O‘zbekiston | 09:55 / 04.01.2023
18249
4 daqiqa o‘qiladi

Ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgan qonli statistika

Yo‘l yo‘q, lekin yo‘l qoidasi bor. Yo‘l chizig‘i yo‘q, ammo uni kesib o‘tganlik uchun jarima yozadigan kameralar bor. Yo‘l yomonligi oqibatida avariya sodir etilsa, jazo haydovchilarning bo‘ynida. Yillarki, ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgan dahshatli avariyalarda kim ko‘proq aybdor? Kun.uz shu mavzu muhokamasi yuzasidan yo‘l harakati faoli, advokat Kamoliddin Baxavadinov bilan suhbatlashdi.

O‘zbekistonda avariyalar va ularning ayanchli oqibatlari bilan bog‘liq dahshatli raqamlar yillarki salbiy ko‘rsatkichlarini o‘zgartirmay kelmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, yigirma yillardan oshib ham, mamlakatimizda har o‘n minginchi odam avariyalar sabab halok bo‘lmoqda. Ijobiy o‘zgarish yo‘q.

Yo‘l harakati faoli, advokat Kamoliddin Baxavadinovga ko‘ra, YTHlarning ko‘p sodir bo‘lishiga asosan 3 ishtirokchi aybdor:

“Bugungi kunda asosiy aybdorlar sifatida 3 ta figurantlarni sanagan bo‘lardim. Ular qotil yo‘l infratuzilmasi, qotil haydovchilar va o‘z taqdiriga befarq yo‘lovchilar. Mana shu uch ishtirokchi dahshatli statistikani “bezab” beryapti. “Qotil yo‘l infratuzilmasi” odamlar qoidaga amal qiladimi-yo‘qmi, baribir ularning o‘limiga sabab bo‘ladi. “Qotil haydovchilar” – yo‘ldagi barcha qonun-qoidalarni inkor etadigan, qoidalar ularni buzish uchun yaratilgan deb hisoblovchilar. “10 ta jonim bor, mening hayotim kafolatlangan. Men o‘limdan sug‘urtalanganman” qabilida belgilanmagan yo‘llardan qo‘rqmasdan kesib o‘tuvchilar esa yuqorida tilga olingan o‘z hayotiga befarq yo‘lovchilardir”.

 Kamoliddin Baxavadinov, Foto: Kun.uz

2022 yilning o‘zida ikki yuz mingdan ortiq hamyurtlarimiz vafot etgan bo‘lsa, shulardan ikki mingga yaqini aynan yo‘l-transport hodisasi sababli olamdan o‘tgan. Bu esa har yuzinchi o‘lim avariya tufayli deganidir. Ijobiy o‘zgarish deyarli sezilmayapti.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki olti oyida sodir bo‘lgan YTHlarning 45 foiziga yo‘l infratuzilmasining, ya’ni piyodalar yo‘lakchasi, veloyo‘laklar, yo‘l to‘siqlari-yu yoritkichlarning yaxshi tashkil etilmagani sabab bo‘lgan. Qolgan 55 foizi belgilangan tezlikka amal qilmaslik, haydovchining tajribasizligi, oraliq masofani saqlamaslik, piyodalarga yo‘l bermaslik va shu kabi sabablar bilan yuz bergan. 

Ushbu davrda avariyalar asosan yengil mashinalar ishtirokida sodir etilgan. YTHlarning 65,7 foizi kunduz paytlarida, haftaning payshanba va shanba kunlari ko‘proq yuz bergan. Bunda 35 yoshgacha bo‘lgan yo‘l harakati ishtirokchilarining hissasi eng ko‘p, ya’ni 70 foizdan ortiq. Piyodani urib yuborish, to‘qnashuv, ag‘darilish va to‘siqqa urilish kabi holatlar 3 500 nafarga yaqin erkaklar va 100 dan ortiq ayollar ishtirokida yuz bergan.

“Men uchun shaxsan erkak haydovchi, ayol haydovchi degan tushunchalar yo‘q. Men uchun haydovchi bor. Yo‘l imtiyozlar bermagan hech kimga. Imtiyozni so‘rab olaman, deganlarning taqdiri ayanchli yakun topgan. Ular hozir oramizda yo‘q”, — deydi Kamoliddin Baxavadinov.

Bizga balandparvoz gaplar emas, xavfsiz yo‘llar, xavfsiz harakat va shu bilan birga tartib-intizomli yo‘l harakati ishtirokchilari kerak. Balki inson o‘limi bilan bog‘liq ayanchli raqamlarda biz aybdor emasdirmiz, lekin bunday holatlar haqida ayyuhannos solish, bu orqali kelgusidagi shunday fojialarning oldini olishga barchamiz mas’ulmiz.

Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Tasvirchi, montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid