O‘zbekiston | 14:17 / 05.01.2023
15140
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda ovchilar ekologiya inspektoriga jarohat yetkazdi

Ovchilar Paxtakor tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorining noqonuniy ov qilmaslik bo‘yicha talabiga javoban, uni o‘z avtomobilida olib ketib, tan jarohati yetkazgan holda Zafarobod tumani markaziga tashlab ketishgan.

Foto: KUN.UZ

Jizzax viloyati Paxtakor tumani ekologiya davlat inspektoriga nisbatan ovchilar tomonidan tan jarohati yetkazildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Ismatilla Do‘stmurodov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 2 yanvar kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumani ekologiya bo‘limi davlat inspektorlariga tumandagi Akmal Ikromov SIU hududida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan hududda noqonuniy ov qilish holatlari kuzatilayotgani va ushbu ovchilarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi so‘rab murojaat qilinadi.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Paxtakor tumani ekologiya davlat inspektorlari H.Suvonqulov va B.Meliyevlar ushbu fermer xo‘jaligi hududiga 2023 yilning 2 yanvar kuni taxminan 15:30 lar atrofida yetib borishadi. Hududda oq rangli davlat raqami 25 V 024 GA belgili Nexia-1 rusumli avtoulovda uch nafar shaxs ov qurollari bilan ov qilib yurgan holati aniqlanadi. Shundan so‘ng inspektorlar tomonidan ovchilardan tegishli hujjatlar so‘ralganda, ular davlat inspektorlariga qarshilik ko‘rsatib, hujjatlarni taqdim etmasdan avtoulovni harakatlantirishni boshlaydilar. Inspektor B.Meliyev avtoulovning orqa eshigini ochib, ularni to‘xtatishga urinadi. Lekin inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan ovchilar inspektor B.Meliyevni avtoulov saloniga tortib olib, uni Zafarobod tumaniga tomon harakatlantirib ketadi.

Davlat inspektori X.Suvonqulov avtoulov orqasidan kuzatib boradi va inspektor B.Meliyevning tan jarohati yetkazilgan holda Zafarobod tumani markaziga tashlab ketilgani guvohi bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda ovchilarning shaxsini aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat IIB tomonidan surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan. Davlat inspektori B.Meliyev esa RShTTYoM Jizzax viloyati filialida tibbiy yordam olmoqda. 

Mavzuga oid