, 53 davlat betaraf qoldi.

Xalqaro sud BMTning davlatlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqadigan oliy sud organi bo‘lib, uning qarorlari majburiydir, garchi sud bu qarorlarni ijro etish huquqiga ega emas. Haagadagi sud oxirgi marta 2004 yilda Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni ko‘rib chiqib, Isroilning Falastin hududlarini ajratib turuvchi ajratuvchi to‘sig‘ini noqonuniy deb topgan edi. Isroil sudni siyosiy motivlarda ayblab, bu qarorni tan olmadi.

BMT Bosh assambleyasida rezolyutsiyaga ovoz berish arafasida Isroil bu harakatga qarshi chiqdi. «Hech bir xalqaro tashkilot yahudiy xalqini o‘z vatanida «bosqinchi» deb qaror qila olmaydi. Ma’naviy jihatdan oqsoq va siyosiylashgan BMTdan mandat olgan sud organining har qanday qarori mutlaqo noqonuniydir», - dedi Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan. U Bosh assambleyaning ushbu yig‘ilishiga kelmadi, Qo‘shma Shtatlar Isroil nomidan ovoz berdi. O‘z navbatida, Falastinning doimiy vakili Riyod Mansur rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid